Jahon | 10:02 / 20.08.2022
12016
3 daqiqa o‘qiladi

VVS va «Mediazona» Ukrainada halok bo‘lgan 5700 nafar RF harbiysining ismini aniqladi

Jurnalistlar rasmiylar, OAV va halok bo‘lganlarning yaqinlari xabarlari asosida statistik ma’lumotlarni to‘pladi. Halok bo‘lgan 5701 rus askaridan 966 nafari zobitlar bo‘lgan.

Foto: NPR

19 avgust, juma kuni Britaniyaning VVS mediakompaniyasi rus xizmati va «Mediazona» nashri jurnalistlari ko‘ngillilar jamoasi bilan hamkorlikda Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni haqidagi yangi ma’lumotni e’lon qildi. 19 avgust holatiga ko‘ra, 5701 rus askari halok bo‘lgani tasdiqlandi. 

Ma’lumotlar mahalliy hokimiyat organlari, OAV va halok bo‘lganlarning yaqinlari xabarlari asosida to‘plangan. Rossiya mintaqalari rahbarlari harbiylarning o‘limi haqida omma oldida tobora kamroq gapiryapti. Jurnalistlar hisob-kitobiga ko‘ra, urush qurbonlari ro‘yxatida Rossiyada haqiqatan ham dafn etilganlardan 40-60 foizga kamroq harbiylar ismi qayd etilgan.

Ukrainada halok bo‘lgan 5701 nafar rus askaridan 966 nafari (17 foizi) zobitlar bo‘lgan. Yo‘qotishlarning eng katta qismi kichik ofitserlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Bundan tashqari, halok bo‘lganlar orasida to‘rt nafar rossiyalik general va 34 nafar polkovnik ham bor. Shu bilan birga, rossiyalik generalning o‘limi haqidagi so‘nggi xabar iyun oyida tarqalgan edi. 

Tasdiqlangan qurbonlar soni bo‘yicha Rossiya mintaqalari orasida Dog‘iston (270 kishi), Buryatiya (245 kishi) va Krasnodar o‘lkasi (206 kishi) yetakchilik qilmoqda. Shu bilan birga, Moskvada faqat 14 ta o‘lim holati ma’lum, garchi poytaxt RF aholisining deyarli to‘qqiz foizini tashkil qiladi. 

Mutlaq yo‘qotishlar soni bo‘yicha piyoda askarlar va desantchilar birinchi o‘rinda turibdi. Qurbonlar sonining eng katta o‘sishi Rossiya rasmiylari ko‘ngillilar deb ataydiganlar orasida qayd etilgan. Shuningdek, 66 nafar harbiy uchuvchi halok bo‘lgani haqida ma’lumot bor. 

RF Mudofaa vazirligi oxirgi marta 25 mart kuni halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni haqida ma’lum qilgan edi. O‘shanda 1351 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgani bildirilgan. UQK bosh shtabi Rossiya qo‘shinlarining o‘rnini bosib bo‘lmaydigan yo‘qotishlari sonini 44 mingdan ortiq kishiga baholamoqda. AQSh Mudofaa vazirligining avgust oyi boshidagi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainada 70 mingdan 80 minggacha askarini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid