O‘zbekiston | 17:13 / 02.09.2022
61461
5 daqiqa o‘qiladi

Super-kontrakt miqdorlari 10 foizga kamaytirildi

Barcha davlat oliy ta’lim muassasalarida tabaqalashtirilgan (super) to‘lov-kontrakt miqdorlari 10 foizga kamaytirildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun yana bir yengillik haqida ma’lumot berdi

«Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari tomonidan talaba-yoshlarning oliy ta’lim olishi uchun yaratib berilayotgan qulay imkoniyat sabab yangi o‘quv yilida barcha oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt miqdorlari oshirilmadi. 

Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi qaroriga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yili uchun barcha davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan kelib chiqib, faqat tabaqalashtirilgan (super) to‘lov-kontrakt miqdorlari 10 foizga kamaytirib belgilandi», deyiladi vazirlik xabarida.

Mazkur jadval orqali yo‘nalishlar kesimidagi tabaqalashtirilgan (super) to‘lov-kontrakt miqdorlari bilan tanishish mumkin.

Super-kontrakt qanday hisoblanadi?

Super-kontrakt OTM bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining kunduzgi, sirtqi va kechki shakllarida bor.

Abituriyentlar kunduzgi ta’lim shaklining stipendiyasiz to‘lov-kontrakt summasini (sirtqi va kechkida stipendiya yo‘q) super-kontrakt barobariga ko‘paytirish orqali qancha to‘lashlarini hisoblashi mumkin. Barobarlarni bilish uchun esa super-kontraktning toifasini aniqlab olish kerak.

U 3 ta toifaga bo‘lingan:

1-toifaga 4 ballgacha yetmay qolgan abituriyentlar kiradi.

Bunda quyidagicha shkala qilingan: 

  •  1 ballgacha yetmaganlar bazaviy to‘lov-kontraktining 1,5 barobarini;
  •  1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar 2,0 barobarini;
  •  2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar 2,5 barobarini;
  •  3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar esa 3,0 barobarini to‘laydi.

Masalan, matematika yo‘nalishida 1,5 ball yetmay qoldi deylik. Bunday vaziyatda o‘sha abituriyent 2 barobar to‘laydi. Jadvalga qarasak, matematika yo‘nalishida kontrakt narxi 6,412 610 so‘m. Demak, matematika yo‘nalishiga 1,5 ball yetmay qolgan abituriyent 12 mln 825 ming so‘m super-kontrakt to‘laydi (2 x 6.412.610).

2-toifadagilar kirish chizig‘iga 4 balldan ortiq yetmay qolgan va o‘zi minimal o‘tish balli (56,7 ball)dan ko‘p ball to‘plaganlar hisoblanadi.

Bunday abituriyentlar super-kontrakt uchun yo‘nalishiga qarab jadvalda ko‘rsatilgan oddiy kontraktning minimum 8, 10, 12, 15, 17 yoki 25 barobarini to‘laydi.

Masalan, iqtisod yo‘nalishiga kirish balli 150 ball bo‘ldi deylik. Abituriyent 70 ball to‘pladi. Demak, unga 4 balldan ortiq yetmay qolgan, o‘zi ham 56,7 balldan ko‘proq to‘plagan. Iqtisod yo‘nalishiga minimum super-kontrakt 10 barobar etib belgilangan. Stipendiyasiz oddiy kontrakt narxi esa 9,129 930 so‘m.

Iqtisod yo‘nalishi uchun super-kontrakt miqdori minimum 91 mln 299 ming so‘m (10 x 9,129 930).

Aytgancha, o‘tish balliga 4 balldan ko‘proq yetmay qolgan va 56,7 balldan ko‘p to‘plaganlarning hammasiga bir xil narx bo‘ladi. Ya’ni 5 ball yetmagan ham, 50 ball yetmagan ham bir xil to‘laydi. O‘shanchun menga 10 ball yetmadi, menga 30 ball yetmadi, qancha bo‘ladi, deb so‘rashdan foyda yo‘q.

3-toifaga esa 56,7 balldan kam to‘plaganlar kiradi.

Bunday abituriyentlar «super-muper» kontraktda o‘qishi mumkin, faqat kamida 2-toifadagilar to‘laydigan summaning 2 barobarini to‘lashadi.

Masalan, abituriyent iqtisod yo‘nalishiga topshirib, 40 ball to‘plagan, ya’ni 56,7 balldan kam. Demak, u kamida 182 mln 598 ming so‘m to‘lashi kerak (2 x 91,299 300).

Yana bir jihat, aytaylik, abituriyent 54 ball oldi. Kirish balli esa 57 ball bo‘ldi. Shunda 3 ball yetmagan bo‘lsa, super-kontraktni kamroq to‘laydimi? Yo‘q, 56,7 ball, ya’ni minimal o‘tish ballidan kam to‘plangani uchun ikki karra ko‘proq super-kontrakt to‘lanadi. Kirish balliga qancha yetmagani ahamiyatsiz.

Eslatib o‘tamiz, imtiyoz olgan, lekin kira olmagan abituriyentlar uchun umumiy kirish balliga qarab super-kontrakt narxi belgilanadi, imtiyozlilarning o‘tish balliga qarab emas.

Mavzuga oid