Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropada yonilg‘i narxlari rekord darajada oshayotgan vaqtda Peterburg yaqinida kuniga 10 mln dollarlik gaz havoga yoqilmoqda
Yevropada energiya narxlari muttasil o‘sib borayotgan bir vaqtda Rossiya yirik miqdordagi tabiiy gazni yoqib yubormoqda. Sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarni o‘rgangan Rystad Energy kompaniyasi Rossiyaning Finlandiya bilan chegara yaqinida joylashgan suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqaruvchi zavodida kuniga taxminan 10 mln dollarlik gaz yoqilayotgani haqida xulosaga keldi. Ekspertlar fikricha, ilgari bu gaz Germaniyaga eksport qilingan.
Rystad Energy tahlili shuni ko‘rsatadiki, Sankt-Peterburgning shimoli-g‘arbida joylashgan suyultirilgan tabiiy gaz (STG) ishlab chiqaruvchi «Gazprom SPG Portovaya» zavodida kuniga 4,34 million kub metrga yaqin gaz mash’ala usulida yoqib yo‘q qilinmoqda.
Mash’alalarni birinchi bo‘lib Finlandiyaning chegaradosh hududida yashovchi aholi payqadi.
Zavod Germaniyaga gaz yetkaziluvchi «Shimoliy oqim-1» gaz quvuri boshlanishidagi kompressor stansiyasi yaqinida joylashgan.
Mazkur quvur orqali gaz yetkazib berish iyul o‘rtalaridan to‘xtatilgandi. Rossiyaliklar buni texnik muammo bilan izohlamoqda, ammo Germaniya bu Rossiyaning G‘arb sanksiyalariga javob sifatida amalga oshirilgan siyosiy qadami ekanini aytmoqda.
«Ortiqcha» gazdan qutulishning bunday usuli – qayta ishlaydigan zavodlarda oddiy hol hisoblanadi. Odatda texnik sabablar yoki xavfsizlik nuqtayi nazaridan shunday qilinadi. Biroq «Portovaya»dani yoqib yuborilayotgan gaz hajmi ekspertlar uchun kutilmagan hol bo‘ldi.
«Men STG ishlab chiqariladigan zavodda buncha miqyosdagi gaz mash’ala tarzida yoqib yuborlishini hech qachon ko‘rmaganman. Iyunda ulkan yolqinni ko‘rdik, u haligacha yo‘qolmadi va o‘sha yuqori darajadaligicha qolmoqda», deydi Ohayodagi Mayami universitetining sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari bo‘yicha eksperti, doktor Jyessika Makkarti.
Germaniyaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Migel Berger BBC uchun bergan intervyusida Yevropaning Rossiya gaziga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlari «Rossiya iqtisodiyotiga kuchli ta’sir ko‘rsatayotgani»ni aytdi.
«Ularning gaz sotadigan boshqa joylari yo‘q, shuning uchun gazni yoqib yuborishmoqda», deya taxmin qildi u.
Foto: ARI LAINE
Mark Devis – ortiqcha gazni yoqib yuborish usulidan voz kechish yo‘llarini izlayotgan Capterio kompaniyasi bosh direktori. Uning ta’kidlashicha, Peterburg yaqinida bunday ulkan mash’ala paydo bo‘lishi tasodif emas va gazni yoqib yuborish qarori operativ sabablarga ko‘ra qabul qilingan.
«Operatorlar ko‘pincha ishlab chiqarishni to‘xtatmaslikka urinishadi, uni qayta yo‘lga qo‘yish qiyin yoki qimmatga tushishidan xavfsirashadi. Mazkur holatda aynan shunday bo‘lgan bo‘lishi mumkin», dedi u.
Boshqa ekspertlar gap «Shimoliy oqim-1» quvuri orqali o‘tgan ulkan hajmdagi gaz bilan ishlashdagi texnik qiyinchiliklarda deb hisoblamoqda. Ehtimol, «Gazprom» bu gazdan yangi zavodda STG ishlab chiqarishda foydalanmoqchi bo‘lgan, biroq kompaniyada uni qayta ishlashda muammolar yuzaga kelgan va endi eng xavfsiz yo‘l – uni yoqib yuborish.
Bu Yevropaning Rossiya Ukrainaga bostirib kirgani uchun joriy etgan savdo sanksiyalari natijasi ham bo‘lishi mumkin.
«Gazni bunchalik uzoq muddat davomida mash’ala usulida yoqib yuborish ularga qandaydir jihoz yetishmayotganini bildirishi ham mumkin. Rossiya sanksiyalar sababli neft va gazni qayta ishlashda zarur bo‘lgan yuqori sifatli klapanlarni ishlab chiqara olmaydi. Ehtimol, qandaydir klapanlar ishdan chiqqan va ularni almashtira olishmayapti», deydi Finlandiyadagi LUT universitetining energetika professori Esa Vakkilaynen.
«Buning aniq sabablari noaniq bo‘lsa-da, gaz mash’alasining hajmi, ajralib chiqayotgan chiqindi va joylashgan o‘rni Rossiya Yevropa energetika bozorida ustunlik qilishini eslatib turadi. Bundan aniqroq signal bo‘lishi mumkin emas: Rossiya agar istasa, energiya narxlarini bir kun ichida pasaytira olishi mumkin. «Shimoliy oqim-1» yoki boshqa muqobil quvur orqali ketishi mumkin bo‘lgan gaz yonmoqda», dedi Rystad Energy tahlilchisi Sindre Knutsson.
Dastlab koronavirus pandemiyasi bois joriy etilgan karantin cheklovlari bekor qilinganidan so‘ng butun dunyoda energiya narxlari ko‘tarildi. Birdaniga hammaga ko‘p miqdorda energiya kerak bo‘lib qoldi, bu esa yetkazib beruvchilarni qiyin ahvolga solib qo‘ydi.
Shu yil fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin narxlar yana ko‘tarildi. Yevropa hukumatlari YeI foydalanadigan gazning 40 foizini yetkazib beruvchi Rossiyaga qaramlikdan qutulish yo‘llarini izlay boshladi.
Natijada muqobil manbalardan yetkazib berildigan gaz narxi oshdi. YeIning ayrim mamlakatlari, xususan, Germaniya va Ispaniya yonilg‘ini tejashga qaratilgan choralar qabul qilmoqda.
Foto: ELMERI RASI
Olimlarni gaz mash’alasining atrof-muhitga ta’siri ham tashvishga solmoqda.
Shu bilan birga, ekspertlar iqlim isishiga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi metanni atmosferaga chiqarib yuborgandan ko‘ra gazni yoqib yuborish ancha yaxshi yo‘l ekanligini eslatib o‘tishdi. Rossiya bu usuldan tez-tez foydalanadi, Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat gazni mash’ala usulida yo‘q qilish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi.
Shunisi ham borki, «Portovaya»dagi mash’ala atmosferaga kuniga 9 ming tonnaga yaqin karbonat angidrid chiqaradi.
«Arktik kengliklarda gazni mash’ala usulida yoqishning xavfliligi shundaki, ajralib chiqqan birikmalar shimoliy yo‘nalishda harakatlanadi. Ular muz va qorga kelib tushadi va erishini tezlashtiradi. Shu sababli ushbu mintaqada gazni mash’ala usulida yoqishni ko‘paytirmagan ma’qul», deydi Kanadadagi Karlton universiteti professori Metyu Jonson.
Mavzuga oid
18:53 / 10.06.2026
Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini oshirishga tayyorligini ma’lum qildi
22:09 / 08.06.2026
«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
09:32 / 21.05.2026
Mindich Zelenskiy ustidan sudga shikoyat qildi
21:35 / 20.05.2026