Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Veymar uchburchagi» davlatlari Ukraina harbiylarini tayyorlash bo‘yicha missiyani qo‘llab-quvvatladi
«Uzoq muddatda Ukraina qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlash faqat jihozlar bilan ta’minlash doirasidan chiqishni o‘z ichiga oladi», deyiladi Berlin, Parij va Varshava qo‘shma bayonotida.
«Veymar uchburchagi» davlatlari – Germaniya, Fransiya va Polsha Yevropa ittifoqida Ukraina qurolli kuchlarini tayyorlash va ularga yordam berish, shuningdek texnik xizmat ko‘rsatish hamda harbiy texnika ta’mirlash bo‘yicha maxsus missiya tashkil etish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi saytida 16 sentabr, juma kuni chop etilgan uch mamlakat Yevropa ishlari bo‘yicha vazirlarining qo‘shma bayonotida aytiladi.
Yevropa ittifoqi qochqinlarga boshpana berish, Rossiyaga qarshi cheklov choralari va Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish orqali Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerak, biroq «uzoq muddatda Ukraina kuchlarini qo‘llab-quvvatlash texnika bilan ta’minlash doirasidan tashqariga chiqadi», deyiladi hujjatda.
Bayonot mualliflari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini «erkinlik, demokratiya va qonun ustuvorligiga asoslangan Yevropa modeliga hujum» deb atadi.
Shu bilan birga, Germaniya, Fransiya va Polsha yana bir bor Ukrainaning Rossiyaga qarshi sud jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashini, bu, jumladan 1948 yildagi Genotsid jinoyati oldini olish va uning uchun jazo qo‘llash konvensiyasiga muvofiq Ukrainaning BMT Xalqaro sudidagi ishiga aralashish orqali amalga oshirilishini e’lon qildi. Uning maqsadi - Rossiya genotsid bo‘yicha soxta ayblovlar bilan Ukrainada harbiy harakatlar boshlash uchun qonuniy asosga ega emasligini aniqlash.
Germaniya, Fransiya va Polshaning Yevropa ishlari bo‘yicha vazirlari «Rossiya ocharchilikdan qurol sifatida foydalanayotgani va dunyoni oziq-ovqat xavfsizligi inqirozida garovda ushlab turgani»ni ta’kidlab, Yevropa ittifoqining EU Solidarity Lanes tashabbusi qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi. U Ukraina g‘allasi, shuningdek, boshqa mahsulotlarini eksport qilishda yordam beradi.
Bayonotda to‘xtalib o‘tilgan yana bir jihat - uch davlatning Ukraina xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish va Rossiya bilan o‘zaro hamkorlik tamoyillarini qayta ko‘rib chiqish niyati. «Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Yevropa ittifoqi-Rossiya munosabatlarida tub burilish nuqtasi bo‘lgani sababli, biz Yevropa ittifoqining Rossiyaga nisbatan siyosati asosiy tamoyillarini qayta belgilashimiz kerak», - deya ta’kidlagan yevropalik vazirlar.
Yevropa ittifoqi moliya vazirlarining Ukrainaga besh milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ajratish to‘g‘risidagi kelishuvi «Yevropa ittifoqining Ukraina barqarorligini qo‘llab-quvvatlash majburiyati yaqqol belgisi» deb ataldi va kelishuvga erishish uchun Kiyevga avvalroq YeI darajasida kelishilgan 9 milliard yevrolik makromoliyaviy yordam qolgan qismini taqdim etish sa’y-harakatlarini faollashtirish zarurligi aytildi.
Ukraina va Moldovaga Yevropa ittifoqiga nomzod davlatlar maqomini berish va bu davlatlar hamda Gruziyaning Yevropa istiqboli haqida gapirar ekan, bayonot mualliflari Germaniya, Fransiya va Polsha Yevropa ittifoqining kengayishini «shu nuqtayi nazardan muhim element» deb bilishini, ularni Yevropa ittifoqiga kirish mezonlariga javob berish yo‘lida qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Mavzuga oid
18:44 / 14.06.2026
Ukraina dronlari Rossiyaning kamida 14 regioniga hujum qildi
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
17:21 / 12.06.2026