O‘zbekiston | 10:55 / 30.08.2022
7045
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ayrim yetim bolalarga ajratilgan uylarda zarur sharoitlar yaratilmagani aniqlandi 

Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasi nazoratga olindi.

Foto: Senat.uz

29 avgust kuni Senat Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda Toshkent shahri Bektemir tumanidagi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash hamda uni jihozlash masalalari senatorlar e’tiborida bo‘ldi.

Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashashi uchun barcha zarur sharoitlarga ega bo‘lgan, ta’mirlangan va oshxona anjomlari, gaz plita, karavot, televizor, muzlatgich, stol-stul bilan ta’minlangan, foydalanishga tayyor bo‘lgan uy-joy berilishi belgilangan.

Yoshlar parlamenti a’zolari tomonidan bu borada olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, ayrim yetim bolalarga ajratilgan uy-joylarda zarur sharoitlar yaratilmagani aniqlangan. Bunday holat Bektemir tumanida kuzatilgan.

Majlisda Toshkent shahar va Bektemir tumani hokimligi mutasaddilari hamda Moliya vazirligi vakillari, Milliy gvardiya mas’ullari ishtirokida mazkur masala atroflicha muhokama etildi. Aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.

Mavzuga oid