22:01 / 09.09.2022
11846

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish  - ShHT mamlakatlari hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari 

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga katta ahamiyat berib, ularga barqaror rivojlanishning asosiy unsurlaridan biri sifatida qaraydi.

Foto: Andrey Gordeyev

ShHT tomonidan qabul qilingan ta’sis hujjatlarida hamkorlikning asosiy maqsadlaridan biri aynan ekologiya sohasidagi o‘zaro hamkorlik ekanligi ko‘rsatilgan.

Ta’kidlash joizki, tabiatni muhofaza qilish mavzusi ShHT xavfsizligi va barqaror rivojlanishi masalalari bilan bevosita bog‘liq holda tashkilotning barcha yakuniy hujjatlaridan joy olmoqda. Masalan, ShHTga a’zo davlatlarning 2007 yil 16 avgustdagi uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomasida tomonlarning atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishi alohida modda bilan belgilab qo‘yilgan.  

Hozirda ShHTning ekologiya sohasidagi faoliyati 2005 yilda Xitoyning Tsindao shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda qabul qilingan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. U bu sohadagi amaliy hamkorlikka qaratilgan birinchi hadli hujjat bo‘ldi. Uning asosiy maqsadi “ekologik muvozanatni saqlash, qulay ekologiya va iqtisodiyotning ekologik rivojlanishini ta’minlash orqali har tomonlama, birgalikda va barqaror xavfsizlikka” erishishdir. Mazkur hujjat ustida ishlash O‘zbekiston tashabbusi bilan boshlangan. Konsepsiya qabul qilingandan so‘ng uni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Belgilangan ishlarni amalga oshirish uchun 2014 yilda Xitoy hukumati ko‘magida ShHTning Atrof-muhit bo‘yicha hamkorlik markazi tashkil etildi. 2019 yilda ShHT shaharlarining ekologik farovonligini rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur qabul qilingan bo‘lib, u atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va yumshatish, megapolislarning ekologik xavfsizligini ta’minlash, chiqindilarni qayta ishlash va boshqalarga qaratilgan.  

Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha kun tartibini ilgari surish maqsadida ShHTga a’zo mamlakatlar doimiy ravishda yangi tadbirlarni o‘tkazish tashabbusi bilan chiqmoqda. Xususan, Xitoy atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim ishlab chiqish, Ekologik rivojlanish instituti, Axborot almashish platformasi va ShHT Ekologik innovatsiyalar bazasini tashkil etish tashabbusini ilgari surmoqda. Qozog‘iston tashkilotga a’zo mamlakatlarning ekologik muammolari reyestrini tuzish, ShHT ekotizimining raqamli xaritasini ishlab chiqish, Orol dengizining qurigan tubining fitoo‘rmonmelioratsiyasi bo‘yicha dasturlar hamda alohida qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar va ekologik turizmni rivojlantirishni taklif qilmoqda. Tojikiston Muzliklarni himoya qilish xalqaro fondini tuzish, O‘zbekiston – ShHTning “Yashil kamar” dasturini yaratish va Orol mintaqasining ekologik muammolarini kompleks hal etishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda. Hindiston innovatsiyalar va startap ekotizimlari bo‘yicha ishchi guruh tuzishni taklif qilmoqda. 

ShHTga a’zo davlatlar atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik sof texnologiyalarni joriy etish, «yashil» iqtisodiyot ulushini oshirish sohasida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish maqsadida xalqaro institutlar bilan faol muloqot o‘rnatish niyatida. 

Shu tarzda, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammiti kun tartibida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish mavzusi haqli ravishda muhim o‘rinni egallaydi. 

Sh. Fayziyev,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti bo‘lim boshlig‘i.
N. Hasanov,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti bosh ilmiy xodimi. 

Mavzu
Samarqandda ShHT sammiti
15–16 sentabr kunlari Samarqand shahrida Shanhay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti tashkillashtiriladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top