08:59 / 17.09.2022
9582

Yerevan Ozarboyjon qurolli kuchlari 7,5 km masofaga kirib kelganini ma’lum qildi

Yerevan Ozarboyjon qurolli kuchlari 7,5 km masofaga kirib kelgani haqida xabar berdi. Janglar boshlanganidan beri 130 dan ortiq arman harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan, Boku 77 kishi halok bo‘lganini xabar qildi.

Foto: AFP

Ozarboyjon qurolli kuchlari Armaniston hududiga kirib, chegaradagi Jyermuk shahri tomon 7,5 kilometr olg‘a siljidi, deb xabar berdi Armaniston Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Edvard Asryan 16 sentabr, juma kuni. 

13 sentabr kuni harbiy harakatlar boshlanishidan oldin Jyermuk shahridan Ozarboyjon chegarasigacha masofa 12 km atrofida bo‘lgan. «Hozirda raqib kuchlari Jyermuk shahridan 4,5 km uzoqlikda», - dedi Asryan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjon qurolli kuchlari Syunik viloyatidagi Nerkin And aholi punkti va Gegarkunik viloyatidagi Sho‘rja yo‘nalishida ham bir-ikki kilometr ichkariga kirgan.

Ozarboyjon Qurolli kuchlari Armaniston hududiga jami olti yo‘nalish bo‘yicha kirdi, deb xabar qildi Bosh shtab. «Ba’zi hududlarda bir qancha jangovar pozitsiyalarni yo‘qotdik, raqib esa katta bo‘linmalarda mudofaamizga chuqur kirishga muvaffaq bo‘ldi. Ba’zi hududlarda raqibni dastlabki pozitsiyalariga qaytarishga muvaffaq bo‘ldik», - dedi Asryan. Bundan tashqari, Yerevan Ozarboyjon Yerevandan 125 km sharqda joylashgan Martuni shahrini o‘qqa tutayotgani haqida xabar berdi. 

Harbiy harakatlar boshlanganidan beri Armaniston tomonidan 135 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi, biroq ularning soni o‘sishda davom etishi mumkin, dedi bosh vazir Nikol Pashinyan. Boku o‘z tomonidan 77 o‘lim haqida xabar berdi. 

Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi keskinlashuv 13 sentabrga o‘tar kechasi boshlandi. Yerevan Bokuni chegaradagi shahar va qishloqlarni o‘qqa tutishda aybladi. Boku otishma Armanistonning «keng ko‘lamli provokatsiyasi»ga javob bo‘lganini bildirdi. 15 sentabr, payshanba kuni tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Armaniston rasman yordam so‘rab Rossiya va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlarga murojaat qildi. Bunga javoban KXShT «mavjud vaziyatni baholash» uchun o‘z missiyasini yuborishga qaror qildi. 

Mavzuga oid
Top