Jahon | 08:34 / 15.09.2022
4543
4 daqiqa o‘qiladi

Armaniston Xavfsizlik kengashi: Yerevan va Boku sulhga kelishib oldi

Xalqaro hamjamiyat ishtirokida 14 sentabr oqshomidan Ozarboyjon bilan sulh bo‘yicha kelishuvga erishildi, dedi Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi. Boku hozircha Yerevan bayonotiga munosabat bildirmadi.

Foto: Dreamstime

Armaniston va Ozarboyjon sulh bo‘yicha kelishuvga erishdi, deb xabar berdi Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan 15 sentabr, payshanbaga o‘tar kechasi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Boku bilan imzolash uchun tayyorlanayotgan hech qanday hujjat yoki kelishuv yo‘q.

«Xalqaro hamjamiyatning ishtiroki tufayli 14 sentabr kuni soat 20:00 (Toshkent vaqti bilan 21:00) dan boshlab sulh bo‘yicha kelishuvga erishish mumkin bo‘ldi. Ozarboyjon bu kelishuvga amal qiladi, degan umiddamiz», - dedi Grigoryan teleefirda.

Ozarboyjon hozircha bu ma’lumotni tasdiqlagani yo‘q. Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Aram Torosyan Facebook’da mahalliy vaqt bilan soat 20:00 dan boshlab barcha yo‘nalishlarda o‘t ochish amalda to‘xtaganini, muhim hodisalar qayd etilmaganini yozdi.

14 sentabr oqshomida bir necha ming kishi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan iste’fosini talab qilib, Yerevandagi Bagramyan shohko‘chasini parlament binosi yonida to‘sib qo‘ydi. Norozilik namoyishlariga Pashinyanning Ozarboyjon bilan ma’lum bir hujjatni imzolashga tayyorligi haqidagi bayonoti sabab bo‘ldi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu Armanistonning ko‘plab fuqarolari tanqidiga sabab bo‘lishi mumkin. OAV xabarlariga ko‘ra, ko‘pchilik hukumat rahbarining parlamentdagi nutqi chog‘ida aytgan so‘zlarini o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ga da’volardan voz kechish sifatida qabul qilgan. 

Keyinroq Pashinyan Facebook’dagi sahifasida hech qanday hujjat imzolamoqchi emasligini ma’lum qildi. «Hurmatli vatandoshlar, manipulyatsiyaga berilmaslikni so‘rayman. Hech qanday hujjat imzolanmagan va imzolashga tayyorlanmayapti. Bu axborot diversiyasi bo‘lib, davlat immunitetini sindirish maqsadida, tashqi kuchlar tomonidan boshqarilyapti», dedi Armaniston vazirlar mahkamasi rahbari. 

Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati bosh vazirning so‘zlari buzib ko‘rsatilgani va «turli OAV tomonidan manipulyatsiya qilingani»ni ta’kidladi. 

Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi mojaro 13 sentabrga o‘tar kechasi yana avj oldi. Armaniston Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ozarboyjon chegaradagi Vardenis, Sotk, Artanish, Ishxanasar, Goris va Kapan aholi punktlari yo‘nalishini o‘qqa tutgan. Boku Yerevanni chegarada Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlaridagi «keng ko‘lamli diversiya»da aybladi. «Ushbu harakatlarning zudlik bilan oldini olish uchun bo‘linmalarimiz tomonidan ko‘rilgan shoshilinch choralar natijasida jang sodir bo‘ldi», deb ta’kidladi Ozarboyjon Mudofaa vazirligi va «Armaniston qurolli kuchlarining o‘q otish nuqtalarini o‘chirish va harbiy mojaro ko‘lamining kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun «zaruriy choralar» ko‘rilgani»ni qo‘shimcha qildi. 

Pashinyanga ko‘ra, Armaniston-Ozarboyjon chegarasidagi to‘qnashuvlar natijasida ikki kun ichida 100 dan ortiq arman askari halok bo‘lgan. Ozarboyjon, o‘z navbatida, harbiylar orasida 50 kishi halok bo‘lganini e’lon qildi. 

Mavzuga oid