O‘zbekiston | 09:56 / 21.09.2022
1796
3 daqiqa o‘qiladi

OTM huzuridagi malaka oshirish fakultetlari o‘rniga tayyorgarlik markazlari tashkil etiladi

Foto: Depositphotos

“Professional ta’lim muassasalari rahbar va pedagog xodimlari malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Oliy ta’lim muassasalar huzuridagi malaka oshirish fakultetlari o‘rniga har bir viloyatda kamida bittadan institut yuridik shaxs maqomga ega bo‘lmagan Ilg‘or professional tayyorgarlik markazlari tashkil etiladi.

Oliy ta’lim vazirligiga zarur hollarda mavjud shtat birliklari doirasidan chiqmagan holda markazlar tuzilmasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi beriladi.

Belgilanishicha, markazlar joylashtiriladigan professional ta’lim muassasalari ro‘yxati Oliy ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadi. Markazlarda har bir hududdagi professional ta’lim muassasalari o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalari diagnostikasi asosida maqsadli malaka oshirish va qayta tayyorlash amalga oshiriladi.

Ish beruvchilar o‘rta bo‘g‘in kadrlarga bo‘lgan buyurtmalari va xalqaro tan olingan tajribalari asosida kasb va mutaxassisliklar o‘quv me’yoriy va metodik hujjatlari ishlab chiqiladi hamda markazlarda tajriba sinovdan o‘tkazgan holda amaliyotga tatbiq etiladi.

Markazlarda ish beruvchilar bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali ular buyurtmalari asosida murakkab texnologik jarayonlar bilan bog‘liq bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha tezkor kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Markazlar amaliy mashg‘ulotlar uchun sarflanadigan xomashyo materiallari xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlari institutga ajratilgan budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi va institut xarajatlar smetasida mazkur xarajatlari nazarda tutadi.

Markazlar professional ta’lim muassasalari binosida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi hamda davlat budjeti va budjetdan tashqari mablag‘lar, davlat va xalqaro grantlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

Markazlar boshqaruv xodimlari cheklangan soni 8 nafarni tashkil qiladi. Markaz rahbari lavozim maoshi institut dekani lavozim maoshiga, markaz boshqa xodimlari lavozim maoshlari mos ravishda institut tegishli xodimlari lavozim maoshlariga tenglashtiriladi. Markaz professor-o‘qituvchilariga nisbatan institut professor-o‘qituvchilari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash miqdorlari va shartlari, mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlari tatbiq etiladi.

Belgilab qo‘yilishicha, qaror qabul qilinishi bilan bog‘liq budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar amalda faoliyat yuritib kelgan universitetlar huzuridagi malaka oshirish fakultetlari uchun ajratiladigan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid