13 sentabrga o‘tar kechasi Armaniston-Ozarboyjon chegarasida navbatdagi to‘qnashuvlar boshlandi. Har ikki tomon bir-birini ayblagan ushbu mojaro oldingilaridan ancha chuqurlashgani bilan farqlanmoqda. Gap shundaki, Ozarboyjon bu safar nafaqat chegara shaharlari, balki Armanistonning kurort shahri bo‘lgan Jyeremuk shahriga ham hujum qilgan. Hozirda mintaqadagi xavfsizlik kafolati Rossiya bo‘lib turibdi, ammo Moskva Ukrainadagi urush bilan band. Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat nazorati allaqachon Kreml qo‘lidan chiqib ketgan.

To‘qnashuv. Ikki tomon bir-birini ayblamoqda

13 sentabrga o‘tar kechasi Armaniston Ozarboyjon bilan chegarada harbiy harakatlar boshlaganini ma’lum qildi. Armaniston mudofaa vazirligi Ozarboyjon tomoni artilleriya, minomyot, dron va yirik kalibrli o‘q otish qurollaridan foydalanganini bildirdi.

Yerevan e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning Vardenis, Sotk, Artanish, Ishxanasar, Goris va Kapan aholi manzillari Ozarboyjon kuchlari hujumi ostida qolgan. Shuni qo‘shimcha qilish kerakki, bu qishloq va shaharlarning barchasi Armaniston davlati hududida joylashgan va ikki davlat o‘rtasidagi doimiy kelishmovchiliklar sababi bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ bilan hech qanday bog‘liqlikka ega emas.

Armanistonning bir qancha ommaviy axborot vositalari mamlakatning Jyeremuk kurort shahrida ham portlash ovozlari eshitilgani haqida xabar berdi. «Sputnik Armaniston» nashriga ko‘ra, shaharga transport vositalari kirishiga cheklov o‘rnatilgan. Bu yerga hozirda faqat mahalliy aholi va Jyeremukka tutash qishloqlardagi odamlarni xavfsizroq joylarga olib ketayotgan mashinalar kirishi mumkin.

Foto: AFP

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan to‘qnashuvlarda mamlakatning 49 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini aytdi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shimcha qilishicha, uch nafar tinch aholi vakili ham jarohatlangan.

Ozarboyjon mudofaa vazirligi ham qurbonlar haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, 13 sentabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan jangovar harakatlar natijasida kamida 50 nafar ozarboyjonlik harbiy xizmatchi, shu jumladan, sakkiz nafar chegarachi halok bo‘lgan.

Rasmiy Bokuga ko‘ra, to‘qnashuv Armanistonning «keng ko‘lamli provokatsiyalari»ga javoban boshlangan. Boku Armanistonning diversiv kuchlari Ozarboyjon armiyasi bo‘linmalari pozitsiyalari orasidagi aloqa va ta’minot yo‘llarini minalashtirganini ta’kidladi. Ma’lum qilinishicha, ushbu harakatlarga javoban Boku «shoshilinch choralar» ko‘rgan va bu to‘qnashuvlar boshlanishiga olib kelgan.