15:33 / 20.09.2022
4383

Navalniy: Mahbuslarni urushga yollash harbiy harakatlar rivojini o‘zgartirmaydi

Mahbuslarni urushda qatnashish uchun yollash harbiy harakatlar rivojini o‘zgartirmaydi, deb hisoblaydi Aleksey Navalniy. Unga ko‘ra, bu rus qo‘shinlarida tartib-intizom masalalarini yomonlashtiradi.

Foto: Picture Alliance

Vladimir oblastidagi qattiq rejimli koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy Rossiya qamoqxonalaridagi qaysi mahbuslar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashish uchun jalb etilishi mumkinligini aytdi. Siyosatchining bunday «ko‘ngillilar»ni yollash nimaga olib kelishi mumkinligi haqidagi fikri 20 sentabr, seshanba kuni Navalniyning Twitter’dagi sahifasida e’lon qilingan. 

Muxolifatchining so‘zlariga ko‘ra, unga ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoning mazmuni aytilgan. Unda Vladimir Putinga yaqin hisoblanuvchi, mingdan ortiq mahbusni jalb qilgan deb ko‘rilayotgan biznesmen Yevgeniy Prigojin rus qamoqxonalaridan birining mahbuslari oldida shaxsan nutq so‘zlab, ularni «ko‘ngillilar» safiga qo‘shilishga chaqirgan.

Navalniy «qat’iy rejimli qamoqxona mahbusi sifatida» bunday «ko‘ngillilar»ning o‘rtacha portretini chizishga harakat qildi. U «O‘z joniga qasd qiluvchilar guruhi» filmidagi kabi «ba’zi shafqatsiz jangarilar» urushda qatnashish uchun qamoqxonalardan jalb qilinadi, degan taassurotni yo‘qotmoqchi bo‘lgan.

Navalniyning fikricha, 90 foiz hollarda urushda qatnashish evaziga afv etiladigan «qotillar, talonchilar va jinoyatchilar» tayyor jinoyatchilar emas, balki intizomsiz va bir qator qaramliklarga ega odamlardir. Navalniy jazo o‘tayotgan oddiy «qotil»ni «bir paytlar mast bo‘lib, qo‘shnisiga, spirtli ichimlik ichgan oshnasiga yoki (ko‘pincha) xotiniga 18 marta pichoq tiqib olgan», «talonchi»ni esa «ayollarni kirish eshigigacha kuzatib borgan va u yerda ularning sumkasini o‘g‘irlab ketgan alkonarkota» deb ta’rifladi.

Muxolifatchining so‘zlariga ko‘ra, bunday yollangan shaxslar «ideal askarlar»ga ularning «jangovar missiyasi hududni: «Kampir, senda alkogol bormi?» degan savol bilan aylanib chiqish bo‘lsagina aylanadi». Yollash videosidan hayratga tushishi kerak bo‘lgan mahbuslarning o‘zi, uni ko‘rgandan so‘ng, ehtimol: «Agar ular bizni urushga jalb qilishayotgan bo‘lsa, unda oddiy rus armiyasining ahvoli qanday? U umuman yo‘q, shunday emasmi?» deb savol beradi.

«Siz amin bo‘lishingiz mumkin bo‘lgan yagona narsa shundaki, omon qolgan bir necha qotillar, talonchilar va jinoyatchilar hech qachon normal hayotga qaytmaydi. Ular talon-toroj qilishda va o‘ldirishda davom etadi, faqat endi o‘zlariga nisbatan alohida munosabatda bo‘lishni talab qilib: «Biz sizlar uchun qon to‘kdik», deb baqiradi», - deya ta’kidlaydi Navalniy. 

Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zolari avvalroq mamlakat bosh prokurori Igor Krasnovga «turli, jumladan, og‘ir jinoyatlar uchun jazo muddati o‘talmagan minglab mahbuslar» Ukrainadagi urushga qanday asosda yuborilayotganiga oydinlik kiritishni so‘rab murojaat qilgan edi. 

Ularga ko‘ra, jazo muddatini o‘tamagan mahbusni faqat uchta sababga ko‘ra ozod qilish mumkin: prezident farmoni bilan afv etish, Davlat dumasi tomonidan e’lon qilingan amnistiya, shuningdek, sud qarori bilan shartli ravishda ozod qilish. Shu sababli, federal ommaviy axborot vositalari tomonidan e’lon qilingan urushda ishtirok etish evaziga avf va’dasi aniqlik kiritishni talab qiladi. 

Kreml Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun «ko‘ngillilar» deb ataluvchi shaxslarni yollashga katta e’tibor qaratmoqda, ular orasida yollanma askarlar, mahbuslar va hatto kazaklar bo‘linmalari ham bor, deb yozadi Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) dushanba, 19 sentabr kuni o‘z hisobotida. Shu bilan birga, Putin oliy harbiy qo‘mondonlik roziligisiz «ko‘ngillilar»ning urushda ishtirok etishi bo‘yicha qarorlar qabul qilyapti, bu esa prezident va Rossiya Mudofaa vazirligi rahbariyati o‘rtasidagi munosabatlarni yomonlashtirmoqda.

Iste’fodagi rossiyalik zobitlar Kreml qarorlarini tanqid qilib, «ko‘ngillilar» o‘rtasida intizom yo‘qligini bildirdi, bu esa professional harbiy xizmatchilar bilan ziddiyatga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, shoshilinch o‘qitilgan bo‘linmalarning shakllanishi rus qo‘shinlari qudratini oshirishga unchalik ta’sir qilmaydi, chunki «ko‘ngillilar» frontga kelgani haqidagi ko‘plab xabarlarga qaramay, Rossiya ular ishtirokida hech qanday operatsiya o‘tkaza olmayapti.

Mavzuga oid
Top