15:55 / 20.09.2022
4983

SSP: Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida professional mutaxassislarni yetishtirish masalalari muhokama qilindi

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti va Savdo-sanoat palatasi tomonidan “Talaba uchun tadbirkor, tadbirkor uchun talaba” tadbiri o‘tkazildi. Unda talabalar va tadbirkorlar sohadagi qator muammo va kamchiliklarni sanab o‘tishdi.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti va Savdo-sanoat palatasi hamkorligi bilan tashkil etilayotgan “To‘qimachilik sanoatidagi tadbirkorlar va talabalar o‘rtasida ochiq muloqotni rivojlantirish istiqbollari, muammo va takliflar” mavzusida To‘qimachilik sanoati ishbilarmonlari va talabalar o‘rtasida birinchi ochiq Konferensiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad, institut faoliyatini, ta’lim ko‘rsatkichi va sifatini rivojlantirish, shuningdek, tadbirkorlarga kerakli professional mutaxassislarni yaratish bo‘yicha o‘zaro erkin fikr-mulohazalar almashishdir.

 

Tadbirni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori, Savdo- sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ochib berdi. Institut rektori to‘qimachilik va yengil sanoat sohasidagi aksariyat korxona va zavodlarda mutaxassis yetishmasligi sababli xorijdan mutaxassis jalb qilinayotgani, tadbirkorlarning shunga majbur bo‘lishayotganligi haqida gapirdi. Xorijlik mutaxassislarning o‘rnini bosuvchi yuqori malakali kadrlarni yetishtirish uchun so‘nggi yillarda institut faoliyatidagi kamchiliklar o‘rganilishi ta’kidlandi.

 

“Ularning har biriga 3 mingdan 5 minggacha (AQSh dollari) maosh to‘lanadi. Bundan tadbirkor manfaat ko‘rmaydi. Majburlikdan, mutaxassis yo‘qligidan ularga murojaat qilishyapti. Lekin biz shunday maosh olib ishlaydigan, xorijlik mutaxassislarning o‘rnini bosadigan kadr yetishtirib bera olmayapmiz. Shuning uchun institutda sohani rivojlantirish uchun oxirgi yillarda nima kamchilik kuzatilgan bo‘lsa o‘rganib, chorasini topishimiz kerak” deya ta’kidladi u.

Muloqotni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti Jamoatchilik Kengashi yangi raisi tadbirkor Shoxruh Qayumov davom ettirdi.

Shundan so‘ng talabalar va tadbirkorlarning fikr-mulohazalari tinglandi. Respublikamizning turli nuqtalaridagi yetakchi tadbirkorlar jonli va onlayn tarzda muloqotda ishtirok etishdi.

Tadbirkorlardan biri Nurmuhammad Ochilov mutaxassislar yetishmovchiligi haqida gapirdi: “Ayni paytda bizga turli yo‘nalishlarda mutaxassislar yetishmayapti. Bu borada dual ta’limni joriy etish taklifini beramiz. Ya’ni talabalar uchun dars bevosita bizning korxonalarda o‘tilsin, bir soat dars o‘tilsa, qolgan ikki soatni amaliyotda bajarsin. Shunda ularda tajriba oshadi. Ayrim oliygohlarda eskidan qolgan qo‘llanmalar asosida dars o‘tilayotganiyam sir emas.

Hozir korxonamizda deyarli hamma yo‘nalishlarda mutaxassislarimiz xorijdan kelgan. Biz talabalarni shular bilan birga amaliyot o‘tashga qo‘yaylik. Ish o‘rganishsin, besh yildan keyin o‘zimizning malakali mutaxassislarimizga ega bo‘lamiz. Bizdagi potensial boshqa davlatlarda yo‘q”.

 

Tadbirkorlardan biri Nargiza Bekmurodova institutda AKT yo‘nalishi bo‘yicha yangi fakultet ochishni taklif qildi:

“Bugungi tadbirni biz tadbirkorlar ko‘p kutdik. Shundan foydalanib o‘zimning bir nechta takliflarimni berdim.

1. Sohani raqamlashtirishimiz kerak. Buning uchun institutda raqamlashtirish fakulteti ochilishi maqsadga muvofiq. Bu sohadagi butun tizimni ko‘rish va tahlil qilish imkoniyati bo‘ladi.

2. Dunyoda o‘tkazilayotgan yirik ko‘rgazmalarga institutning faol talabalarini o‘zimiz bilan olib borishimiz kerak. Talabalar ayni vaqtda to‘qimachilik sohasida dunyoda yuz berayotgan yangiliklar bilan yuzma-yuz kelishlari kerak.

3. Institutda kadrlarni qayta o‘qitish bo‘yicha 3 oylik kurslar tashkil qilish kerak.

4. Korxonalar bilan talabalarni bog‘laydigan jurnal joriy qilish lozim” deya bir qator takliflarni kiritdi tadbirkor.

 

Rektor maslahatchisi Sobirjon Hamidovning ta’kidlashicha, bu konferensiyada tilga olingan takliflar yuzasidan institut konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Oliygohda dual ta’limni yo‘lga qo‘yish hamda uni oliy ta’lim muassasalarining top ro‘yxatiga kiritish  asosiy maqsad qilingan.

Institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Azamat G‘ulomov talaba va tadbirkor o‘rtasida ko‘prik bo‘ladigan tizim yaratilishi haqida ma’lumot berdi: “Bugungi fikrlarni eshitib shunday xulosaga keldimki, institutda yagona onlayn platforma yaratishimiz kerak. Shu platformaga talaba o‘z portfoliosini joylashtirib boradi. Tadbirkor va uning korxonasi haqidagi ma’lumotlar ham kiritiladi. Bu platforma ikkala tomonni bog‘laydigan tizim bo‘ladi, ya’ni talaba o‘ziga kerakli faoliyatni o‘rganishni, tadbirkor esa o‘ziga kerakli kadrni oson topa oladi” dedi u.

Muloqotni Youtube orqali kuzatish: https://youtu.be/VvNfkx9CLHE

Savdo-sanoat palatasi Matbuot xizmati (T)

Top