O‘zbekiston | 10:34 / 29.08.2022
8835
3 daqiqa o‘qiladi

Ayrim talabalarning xorijiy OTMda o‘qishi puli davlat hisobidan qoplab beriladi

Pedagogika oliy ta’lim muassasalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Foto: Shutterstock

Hujjat loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston va xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkilotlari qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ta’lim faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 16-1-band bilan to‘ldiriladi.

Unga muvofiq, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari qo‘shma ta’lim dasturlarida ta’lim olayotgan talabalar hamkor xorijiy oliy ta’lim muassasasida o‘qish davri uchun to‘lov-kontrakt qiymatini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish tartibi joriy etiladi.

Belgilanishicha, pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari bakalavriati va magistraturasida qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olayotgan talabalar hamkor xorijiy oliy ta’lim muassasasida o‘qish davri uchun to‘lov-kontrakti qiymatini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari qo‘shma ta’lim dasturlarida to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan va yuqori akademik ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan talabalari o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi;

tanlovda g‘olib bo‘lgan talabalar bilan davlat maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida kamida uch yil ishlab berishni nazarda tutuvchi shartnoma rasmiylashtiriladi.

Pedagogika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalariga qo‘shma ta’lim dasturi asosida o‘qishga qabul qilinib, 1-kursni bitirgan talabalari o‘rtasida davlat granti sovrindorlarini aniqlash bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi.

Tanlov ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda ishtirok etuvchi talabgorlar toifasiga quyidagi talablar o‘rnatiladi: birinchi kursda umumiy reyting (o‘zlashtirish) ko‘rsatkichlari 80 ball va undan yuqori bo‘lishi, fanlardan qarzdorligi mavjud bo‘lmasligi; xorijiy tilni (MDH mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) bilish darajasini belgilovchi xalqaro yoki milliy sertifikatga ega bo‘lishi; o‘qishga qabul qilingan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoki mutaxassisligiga oid tanlov yoki konferensiyalarda ishtirok etgan bo‘lishi.

Mavzuga oid