O‘zbekiston | 15:41 / 26.08.2022
7132
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekgidroenergo” AJ: “Fitch ratings” agentligining xalqaro kredit reytingini barqaror saqlab kelmoqda

Foto: O‘zbekgidroenergo

Joriy 2022 yilda ham “O‘zbekgidroenergo” AJ jahonda yetakchi “uchlik” reyting agentliklaridan biri hisoblangan “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligining “BB-” barqaror xalqaro kredit reytingini qo‘lga kiritdi.

Ta’kidlash joizki, 2020 yilda Jamiyat reytingi B+ (barqaror) bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilda Jamiyat reytingi BB- (barqaror) darajasiga ko‘tarildi. Joriy 2022 yilda ham Jamiyat BB- (barqaror) darajasini saqlab qoldi. Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zbekgidroenergo” AJ so‘nggi yillarda “BB-” barqaror xalqaro kredit reytingini saqlab kelmoqda.

Bu borada, Jamiyat reytingi darajasi Respublika suveren reytingi qatorida ekanligini, ishlab chiqaruvchi tashkilotlar orasida esa 2 yildan beri o‘z mavqeini barqaror holatda saqlab turganligini alohida ta’kidlash lozim.

Shunisi ma’lumki, mazkur yilda berilgan reyting o‘tgan moliya yilining tahlili natijalari, ya’ni 2021 yilning natijalari sarhisobiga berilgan baho hisoblanadi.

“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “O‘zbekgidroenergo” AJning nafaqat moliyaviy-iqtisodiy biznes strategiyasi holatini o‘rgandi, balki unga tuzilgan model barqarorligi hamda korporativ boshqaruv tizimi va boshqa yo‘nalishlarni ham chuqur o‘rganib, tahlil qildi. Jamiyatda faoliyat yuritayotgan minglab ishchi-xodimlarning mehnati samarasi va reyting agentligi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar, chuqur tahlillar hamda korxonalar faoliyatining mustaqil baholanishi natijasida “O‘zbekgidroenergo” AJ respublikada ishlab chiqaruvchi korxonalar orasida birinchilardan bo‘lib “Fitch Ratings” xalqaro kredit reytingining “BB-” darajasini qo‘lga kiritdi.

Shu bilan birga, dunyoning ilg‘or konsalting kompaniyalari jalb qilindi. Jumladan, moliya sohasiga “Pricewaterhousecoopers”, raqamli transformatsiya bo‘yicha Rossiyaning “X-Holdings”, korporativ boshqaruv va investitsiya dasturini qayta ko‘rib chiqish uchun “McKinsey & Company” korxonalari bilan hamkorlik o‘rnatilib, Jamiyatni rivojlantirish bo‘yicha zaruriy maslahat va tavsiyalar olindi.

Yana bir muhim jihat, Jamiyatga kiritilayotgan investitsiya ko‘lamining jozibadorligi va uni boshqarishdagi salohiyati, Jamiyatning kredit yelkasini (target laverage) kerakli darajada nazorat ostida olib borilayotgan tizimli islohotlari samarasi mazkur ijobiy natijani barqaror saqlab qolishga xizmat qildi.

Buning natijasida, Jamiyat tomonidan 2022 yilda 8 ta loyihalarni foydalanishga topshirilishi natijasida, qo‘shimcha 178 MVt ishlab chiqarish quvvati yaratiladi hamda jami ishlab chiqarish quvvatlari hajmi 2 230 MVt ga yetkaziladi.

Mazkur reyting darajasi, “O‘zbekgidroenergo” AJni jahonning mashhur investorlar bozorlariga aniq va ravshan biznes strategiyasiga, shaffof moliyaviy hisobotlariga va kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega birinchi o‘zbek ishlab chiqaruvchi korxonasi sifatida tanitib bormoqda.

Qo‘lga kiritilgan mazkur yutuq, kelgusida “O‘zbekgidroenergo” AJning iqtisodiy barqarorligini yanada oshirishga xizmat qiladi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xorijiy kreditlarni davlat kafolatisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya mablag‘larini jalb qilish imkoniyatini beradi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ ushbu erishilgan yutuq bilan chegaralanib qolmaydi, kelgusi yillarda reyting darajasini yanada oshirish hamda uni barqaror saqlab qolish yo‘lida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda tizimli ravishda davom etadi, mamlakatimiz gidroenergetika sohasi rivoji yo‘lida izchil va jadal faoliyatini davom ettiradi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid