Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
KXDR o‘zini yadroviy barqudrat davlat deb e’lon qildi. Yadro quroli qanday holatda ishlatilishi qonunda belgilandi
Shimoliy Koreyada mamlakatni yadroviy davlat deb e’lon qiluvchi qonun qabul qilindi. Bu haqda KXDR davlat axborot tarqatuvchisi bo‘lmish Markaziy telegraf agentligi ma’lum qildi.
Mamlakat yetakchisi Kim Chen In buni ortga qaytib bo‘lmaydigan qaror deb atadi va mamlakatni yadro hududidan xoli davlatga aylantirish bo‘yicha har qanday taklif ko‘rib chiqilmasligini aytdi.
Yangi qabul qilingan qonunda ko‘ra, Shimoliy Koreya o‘z muhofazasi uchun yadro qurolini ishlatish mumkinligi mustahkamlab qo‘yilgan. Keskin sanksiyalarga qaramay Pxenyan 2006 yildan 2017 yilgacha olti marta yadro sinovini o‘tkazdi. BMT Xavfsizlik kengashi talabini buzgan holda Shimoliy Koreya o‘z harbiy qudratini oshirishda davom etib, qo‘shnilariga tahdid qilmoqda. KXDRning raketalari hatto AQShning materik qismigacha yetib borishi mumkin.
2019 yil AQSh prezidenti shimolliklar yetakchisi Kim Chen In bilan muzokara o‘tkazganiga qaramay, Pxenyan yadro quroli sinovini o‘tkazishda davom etdi. AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar ham boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Vaholanki Bayden administratsiyasi Pxenyan bilan muzokaraga tayyorligini bildirgan. Ammo Bayden Shimoliy Koreya yetakchisi bilan uchrashishga rozi bo‘lishi yoki yo‘qligi aniq emas.
AQShda Shimoliy Koreya bilan munosabatlarni qayta boshlash uchun «yaxshi bahona» topib, Pxenyanga koronaviusga qarshi kurash borasida hamkorlik doirasida yordam berishni taklif qilishdi. Ammo hamon bu borada javob bo‘lgani yo‘q.
Bayden kelganidan keyin Vashington Shimoliy Koreyaga nisbatan siyosatini o‘zgartirishi ma’lum bo‘lgan, asosiy maqsad Koreya yarimorolini to‘liq yadrodan xoli hududga aylantirish ekani aytilgandi. Bayden bu borada maqsadiga erishishiga shubha qilmayapti. U natijaga diplomatiya va keskin tiyib turish evaziga erishishni ko‘zlamoqda. Kim Chen In esa AQSh yetakchisiga javob berar ekan, uning davlati muloqot bilan birga to‘qnashuvga ham tayyor turishi kerakligini aytgandi.
2022 yil Shimoliy Koreyadagi vaziyat yana keskinlashdi. Pxenyan bu yil rekord miqdorda raketa sinovlarini amalga oshirdi. AQSh esa yarimoroldagi ittifoqchisi Janubiy Koreya bilan bu sinov parvozlariga oxirgi yillardagi eng yirik qo‘shma mashg‘ulot bilan javob berdi.
Qonunda Shimoliy Koreya quyidagi holatlarda yadro quroli ishlatishi belgilab qo‘yilgan:
- Shimoliya Koreyaga qarshi yadro yoki boshqa turdagi ommaviy qirg‘in quroli qo‘llansa. KXDR bunday hujumni aniq sodir bo‘ladigan xavf deb hisoblaydi;
- mamlakat rahbariyati yoki yadro kuchlari qo‘mondonligi rahbariyatiga hujum qilinsa;
- mamlakatdagi muhim strategik obektlarga hujum qilingan taqdirda;
- urush kengayib va cho‘zilib ketishining oldini olish, urushdagi tashabbusni qo‘lga olish maqsadida;
- mamlakat mavjudligi va KXDR aholisi taqdiriga ta’sir qiluvchi boshqa favqulodda holatlar sodir bo‘lganda.
Qonunda yadro quroli qachon avtomatik tarzda ishga tushirilishi ham belgilab qo‘yilgan. Ya’ni yadro quroli kuchlari qo‘mondonligiga hujum qilingan vaqtda yadro quroli oldindan belgilab qo‘yilgan reja bo‘yicha avtomatik tarzda ishga tushirilib, «provokatsiya o‘chog‘i va qo‘mondonlik punkti yo‘q qilinishi» aytilgan.
Qonunda keltirilishicha, Shimoliy Koreya boshqa mamlakat hududiga yadro quroli joylashtirmaydi va KXDRga qarshi tajovuz qilinmasa, yadrosiz davlatlarga qarshi yadro quroli qo‘llanmaydi. Qonun e’lon qilingan tantanali chiqishida Kim Chen In mamlakat yadro qurolidan hech qachon voz kechmasligini aytgan.
Ularning qachondan buyon yadro quroli bor?
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya yadro dasturi 1950-yillarda ishlab chiqilgan. 2005 yil mamlakat o‘z arsenalida yadro quroli borligini ma’lum qilgan, 2012 yil esa mamlakat konstitutsiyasida Shimoliy Koreya yadro derjavasi ekani mustahkamlab qo‘yilgan. Reuters'ga ko‘ra, Shimoliy Koreyada 2013 yil mamlakat yadro siyosati bo‘yicha ilk qonun qabul qilingan. Unda Shimoliy Koreya o‘ziga hujum qilgan boshqa yadro davlatlariga qarshi yadro quroli bilan javob berishga haqli ekani aytilgan.
Shimoliy Koreya haqidagi NKnews inglizcha sayti asoschisi Chad O'Kerrollning aytishicha, yadro quroli qachon qo‘llanishi borasidagi bandlar tushunarsiz va har qanaqasiga talqin qilinishi mumkin.
«Demak, qonunda aytilishicha, bosh qo‘mondonlik, ya’ni Kim Chen In qaysidir holatni mamlakat uchun xavf deb topsa, yadro quroli avtomatik tarzda ishga tushishi kerak. Lekin bu qanday holat? Masalan, Kim Chen In AQSh yoki Janubiy Koreya tomonidan o‘zi foydalanadigan aloqa tizimiga amalga oshirilgan hakerlik hujumini mamlakat uchun xatarli holat deb topsa, yadro quroli ishga tushiriladimi?» deya savol qo‘ygan jurnalist.
Mavzuga oid
20:27 / 09.06.2026
Si Jinping Pxenyanda: Xitoy va KXDR munosabatlarni «yangi cho‘qqilar»ga olib chiqmoqda
09:03 / 27.05.2026
Shimoliy Koreya bir nechta turdagi raketalarni sinovdan o‘tkazdi
23:16 / 18.05.2026
AQSh Eronning kelishuv bo‘yicha yangi taklifini «yetarli emas» deb hisobladi
20:18 / 11.05.2026