Sport | 16:44 / 19.09.2022
28839
16 daqiqa o‘qiladi

«Real» mojaroli derbida g‘alaba qozondi, «Roma» va Shomurodov yutqazdi, «Arsenal»da 15 yoshli vunderkind o‘ynadi

Yakshanba kuni Yevropa futbolida sodir bo‘lgan asosiy voqealar.

Ispaniya: g‘alaba raqsi

Madrid derbi arafasida mojaro yuzaga keldi, «Real» hujumchisi Vinisius Junior diqqat markazida turdi. Ispaniya sport agentlari assotsiatsiyasi prezidenti Pedro Bravo ushbu braziliyalik futbolchiga o‘z golini maymunlarga o‘xshab nishonlanmasdan, maxsus maydonchada raqs tushishni taklif qildi. Tabiiyki irqchilik mavzusi ko‘tarildi, Bravo esa so‘zlariga tushuntirish berib, metafora ishlatgani va bu so‘z «ahmoqlik qilish» ma’nosida kelganini aytdi. «Atletiko» yetakchilaridan biri Koke agar Vinisius golini raqs bilan nishonlaydigan bo‘lsa, ortiqcha muammoga duch kelishidan ogohlantirib, olovga moy sepdi.

Braziliyalik futbolchini ko‘plab taniqli vatandoshlari - Pele, Neymar va Dani Alves qo‘llab-quvvatladi. Gabriel Jyezus o‘z golini raqs tushib nishonladi, Vinisius esa ijtimoiy tarmoqda shunday post joyladi: «Men raqs tushishdan to‘xtamayman».

Ammo boshlang‘ich tarkiblar ma’lum bo‘lganida, bu tarixni barcha ma’lum muddatga unutib turdi - mavsumda birinchi marta «matraschilar»ning boshlang‘ich tarkibida Antuan Grizmann paydo bo‘ldi, Diyego Simeone uni shu vaqtga qadar biror o‘yinda 60-daqiqadan oldin maydonga tushirmagandi - klubning «Barselona» bilan shartnomasiga ko‘ra, ijaraga olingan fransiyalik hujumchi agar mavsumdagi o‘yinlarning yarmida 45 daqiqadan ko‘proq o‘ynasa, qo‘shimcha 40 million yevrolik kompensatsiya to‘lash kerak bo‘lishi aytilgan. U boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgani yoki klublar murosaga kelgani yoki o‘yinning ahamiyati yuqori ekani bilan bog‘liq - bu o‘yin «Atletiko»ning hujumlari bilan boshlandi.

Ammo bu «Real»ni qo‘rqita olmadi. Mehmonlar bosimni yengib o‘tishdi va a’lo darajadagi qarshi hujum uyushtirishdi, hujum yakunida Tshuameni to‘pni himoyachilar ortiga chiqib borgan Rodrigoga tashlab berdi. Kutilganidek braziliyalik futbolchi burchak tomon chopib bordi va Vinisius bilan raqs tushdi — tribunalarda yangragan hushtakbozliklar va otilgan turli buyumlar fonida.

Kurtuaning manziliga ham hushtakbozlik qilindi, u Madridning ikkinchi yarmidagi muxlislar kumiridan nafrat obektiga aylangan. Belgiyalik futbolchi har safar «Real»ni qutqarganida bu takrorlandi. Vinisius ijrosida yana bir sambu raqsi bo‘lishi mumkin edi - ammo uning zarbasi ustundan qaytdi, to‘pga esa birinchi bo‘lib yetib kelgan Valverde hisobdagi ustunlikni oshirdi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limida «Atletiko» to‘pni o‘z nazoratiga oldi va muntazam bosim uyushtirdi. O‘yin oxirida esa burchak zarbasi ijro etilganida Kurtua to‘pga chiqishda elementar xatoga yo‘l qo‘yib, Ermoso to‘pni yelkasi bilan darvoza to‘riga yo‘naltirishiga imkon berdi. Mezbonlarni faqat mojaroli chetlatish to‘xtata oldi: Qo‘shimcha daqiqalarda navbatdagi burchak to‘pi ijro etilayotganida Sebalos jarima maydoni ichida simulyatsiya ishlatib, gazonga yiqildi, hakam esa Ermosoga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi.

«Real» qanday qilib bo‘lmasin vazifani uddaladi va hamon yo‘qotishsiz davom etmoqda. Karlo Anchelotti jamoasi ikkinchi bo‘limda darvoza sohasiga birorta aniq zarba yo‘llay olmaganini hech kim eslab o‘tirmaydi. Lekin mavsum barcha turnirlar doirasidagi 9 g‘alaba bilan boshlangani tarixda qoladi - bu Madrid jamoasining 1968 yildan buyon qayd etgan eng yaxshi startidir.

Angliya: «Arsenal» yana birinchi

O‘tgan mavsumda «Arsenal» «Brentford» maydonida yirik hisobda yutqazgandi, ammo o‘shandan buyon vaziyat o‘zgardi. «Kanonirlar» bu o‘yinga yetakchilikni qaytarish vazifasi bilan kelishdi - bir kun oldingi o‘yinlarda g‘alaba qozongan «Manchester Siti» va «Tottenhem» Arteta shogirdlarini quvib o‘tgandi. Mehmonlar bu vazifani a’lo darajada uddalashdi. Birinchi gol ko‘p kuttirmadi va burchak zarbasi ijro etilganidan keyin Saliba bosh bilan darvozani ishg‘ol qildi.

Bu gol va Chakaning uzatmasidan keyin Gabriel Jyezus hisobdagi farqni oshirishi orasida ko‘p vaqt o‘tmadi, ikkinchi gol bilan mehmonlar o‘yin nazoratini uzil-kesil mustahkamlashdi. O‘yinning ikkinchi bo‘limi boshlanganida APLda ilk bor boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan Fabio Viyeyra uzoq masofadan aniq zarba yo‘llagach, o‘yinning qolgan qismi rasmiyatchilik uchun o‘tadigan bo‘ldi.

Mezbonlar shunchalik xavfsiz ediki, Mikel Arteta maydonga shu kuni 15 yoshu 181 kunlik bo‘lgan yarimhimoyachi Nvanerini tushirishdan tap tortmadi va uni turnir tarixidagi eng yosh futbolchiga aylantirdi.

Asosiysi «Arsenal» yana birinchi o‘rinda, ammo qizil-oqlarni terma jamoalar o‘yinlari uchun tanaffusdan keyin «Tottenhem» va «Liverpul» qiyofasidagi haqiqiy sinovlar kutmoqda.

Italiya: Grandlar mag‘lubiyatga uchragan tur

«Inter»ning Udinedagi mag‘lubiyatini istalgancha ta’riflash mumkin, ammo bu sensatsiya emas. Gap milanliklarning beqaror o‘yinida emas, balki «Udineze» yorqin o‘yin ko‘rsatayotganidadir. «Zebralar» bu turgacha to‘rt o‘yindan iborat g‘alabali seriya bilan kelishdi, mag‘lub etilgan jamoalar qatorida «Roma» (4:0) ham bor, shunday ekan, Barellaning o‘yin boshida jarima nuqtasidan urgan shohona goli mezbonlarni dovdiratib qo‘ya olmadi.

Ular ham standart vaziyatda Shkrinyarni to‘pni o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘yishga majbur qilishdi va hisobni tenglashtirishdi. O‘yin oxirida esa Deulofeuning individual mahorati Biyol muallifligidagi golga olib keldi, TsSKAning sobiq futbolchisi uzoq ustun tomon uzatilgan uzatmani boshi bilan darvozaga to‘g‘rilab qo‘ydi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Arslan yakuniy hisobni o‘rnatdi - 3:1. «Udineze» bu g‘alabadan keyin bir necha soat A Seriya turnir jadvalini boshqarib turdi.

Massimiliano Allegri zarbalarga dosh bermoqda va autsayder jamoaga qarshi o‘yindan oldin o‘zining iste’fosi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. «Bir omadsiz o‘yin va matbuot yozib chiqadi: «Allegrining faoliyati tahdid ostida». Bu kulgili», — dedi «Yuventus» bosh murabbiyi.

Ammo muammo shundaki, «Keksa sinoralar»da omadsiz o‘yinlar har qachongidan ko‘proq bo‘lmoqda. Bu murabbiyning jamoasi so‘nggi bor 31 avgust kuni g‘alaba qozongandi va olti turda faqat bir ochko olgan «Monsa»ga mag‘lub bo‘lish — quyi nuqtadir, Di Mariya birinchi bo‘limda maydondan chetlatilishi va kadrlar bo‘yicha yo‘qotishlar ham buni oqlay olmaydi.

Allegri o‘yindan keyingi intervyusida «Yuve» uchun tunnel oxirida yorug‘lik bo‘lishi haqida aytdi. Lekin bu yorug‘likka qaysi murabbiy bilan yetib boriladi? Hozircha Allegriga ishonishmoqda va bu versiyani klub rahbarlaridan biri Mauritsio Arrivabene ham tasdiqladi va shunday dedi: «Hozir Allegrini ishdan bo‘shatish ahmoqlik bo‘ladi. Unda loyiha bor va bu loyiha to‘rt yil ichida amalga oshirilishi kerak».

Kuchli uchlikda «Atalanta» o‘rnini egallash imkoniyatini boy bergan «Roma»da ham hammasi joyida emas. Ammo bu yerda xolis bo‘lib tan olish kerakki, jarohat olib safdan chiqqan Dibalasiz rimliklar jamoasida samaradorlik yetishmayapti. Maydon egalari zarbalar soni bo‘yicha raqibdan qariyb yetti barobar ustunlik qilishdi (21-4), ammo hech kim sovuqqonlik ko‘rsata olmadi, bu ishni raqiblar safidagi 18 yoshli Skalvini namoyish etdi. Uning zarba berishdagi ijro mahoratiga katta futbolchilar ham havas qilishi mumkin.

«Bo‘rilar» esa o‘ljani ushlay olmayapti. Abraham birga-bir vaziyatni yo‘qqa chiqardi, o‘yin oxirida uning o‘rniga maydonga chiqqan Shomurodovda ham uch vaziyat bo‘ldi, u birinchi holatda qulay pozitsiyada turib bosh bilan aniq zarba bera olmadi, ikkinchi holatda jarima maydoniga kirmay yo‘llagan zarbasi ustun yonidan o‘tib ketdi, navbatdagi hujumda esa o‘zi boshlagan qarshi hujumni o‘zi zarba bilan yakunlash o‘rniga, to‘pni sherigiga uzatishga qaror qildi, ammo pasni raqib himoyachisi to‘sib qoldi.

Bu o‘yinda bergamoliklar posboni Musso jarohat olgach, uni almashtirgan Sportello ham a’lo darajada harakat qildi.  Mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirgan «Atalanta» «Udineze»ni birinchi o‘rindan tushirib yubordi va «San-Siro»dagi o‘yinga qadar peshqadam bo‘lib oldi. Joze Mourino esa ikkinchi bo‘lim boshlarida hissiyotlarini jilovlab tura olmadi va maydonga chopib chiqib, qizil kartochka oldi.

«Milan» turning asosiy o‘yini arafasida o‘zining ayni vaqtdagi eng yorqin futbolchisi — Rafael Leausiz qoldi, «Napoli» esa — Osimxensiz o‘ynamoqda, lekin uning yo‘qligi janubliklar jamoasining Chempionlar ligasidagi ishtirokiga salbiy ta’sir ko‘rsatmayapti. O‘yinning birinchi raqamli yulduzi bo‘lish uchun bu safar ham Kvaratsxeliya da’vogar edi, mezbonlar nima qilib bo‘lsa ham ushbu futbolchini to‘xtatishga harakat qilishdi. Ker birinchi daqiqadayoq yelkasi bilan Xvichaning yuziga zarba berdi, ammo bu gruziyalik yarimhimoyachini to‘xtatmadi, balki g‘azablantirdi.

U o‘z imkonini izladi, ikkinchi bo‘lim boshida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Destni o‘zini jarima maydonida yiqitishga majbur qildi. Bu bir necha kun oldin «Reyndjers»ga qarshi o‘yindagi kabi ssenariy edi, ammo 11 metrli nuqtani ijro etgan Politanoga bu safar omad yordamga kelishiga to‘g‘ri keldi. Penaltichilar kushandasi hisoblangan Menyan zarba yo‘nalishini topdi, ammo to‘p uning qo‘lidan sirg‘alib chiqib, darvoza to‘riga borib tushdi.

«Milan» iroda ko‘rsatdi. Leausiz ham «rossonerilar»ning chap qanoti — har qanday raqib uchun ofatning o‘zi va buni maydon egalari sardori Ernandes isbotlab, Jiruga golli pas berdi.

Ammo bu o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan Luchano Spalletti shogirdlari o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi va Mario Ruyning Simeonega uzatmasi bilan hisobdagi ustunlikni o‘ziga qaytardi. O‘yin oxirlarida Kalulu darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi - uning zarbasi faqat to‘sinni titratdi. «Napoli» ham omad, evaziga ham o‘z sa’y-harakatlari evaziga birinchi o‘ringa qaytdi.

Fransiya: Messi va Neymar yana hal qildi

Fransiya chempionatida 100-o‘yinini o‘tkazgan Neymar pas berdi — Messi gol urdi. Bu mavsumda «PSJ» safida eski qadrdonlar xuddi «Barselona»dagi shonli davrlardagi kabi o‘ynashmoqda. Ular allaqachon besh martadan bir-biriga golli pas berishdi va Liga 1 chempionatidagi eng samarador juftlik bo‘lib turishibdi. Ikki yulduzli futbolchi ijrosidagi tezkor gol jamoaning qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda g‘alaba qozonishini ta’minladi va jamoa 8 o‘yindagi ochkolari sonini 22 taga yetkazdi, ammo parijliklar eng yaqin ta’qibchisidan uzoqlashib keta olmayapti.

Ikkinchi o‘rindagi «Marsel» hamon ikki ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda, turnir jadvalining yuqori qismidagi jamoalar bir-biriga juda yaqin joylashishgan. Uch ochkolik tizimga o‘tilganidan buyon hali hech qachon kuchli to‘rtlikdagi jamoaning jami ochkolari soni 8-turga kelib 79 ballni tashkil etmagandi - bu mavsumda sensatsiya ko‘rsatayotgan «Loryan» va «Lans»da mos ravishda 19 va 18 ochkodan bor.

Germaniya: Berlin birinchi

«Bavariya» tormozlanayotgan vaqtda, turnir jadvalining yuqori qismida kutilmagan mehmonlar joylashgan. Yakshanba kuni Bekkerning yorqin o‘yini evaziga g‘alaba qozongan «Union» yana birinchi o‘ringa chiqib oldi. Niderlandiyalik hujumchi avvaliga Sebatshening uzatmasini darvozaga joyladi, keyin himoyachilardan qochib ketdi va turnir jadvalining quyi qismida qolayotgan «Volfsburg» darvozabonini imkonsiz qoldirdi.

Avvalgi turlarda birinchi o‘rinni egallab turgan «Frayburg»  «Hoffenhaym» bilan durang o‘ynadi va endi berlinliklardan uch ochkoga ortda qolmoqda. Urs Fisher boshqaruvidagi «Union» bundesligada mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘lib qolmoqda.

Kun statistikasi

  • «Mons» A Seriyadagi ilk g‘alabasiga «Yuventus»ga qarshi o‘yinda erishgan 2-jamoa bo‘ldi.
  • Italiyaning 4 top-klubi — «Inter», «Milan», «Yuventus» va «Roma» — bir turda birgalikda mag‘lub bo‘lishi oxirgi marta 1955 yil 13 fevralida qayd etilgandi.
  • «Betis» hujumchisi Borxa Iglesias yil boshidan buyon barcha turnirlar doirasida 18 gol urdi. La ligada u samaradorlik bo‘yicha faqat Karim Benzemadan ortda (28 gol).
  • «Arsenal» safida boshlang‘ich tarkibdagi ilk o‘yinida gol urgan futbolchilar soni 19 nafarga yetdi, ammo faqat Fabio Viyeyra jarima maydoni tashqarisidan turib darvozani ishg‘ol etgan.
  • La ligada «Sevilya» yarimhimoyachisi Isko gol va pas tizimi bo‘yicha 100 ball jamladi (51 gol va 49 uzatma)
  • «Nitssa» himoyachisi Todibo o‘yin boshlanishidan 9 soniya o‘tib qizil kartochka oldi va jamoa «Anjye»ga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid