11:12 / 19.09.2022
5892

Yevroittifoqning to‘rtta davlati rossiyalik sayyohlar uchun chegaralarini yopdi

Polsha, Estoniya, Latviya va Litva sayyohlik va biznes-vizasi, shuningdek, madaniy va sport tadbirlarida ishtirok etish uchun vizaga ega rossiyaliklarning o‘z hududiga kirishini taqiqladi.

Foto: Getty Images

Yevropa ittifoqining to‘rtta davlati – Estoniya, Latviya, Litva va Polsha rossiyaliklarning o‘z hududiga kirishini chekladi. 19 sentabr, dushanba kunidan boshlab ular turistik vizalar, jumladan, uchinchi davlatlar tomonidan berilgan Shengen vizalariga ega bo‘lgan Rossiya fuqarolarini kiritmaydi.

Cheklovlar faqat sayyohlar, ishbilarmonlar, shuningdek, madaniy va sport tadbirlari ishtirokchilariga tegishli. Rossiyaliklar Shengen hududida yashovchi yaqin qarindoshlari yoki umumiy voyaga yetmagan bolalarini tarbiyalayotgan shaxsni ko‘rish uchun chegarani kesib o‘tishlari mumkin.

Bundan tashqari, istisno diplomatlar, qisqa muddatli viza berilgan va ishlash uchun ro‘yxatdan o‘tgan Rossiya fuqarolari, qisqa muddatli o‘qish vizasi egalari, shuningdek, xalqaro tovarlar va yo‘lovchi tashish sohasidagi ishchilar uchun amal qiladi. Insonparvarlik nuqtayi nazaridan ayrim shaxslarga, jumladan dissidentlar uchun ham kirishga ruxsat beriladi.

Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan keng ko‘lamli urushi munosabati bilan ruslarga vizalar va yashash uchun ruxsatnomalar berishni sezilarli darajada cheklagandi. Biroq shu paytgacha bu davlatlar orqali Yevropa ittifoqining qolgan mamlakatlariga sayohat qilish mumkin edi. Rossiyaliklar ulardan, shuningdek, Finlandiyadan Yevropa ittifoqiga quruqlik chegarasi orqali kirish uchun foydalangan. 

Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas Yevropa ittifoqining boshqa davlatlarini ham ushbu taqiqqa qo‘shilishga chaqirdi. «Biz Rossiyani urushni tugatishga majbur qilish uchun barcha vositalardan foydalanishimiz kerak», dedi u. Kallas aytishicha, rossiyaliklarning atigi 30 foizida xorijga chiqish pasporti bor, ular Rossiya elitasiga mansub va Kreml qarorlariga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega. 

Yevropa ittifoqi Rossiya bilan viza rejimini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvni bekor qildi, biroq rossiyalik sayyohlarning umumiy Yevropa darajasida kirishini taqiqlashdan bosh tortdi. 

Mavzuga oid
Top