Ikki mamlakat chegaralaridagi to‘qnashuvlar 12 sentabr tunida ro‘y berdi. Armanlar Ozarboyjon bilan chegaraning janubiy qismidan mamlakat ichkarisidagi shaharlarga hujum uyushtirilganini xabar berdi.

Ozarboyjon Mudofaa vazirligi esa «Armanistonning keng miqyosdagi provokatsiyasiga ayrim joylarda javob choralari amalga oshirilayotgani»ni ta’kidlab o‘tdi.

Chorshanba kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 10 kvadrat kilometr hududi Ozarboyjon tomonidan bosib olinganini aytib chiqdi.

Mojaro nimadan kelib chiqdi?

Alangalanayotgan to‘qnashuv Tog‘li Qorabog‘ mojarosi bilan bevosita emas, bilvosita bog‘liq — u Armaniston hududida sodir bo‘lmoqda.

Tog‘li Qorabog‘ masalasida Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi 90-yillar boshidagi bir necha yillik to‘qnashuvlar 2020 yilning kuzida yangicha kuch bilan o‘t olib, Armanistonning uzil-kesil mag‘lubiyati bilan tugadi. O‘t ochishni to‘xtatishga kelishuv asnosida Ozarboyjon Qorabog‘ning qariyb barcha hududi, shuningdek, ilgari Armaniston tomonidan bosib olingan barcha tumanlar ustidan nazorat o‘rnatdi.

Rossiya mo‘rt sulh ustidan kuzatuv o‘rnatish uchun ikki ming nafar tinchlikparvar askarlar jo‘natdi.

12 sentabr kungi to‘qnashuvlardan keyin har ikki tomondan 170 nafardan ortiq inson halok bo‘lgani aytilmoqda: Ozarboyjon Mudofaa vazirligi 71 nafar askar halok bo‘lganini bayon qildi, Armaniston tomoni yo‘qotishlari soni kamida 105 kishini tashkil etmoqda, ma’lumotlar hali aniqlashtirilmoqda.

Harbiy asirlar, garovga olinganlar va dom-daraksiz yo‘qolgan fuqarolar bo‘yicha Ozarboyjon davlat komissiyasining bugungi bayonotiga ko‘ra, Ozarboyjon so‘nggi ikki kunda chegaradagi mojaroda halok bo‘lgan Armaniston qurolli kuchlarining yuzga yaqin askarlari jasadini bir tomonlama tartibda arman tomoniga topshirishga tayyor.

Tomonlar nima demoqda?

14 sentabr kuni Ozarboyjon Mudofaa vazirligi kunduzgi soat uchdan boshlab Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari minomyotlar va artilleriya qurilmalaridan Kelbajar va Lochin tumani yo‘nalishida dislokatsiya qilingan Ozarboyjon armiyasi pozitsiyalarini o‘qqa tutgan.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev 14 sentabr kuni Yevropa Ittifoqi vakili Toyvo Klark bilan uchrashuvda Ozarboyjon bor-yo‘g‘i Armaniston provokatsiyasiga javob berayotgani, taranglik uchun bor javobgarlik arman tomonida ekanini ta’kidlab o‘tdi.