Dastavval senatorlar Uy-joy kodeksini ma’qullamadi. Yuqori palata qonunchilarining fikricha, kodeksda mahalliy hokimliklarning davlat uy-joy fondidagi turar joylarni yuridik shaxslarga belgilangan maqsadda foydalanish uchun ijara shartnomasi shartlari asosida berish vakolatini amalga oshirish tartibi belgilanmagan, bu esa hokimiyat vakolatlarini suiiste’mol qilish va boshqa korrupsion holatlarga shart-sharoitlar yaratib beradi. Shuningdek, hujjatda boshqa bir qator normalarni qo‘llash mexanizmlari yetarlicha ochib berilmagan, shu bois uni takomiliga yetkazish zarur.
Senat a’zolari nikohlanuvchi shaxslarning majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan so‘ng 1 oylik muddatni kutmasdan istalgan vaqtda nikohdan o‘tishi haqidagi qonunga ham qarshi chiqishdi. Ular bu normani kiritishda takliflar yetarli darajada asoslantirilmagan deb topdi.
Himoya orderi talabini buzgan zo‘ravonlarga nisbatan belgilangan jarima miqdorini amaldagi 300–900 ming so‘mdan 1,5–3 mln so‘mgacha oshirish haqidagi qonun ham rad etildi. Senatorlarning aytishicha, BMT tavsiyalariga asosan, oilada zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga jarima solishni jabrlanuvchiga tushadigan yuk sifatida qarash kerak.
Qaytarib yuborilgan to‘rtinchi qonun – sud tizimini elektronlashtirishga oid. Unga ko‘ra, e’lon qilingan hukm sudning rasmiy saytiga elektron hujjat tarzida joylashtirilishi va uning havolasi sudlanuvchiga SMS-xabar yoki elektron pochta shaklida yuborilishi ko‘zda tutilgandi. Qonunchilar e’tirozicha, bu tizimning xavfli jihati bor: elektron havola internetda tarqalib ketsa, sud hukmida yozilgan va odamlarning boshqalar ko‘rishini istamaydigan ma’lumotlari ommaga yoyilib ketishi mumkin. Senatorlar bu tizimni respublika miqyosida joriy qilishdan avval eksperiment qilib ko‘rish kerak degan fikrni bildirdi.
Huquqiy eslatma: Rad etilgan qonunlar Senat tasdig‘isiz ham qabul qilinishi mumkin

















