Lissabonda to‘qqiz gol

Benfika  Barselona 4:5
Gollar: Pavlidis (2, 22, 30 penalti), Arauxo (68, avtogol) — Levandovski (13 penalti, 78 penalti), Rafinya (64), Garsiya (87), Rafinya (90+6). 
Benfika – Trubin, Fernandes, Otamendi, Antoniu Silva, Tomash Arauju, Ko‘kchu (Rolheyser, 80), Florentinu, Eursnes (Barreyro, 61), Skellerup (Di Mariya, 71), Pavlidis (Amduni, 80), Akturko‘g‘li (Ba, 71).
Barselona – Shesni, Balde (Ferran Torres, 74), Kubarsi, Arauxo, Kunde (Garsiya, 74), Pedri, Kasado (de Yong, 62), Rafinya, Gavi (Lopes, 62), Yamal (Martin, 90+2), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Gavi (36), Kunde (66), Fernandes (76), de Yong (90+4), Lopes (90+9). 

«Barselona»ning «Da Luj»ga oldingi tashrifi (0:3) ko‘k-anorranglilar jamoasi uchun dahshatli tush bo‘lib qolgandi. «Benfika» futbolchilari esa kuchli starti bilan o‘sha o‘yinni yana bir bor yodga solib yubordi. «Burgutlar» 2-daqiqadayoq hisobni ochishdi, Pavlidis Karrerasning qanotdan uzatmasini golga aylantirdi.

Ammo Hansi Flik jamoasi tezda o‘zini qo‘lga oldi va Levandovski Balde ishlagan penaltidan hisobni tenglashtirdi.

Polshalik to‘purar YeChLda 18-marta 11 metrlik jarima zarbasidan gol urib, bu borada Messi bilan tenglashib oldi.

Faqat mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqish uchun qulay imkoniyatga ega bo‘lgan Gavi darvozabonni aldab o‘ta olmadi, birozdan keyin keraksiz vaziyatda jarima maydonini tashlab chiqqan Shchensni Balde bilan to‘qnashib ketdi, to‘pga ega chiqqan Pavlidis esa uni bo‘sh darvozaga yumalatib yubordi.

Turning markaziy o‘yinida «Barsa» darvozaboni qiliq ko‘rsatishda davom etdi va bir necha daqiqa o‘tib penaltiga sababchi bo‘ldi. Pavlidis navbatdagi sovg‘ani mamnuniyat bilan qabul qilib, 30-daqiqada het-trikni nishonladi. Bungacha YeChL doirasidagi o‘yinlarda Faustino Asprilya, Andrey Shevchenko va Mbappe ham kataloniyaliklar darvozasiga bir o‘yinda uchta gol urishgandi, ammo ularning hech biri bunga bu qadar qisqa muddatda erishmagan.

Ikkinchi bo‘limda esa Trubin ham Shchensnidan qolishmaslikka harakat qilib, turnirning joriy mavsumidagi eng kulgili golni o‘tkazib yubordi. «Benfika» posboni to‘pni uzoqlashtirishga urinib, jarima maydoni tashqarisida turgan Rafinyaning boshini mo‘ljalladi va to‘p qaytib darvoza to‘riga borib tushdi. Ammo bu hali hammasi emasdi. Bir necha daqiqa o‘tib Arauxo Pavlidisni pokersiz qoldirdi va to‘pni o‘zi darvozaga kiritib yubordi. Yamal esa mehmonlar uchun ikkinchi penaltini ishladi va Levandovski bu safar ham bexato zarba berib, 19-penalti bilan Krishtianu Ronalduning rekordini takrorlab, o‘yinga intrigani qaytardi. 87-daqiqada Pedrining Erik Garsiyaga uzatmasi bilan hisob tenglashdi. Shuning o‘zi ham futbol uchun haqiqiy bayram edi, ammo hisob 4:4 ko‘rinishiga kelganidan keyin ham hech kim to‘xtashni istamadi.