Fan-texnika | 23:11 / 10.09.2022
59409
6 daqiqa o‘qiladi

Eng kuchli Android-smartfonlar, uchar mehmonxona va 81 dollarlik Redmi - hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Eng kuchli Android-smartfonlar

Asus ROG Phone 6

Avgust oyining eng kuchli Android-smartfonlari reytingi e’lon qilindi. Birinchi o‘rinni Asus ROG Phone 6 smartfoni egalladi. U Snapdragon 8+ Gen 1 protsessori bilan jihozlangan bo‘lib, tezkor xotirasi 16 GB va doimiy xotirasi 512 GB.

Ikkinchi o‘ringa xuddi shu protsessor o‘rnatilgan iQOO 9T smartfoni joylashdi. Uning tezkor xotirasi 12 GB va doimiy xotirasi 256 GB.

Snapdragon 8 Gen 1 protsessoriga ega ZTE Nubia Red Magic 7 uchinchi o‘rinni egalladi. Uning tezkor xotirasi 16 GB va doimiy xotirasi 25 GB. 

Shuningdek, ro‘yxatga Xiaomi 12S Ultra, Black Shark 5 Pro, Vivo X80, Motorola Edge 30 Pro, Vivo X80 Pro, Samsung Galaxy Z Fold4 hamda Xiaomi 12 Pro smartfonlari ham kiritilgan.

Apple taqdimoti

Apple kompaniyasi iPhone 14 liniyasidagi yangi qurilmalari taqdimotini o‘tkazdi. Bu safar kompaniya iPhone’larning mini modelidan voz kechdi hamda iPhone 14, iPhone 14 Plus, iPhone 14 Pro va iPhone 14 Pro Max modellarini namoyish qildi.

iPhone 14 va 14 Plus A15 Bionic protsessori bilan jihozlangan. Bu protsessor iPhone 13’dagi A15 protsessoridan 25 foizga kuchliroq. Videotasvirga olish stabilizatsiyasi uchun Action Mode funksiyasi qo‘shilgan. Orqa – asosiy kameralar kam yorug‘lik sharoitida ham ranglarni 49 foizga yorqinroq ko‘rsatadi, old – selfi kamera esa 38 foizga yorqinroq. Shuningdek, selfi kamerada ilk bor avtofokus funksiyasi paydo bo‘lgan.

iPhone 14 bozorlarda 16 centyabrdan paydo bo‘ladi va uning AQShdagi narxi 799 dollar. iPhone 14 Plus esa 899 dollardan boshlanadi va 7 oktyabrdan bozorlarga chiqishi aytilmoqda.

Asosiy kutilgan flagmanlar iPhone 14 Pro va Pro Max qurilmalarida o‘zgarishlar qatorida Always-on Display funksiyasi, ekranning yuqori qismidagi o‘zgarish hamda yaxshilangan kameralarni sanash mumkin.

14 Pro va Pro Max’ning ekran yorug‘ligi 13 Pro’ga nisbatan 2 barobar oshirilgan – 2000 nit.

14 Pro va Pro Max’ga yangi 6 yadroli A16 Bionic protsessor qo‘yilgan. Ishlab chiqaruvchilar u rasmlar bilan bir soniyada 4 trillion operatsiyani bajara olishini, shu bilan birga 40 foizga tezroq va 20 foiz ko‘proq energiya samaradorligini aytmoqda.

AQShda iPhone 14 Pro 999 dollardan, iPhone 14 Pro Max 1099 dollardan boshlanadi. Ular 16 sentabrdan bozorlarga chiqishi kutilmoqda.

Robot bosh direktor

Xitoydagi mobil ilovalar va onlayn o‘yinlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi NetDragon Websoft kompaniyasi Tan Yu deb nomlangan sun’iy ongga ega gumanoid robotni bosh direktor etib tayinladi.

Foto: AP

Kompaniyadagilarning so‘zlariga ko‘ra, robot ish jarayonlarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, Tan Yu barcha xodimlarning ish faoliyatini haqqoniy baholaydi.

Robotning texnik xususiyatlari haqida ma’lumot berilmagan.

Plastmassadan olmos olish

AQSh va Germaniya olimlari SLAC Milliy laboratoriyasida plastmassadan olmos olish usulini topishdi. Tadqiqotchilar haddan tashqari yuqori bosim va harorat ostida uglevodorodlar sayyora yuzasidan bir necha kilometr pastda kristalli toshlarga aylanishi mumkinligini aniqlashgan. Shuningdek, Neptun va Uran kabi sayyoralarda qimmatbaho toshlar bulutlarda hosil bo‘lishi va yomg‘ir ko‘rinishida pastga tushishi ham taxmin qilingan.

2017 yilda tadqiqotchilar laboratoriya sharoitida polistiroldan mayda olmoslar olish usulini topishgan bo‘lsa, endilikda plastik chiqindilardan ham olmos olishga muvaffaq bo‘lishdi.

81 dollarlik Redmi

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi joriy yilda ishlab chiqarilgan eng arzon gadjeti - Redmi A1 smartfonini taqdim qildi. Modelning narxi atigi 81 dollarni tashkil etadi.

Foto: Redmi

Redmi A1'ga MediaTek Helio A22 protsessori o‘rnatilgan, 6,52 dyuymli IPS-displeyi bilan jihozlangan. Smartfon Android 12 operatsion tizimida ishlaydi, old kamerasi 5 Mp, orqa asosiy kamerasi 8 Mp, yordamchi kamerasi esa 2 Mp.

Akkumulyator quvvati – 5000 mA/soat. Bluetooth 5.0, GNSS, ikkita sim karta va mikroSD karta joylashtirish imkoniyati mavjud.

Uchar mehmonxona

Yamanlik biotexnolog va ilmiy kommunikator Hoshim al-G‘ayli uchar mehmonxona loyihasini ishlab chiqdi va uni Sky Cruise deb atadi.

Foto: Sky Cruise

Uchar mehmonxona atom energiyasidan quvvat oladi, bu esa uning doimiy ravishda havoda bo‘la olishiga imkon beradi.

Mehmonlar unga samolyotlarda kelishadi, buning uchun Sky Cruise o‘z aerodromiga ega bo‘lishi ham ko‘zda tutilgan.

G‘ayli konsepsiyasi doirasida sun’iy intellekt samolyotni bevosita boshqaradi, uchuvchilar esa faqat uning samarali ishlashini nazorat qiladi.

Taxminlarga ko‘ra, bulut ko‘rinishidagi hashamatli bino bortida bir vaqtning o‘zida 5000 nafargacha mehmon yashashi mumkin bo‘ladi.

Texnolog g‘oyasi va aerodinamika qonunlari o‘rtasidagi ziddiyat tufayli skeptiklar Sky Cruise "havo Titanigi" deb nomlashgan. Shuningdek, ular bortida yadro reaktori bo‘lgan samolyot shahar ustiga qulab tushsa, bu atom bombasi portlashiga o‘xshash dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlashgan. 

Mavzuga oid