Jahon | 09:02 / 14.09.2022
2823
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya hukumati Lufthansa’dagi ulushini butunlay sotib yubordi

Kompaniyani COVID-19 pandemiyasi davrida saqlab qolish uchun Germaniya hukumati Lufthansa’ning 20 foiz ulushini vaqtincha sotib olgandi. Endi butun paket investorlarga sotildi. 

Foto: Reuters

Germaniya federal hukumati nihoyat Lufthansa nemis aviatsiya konserni hammuassislari ro‘yxatidan butunlay chiqdi, deb xabar qildi federal moliya agentligi 13 sentabr, seshanba kuni. 

Iqtisodiy barqarorlik jamg‘armasi (WSF) kompaniyadagi oxirgi qolgan taxminan 10 foiz ulushini xalqaro investorlarga sotdi. «Kompaniya yana xususiy qo‘llarga o‘tdi», dedi agentlik boshqaruvchi direktori Yutta Dyonges. 306 million yevroga sotib olingan aksiyani sotishdan tushgan umumiy summa 1,07 milliard yevroni tashkil qildi. 

COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan beri aviatashuvlar iqtisodiy jihatdan eng katta zarar ko‘rgan sohalardan biri bo‘ldi. Butun dunyo bo‘ylab joriy etilgan cheklovlar Lufthansa yo‘lovchilari oqimining to‘rt baravarga qisqarishiga olib keldi. 2020 yilda kompaniya rekord darajadagi 6,7 milliard yevro zarar ko‘rdi. Aviatashuvchining aylanmasi 2019 yildagi 36,4 milliarddan 13,6 milliard yevroga qisqardi. 

2020 yil iyun oyida federal hukumat Lufthansa’ning moliyaviy ahvolini barqarorlashtirish uchun aviakonsernga 9 milliard yevro ajratdi. Ushbu yordam doirasida hukumat WSF fondi orqali tashuvchining 20 foiz aksiyalarini taxminan 300 million yevroga oldi. 

«Kompaniya qayta tiklanganida, davlat o‘z ulushini sotadi va umid qilamanki, kichik foyda bilan, bu bizga nafaqat ushbu kompaniya uchun, balki hozir bajarishimiz kerak bo‘lgan ko‘plab majburiyatlarni moliyalashtirishga imkon beradi», - deganda o‘sha payt moliya vaziri lavozimida ishlagan Olaf Shols. 

Umuman olganda, konsern ajratilgan mablag‘ning 2,5 milliardini sarfladi. «Biz yordam paketidan kerakli darajada foydalanishimizni doimo ta’kidlab kelganmiz», dedi Lufthansa bosh direktori Karsten Shpor. 2021 yilning kuzida Lufthansa inqirozdan chiqayotganini va shuning uchun davlatni o‘z egalari orasidan olib chiqishni hamda aksiyalarni sotishni boshlash orqali olingan yordamni qaytarishni rejalashtirayotganini e’lon qildi. Bu jarayon 2 yil ichida yakunlanishi kutilgan edi, ammo yakunda qimmatli qog‘ozlar tezroq sotib yuborildi.

Mavzuga oid