09:04 / 20.09.2022
5908

Shveytsariya AQSh bilan F-35A sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzdi

Shveytsariya hukumati tegishli masala bo‘yicha referendum o‘tkazmasdan AQShdan jangovar samolyotlar sotib olish bo‘yicha milliard dollarlik shartnoma imzoladi. 

Foto: aviacionline

Shveytsariya AQSh hukumati bilan 36 ta Lockheed Martin F-35A qiruvchi samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Mudofaa, jamoat himoyasi va sport vazirligining 19 sentabr, dushanba kuni e’lon qilingan bayonotiga ko‘ra, ushbu jangovar samolyotlar F/A-18 Hornets va F-5 Tigers qiruvchilarining hozirgi parkini almashtirishi kerak. 

Shveytsariyaga qiruvchi samolyotlarni yetkazib berish 2027 yildan 2030 yilgacha amalga oshirilishi kerak. Shartnoma summasi 6,035 milliard Shveytsariya franki (konvertatsiya qilinsa: 6,2 milliard yevro)ni tashkil etadi va shuning uchun shveysariyalik saylovchilar tomonidan tasdiqlangan mablag‘ning maksimal miqdori doirasida turibdi, deyiladi press-relizda. 

Shveytsariyada 2020 yil sentabr oyida mamlakat harbiy-havo kuchlari parkini modernizatsiya qilish uchun mablag‘ ajratish bo‘yicha umumiy masalaga oid referendum bo‘lib o‘tdi. Milliy kengash - Shveytsariya federal parlamentining katta palatasi 16 sentabr kuni Amerikaning F-35A mashinalarini sotib olish bo‘yicha kelishuv imzolanishini ma’qulladi. 

Ayni paytda, AQSh rasmiylari o‘tgan yilning oktyabr oyida Shveytsariyaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi.

Jangovar samolyotlarni sotib olish 2023 yilgi muntazam harbiy budjetdan moliyalashtiriladi, havo kuchlarini qayta jihozlash bo‘yicha butun dastur 9,552 milliard frankni tashkil etadi, uning uchdan ikki qismi Amerikaning Lockheed Martin konserni tomonidan ishlab chiqarilgan F-35 samolyotlari uchun mo‘ljallangan. Bu haqda Shveytsariyaning Swissinfo internet nashri xabar bermoqda.

2022 yil iyun oyida Ukrainadagi urush fonida Shveytsariya parlamentining kichik palatasi, Kantonlar kengashi Shveytsariya qurolli kuchlari budjetini 300 million frankka oshirishni ma’qulladi. 

Ayni paytda, Amerikaning F-35A qiruvchi samolyotlarini sotib olish bo‘yicha kelishuv Shveytsariyada siyosiy jihatdan ziddiyatli hisoblanadi. F-35A sotib olish uchun budjet mablag‘larini sarflash zarurati, xususan, sotsial-demokratlar, «yashillar» va «Armiyasiz Shveytsariya uchun guruh» (GSOA) a’zolari tomonidan shubha ostiga olingan.

Ular kelishuvga qarshi Stop F-35 xalq qonunchilik tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar. Biroq, shveysariyalik saylovchilar referendumni o‘tkazish uchun yetarli ovozlar to‘planganiga qaramay, bu masala bo‘yicha o‘z fikrini bildirish imkoniga ega bo‘lmadi. 

F-35A samolyotlarini sotib olishga qarshi bo‘lganlarning ta’kidlashicha, mamlakat harbiy-havo kuchlari parkini yangilash uchun 6 milliard Shveytsariya franki ajratish to‘g‘risidagi qaror atigi 50,1 foiz ovoz bilan qabul qilingan. Shu bilan birga, gap F-35 qiruvchi samolyotlarini sotib olish haqida ketmagan.

Stop F-35 tashabbusi tarafdorlari ham ushbu samolyotlar NATO uchun maxsus ishlab chiqilgan va neytral Shveytsariya uchun mos emas deb hisoblaydi.

O‘z navbatida, Shveytsariya hukumati tashabbus bo‘yicha referendum o‘tkazish uchun yetarlicha vaqt yo‘qligini ko‘rsatmoqda, chunki aks holda ushbu samolyotlar uchun amaldagi variant muddati tugashi munosabati bilan mamlakat harbiy-havo kuchlarini modernizatsiya qilish rejasi to‘xtatilgan bo‘lar edi.

Top