O‘zbekiston | 08:48 / 09.09.2022
2354
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bo‘lib turgan chet ellik shaxslar uchun boj olinmaydigan savdo do‘konlari faoliyati tashkil etiladi

Bojxona sohasidagi tartib-taomillar takomillashtirilishi munosabati bilan hukumat ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. 

Bojxona kodeksiga va «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlardan kelib chiqib, qonunchilikdagi mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. 

Hukumat ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:

  • bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalash tartibotlarini raqamlashtirish;
  • O‘zbekiston hududida vaqtincha bo‘lib turgan chet ellik shaxslar uchun boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini tashkil etish;
  • tranzit deklaratsiyasi va tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash tartibotlari uchun pasaytirilgan bojxona yig‘imlari stavkalarini belgilash;
  • qiymati bazaviy hisoblash miqdori o‘ttiz baravarigacha bo‘lgan xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarini soddalashtirilgan tartibda deklaratsiyalash.

Endilikda, meva-sabzavot mahsulotlari bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi eksport qiluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hamda xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi asosida amalga oshiriladi. Bunda hujjatlardagi mavjud ma’lumotlar ishonchliligi, mahsulotlarni O‘zbekiston bojxona chegarasidan noqonuniy olib o‘tish holatlari uchun eksport qiluvchi javobgar hisoblanadi.

Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti magistratura ta’lim yo‘nalishiga qabul qilingan xodimlar institut tinglovchisi hisoblanadi. Magistraturada o‘qish davrida tinglovchilar oxirgi egallagan lavozimidan kam bo‘lmagan miqdorlardagi pul ta’minoti saqlangan holda bojxona organlari ixtiyorida qoldiriladi. 

Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish ma’muriy reglamentlariga ham qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid