Jahon | 23:07 / 25.08.2022
12006
2 daqiqa o‘qiladi

Haaga YeIdan «Gazprom» o‘rniga boshqa gaz yetkazib beruvchi topilmaguniga qadar sanksiyalarni ortga surishni so‘ramoqchi

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi kiritgan sanksiyalarga ko‘ra, YeI mamlakatlari Rossiya kompaniyalari bilan amaldagi shartnomalarni 10 oktyabrgacha bekor qilishi shart.

Foto: Reuters

Haaga Yevroittifoqdan «Gazprom» o‘rniga boshqa gaz yetkazib beruvchi topilmaguniga qadar munitsipalitetni Rossiyaga qarshi sanksiyalardan istisno qilib turishni so‘ramoqchi, deb xabar berdi Reuters agentligi.

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi kiritgan sanksiyalarga ko‘ra, YeI mamlakatlari, jumladan, Niderlandiya Rossiya kompaniyalari bilan amaldagi shartnomalarni 10 oktyabrgacha bekor qilishi shart.

Bu esa Haaga munitsipaliteti mazkur muddatga qadar «Gazprom» o‘rniga boshqa gaz yetkazib beruvchini topishi kerakligini anglatadi.

Shahar hokimiyati iyun va iyulda umumevropa tenderini e’lon qilgani, lekin tenderda qatnashish uchun birorta ham gaz yetkazib beruvchidan ariza tushmaganini bildirdi.

Gaz yetkazib beruvchilar bilan muzokaralar orqali kelishuvga erishish mumkin, biroq bu 10 oktyabrdan avval amalga oshmaydi, deb yozdi shahar kengashi a’zosi Saskiya Bruins.

U 2023 yilning 1 yanvarigacha sanksiyalar borasida Haaga munitsipaliteti uchun istisno qilishni so‘rashini aytdi.

Bruins Haaga o‘z tender o‘tkazish sharti o‘z vaqtida bajarilgani, ammo ijobiy natijaga erishilmagani sababli Yevroittifoq bu so‘rovga rozilik berishiga ishonch bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, 1 yanvardan kuchga kiradigan har qanday yangi shartnoma «Gazprom» bilan tuzilgan hozirgi shartnomaga nisbatan ancha qimmat bo‘ladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid