Iqtisodiyot assambleyasi rahbari Muxtor Umarov qishloq xo‘jaligi kooperativlariga qilinayotgan bosimlar borasida bir nechta tashkilot rahbarlariga videomurojaat bilan chiqdi.

“Bu ochiq videmurojaatimni yo‘llashimdan maksad – shoshilinch tarzda yechilishi zarur bo‘lgan muammo haqida aytmoqchiman. Aslida quyida xabar berayotganim muammo bo‘yicha biz prezident administratsiyasi va boshqa mutasaddi tashkilotlarga materiallarni yuborib, ular bilan ishlashni boshlab yubordik. Sizlarning vaqtingizni ko‘p sarflamaslik uchun videomurojaat qilyapman.

Muammo – qishloqlarda, dalalarda fermerlar bilan klasterlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar. Biz joylarga chiqib, o‘rganishlarni olib bordik, jamoatchilik bilan, faollar bilan birgalikda dehqonlar, fermerlarimizning o‘z pullarini tikib, yetishtirgan paxtalarini qaysidir bir klasterga majburan sotishga zo‘rlashyapti, ularga bosim o‘tkazilyapti, qo‘llarini qayirib, prokuraturaga olib borilyapti, ular klasterga topshirgan paxtalarini boshqa klasterga o‘tkazishga majburlashyapti, oilalariga tajovuzlar qilishyapti, “mana bu narxga sotasan, bu narxdan sotmaysan” deyilgan holatlar haqida ma’lumotlar kelib tushyapti. Bularni E-xat.uz orqali rasmiy ravishda yuboramiz. Bularni o‘rganib, tegishli xulosa chiqarishingizni so‘raymiz.

Nega fermerlar ba’zi klasterlar bilan ishlashni istashmayapti? Buning sabablari bor. Biz sabablarini o‘rganib chiqdik. Birinchidan, ba’zi klasterlarda to‘lovlar vaqtida qilinmaydi, yoki paxta past sortlarga tushirilib, sun’iy ravishda arzonlashtirilyapti. Yoki 10 foizlik skidka bilan qabul qilish holatlari... O‘n foizgacha skidkalar bilan qabul qilishlar, noxaqliklar... Har tomonlama: enidan ham, bo‘yidan ham urib qolishlar... Qabul qilish ishlarini qoniqarsiz tashkil qilish, qabul qilish punktlaridagi tartibsizliklar, kuzatish, tashish-tushirish ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, bu esa fermerlar uchun ortiqcha xarajatlarga sabab bo‘layotgani, ya’ni fermerlar o‘z dalalari yonidagi qabul punktlariga emas, 100 km nariga paxtalarini tashishlari, bu xarajatlarni yonlaridan qilayotganlari noroziliklarga sabab bo‘lyapti. Yoki xomashyo, o‘g‘it, yoqilg‘ilarning qimmat narxda fermerlarga sotilishi...

Hammaning xabari bor – klasterlarga davlat tomonidan arzon kreditlar berilyapti va klasterlar mana shu pullarga o‘g‘itlar va boshqa xomashyolarni sotib olib, dehqonlarga sotyapti. Ya’ni davlat tomonida to‘g‘ridan to‘g‘ri imtiyozli kredit faqat klasterga berilyapti. Klasterlar esa moddiy resurslarni olib, fermerlarga qimmatga beryapti. Hamma klasterlar ham nohaqliq qilyapti deb aytolmayman. Lekin mana shunday holatlarni biz ko‘p joylarda kuzatib turibmiz.