Jahon | 22:32 / 03.09.2022
47464
2 daqiqa o‘qiladi

Ramzan Qodirov Rossiya kuch tuzilmalarida yuqori lavozimni egallashi mumkin

Foto: grozny.tv

Ramzan Qodirov Rosgvardiyada yuqori lavozimlardan birini egallashi mumkin. Bu haqda «Meduza»ning Rossiya prezidenti administratsiyasiga yaqin manbasi xabar bergan.

Avvalroq Ramzan Qodirov o‘zining Telegram-kanalida 15 yillik faoliyatidan keyin Checheniston rahbari lavozimidan ketishiga ishora qilib videomarojaat joylagan, «haydab yuborishmaslaridan ketish vaqti keldi» deb aytgandi.

Rossiya Federal harbiylar xizmati Rosgvardiya mamlakat ichida qurol aylanmasi, shaxsiy qo‘riqlash xizmatlarini nazorat qilish va jamoat tartibini saqlashda ishtirok etuvchi kuchishlatar tuzilma hisoblanadi. Ayni damda Rosgvardiya rahbari Rossiya armiyasi generali Viktor Zolotov hisoblanadi. 4 kun avval Zolotov Rossiya prezidenti Putin qabulida bo‘lgan va mudofaa vazirligi harbiylari bilan hamjihatlikda olib borilayotgan ishlar haqida hisobot bergandi.

Oxirgi vaqtda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu iste’foga chiqqani yoki Ukrainadagi Rossiya armiyasini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lgani haqida xabarlar ko‘paygan. Xususan, Britaniya razvedkasi bu haqda xabar tarqatgandi. Bu xabarlar fonida Rossiya kuchishlatar tuzilmalari yuqori lavozimlarida jiddiy o‘zgarish bo‘lishi haqida mish-mishlar ham paydo bo‘lgandi.

Mavzuga oid