Senatning 29-yalpi majlisida Oila kodeksiga nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganlaridan so‘ng 1 oylik muddatni kutmasdan istalgan vaqtda nikohdan o‘tishlari mumkinligi nazarda tutilgan qonun rad etilgandi. Senatorlar bu normani kiritishda takliflar yetarli darajada asoslantirilmagan deb topgandi.

Deputat Mavludaxon Xo‘jayeva yuqori palatadan qaytgan qonunni uning tashabbuskori bo‘lgan Adliya vazirligiga qaytarish va hujjat Senatning e’tirozlarini tahlil qilgan holda takomillashtirilgandan so‘ng quyi palataga qayta kiritishni taklif qildi. Biroq bu taklif boshqa deputatlarning qarshiligiga uchradi.

“Senat tomonidan bildirilgan e’tirozlarning hech biri to‘liq asoslantirilmagan”

Doniyor G‘aniyev / Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 24 avgust kungi yalpi majlisi efiridan skrinshot

“Men Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining xulosasiga qo‘shilmayman. Senat tomonidan berilgan xulosa bilan ham tanishib chiqdim. Senat tomonidan bildirilgan e’tirozlarning hech biri to‘liq asoslantirilmagan.

Qolaversa, bu ancha liberal, fuqarolarga yengillik yaratish ko‘zda tutilgan qonun, bu muhokamalar paytida ham aytilgandi. Buni qonunni yalpi majlisda qo‘rib chiqishga tayyorlagan qo‘mita raisining o‘zi ham bir necha marta ta’kidlagandi. Bu hujjat amaliyotdagi muammolar, xususan, korrupsiyaning oldini olishi qayd etilgan.

Bundan tashqari, adliya vaziri [qonun loyihasi muhokama qilingan majlisga] kelib kelajakda nikohni DXMlar yoki notariuslar tomonidan qayd etilishi mumkinligi, bu haqda prezident qarori loyihasi tayyorlanganini aytgandi.

Senatning e’tirozida shunday yoziladi: “Amaldagi qonunda nikohlanuvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘z roziligi bilan o‘tadi deb yozilgan, biz qabul qilgan qonunda esa o‘z ixtiyori bilan deb yozilgan”. Mening nazdimda “o‘z roziligi bilan” va “o‘z ixtiyori bilan” degan so‘zlar bir xil ma’noga ega. Lekin Senat aytyaptiki, “o‘z ixtiyori” bu boshqa narsa, “o‘z roziligi bilan” degan so‘zni “o‘z ixtiyori bilan” shaklida ifodalash orqali fuqarolarning huquqlarini poymol qilyapsizlar. Men buni tushunmadim, qanday qilib bu so‘zlar boshqa-boshqa ma’noda kelishi mumkin?!