Jahon | 08:46 / 21.09.2022
2989
3 daqiqa o‘qiladi

YeI kengashi Ukrainaga yana 5 mlrd yevro miqdorida yordam ko‘rsatishni ma’qulladi

Bryussel Kiyevga umumiy qiymati 9 milliard yevro bo‘lgan makromoliyaviy yordam paketidan yana 5 milliard yevro to‘lashga ruxsat berdi. Ukraina ushbu paketdan birinchi milliard yevroni avgust oyida oldi. 

Foto: Reuters

Yevropa ittifoqi kengashi 20 sentabr, seshanba kuni Ukrainaga zudlik bilan 5 milliard yevro miqdorida qo‘shimcha makromoliyaviy yordam ko‘rsatishga qaror qildi. 9 sentabr kuni Pragada bo‘lib o‘tgan norasmiy yig‘ilishda Yevropa ittifoqi moliya vazirlari yordam ajratish to‘g‘risida kelishib olishganidan so‘ng, buning uchun zarur rasmiyatchiliklar atigi 11 kun ichida yakunlandi, deya ta’kidlaydi Bryussel. 

Bu miqdor Ukrainaning makromoliyaviy barqarorlashuvi, mamlakat barqarorligini zudlik bilan mustahkamlash va saqlab qolish uchun mo‘ljallangan. Shu tariqa, Bryussel Ukraina davlat qarzining maqbul darajasini va uning moliyaviy majburiyatlarini to‘lash qobiliyatini saqlab qolishga yordam berishga harakat qilmoqda, deya ta’kidlaydi YeI kengashi.

Makromoliyaviy yordam imtiyozli shartlarda uzoq muddatli kreditlar shaklida to‘lanadi. Bu Ukrainaga umumiy summasi 9 milliard yevrogacha bo‘lgan Yevropa ittifoqining alohida makromoliyaviy yordam paketini amalga oshirish ikkinchi bosqichi bo‘lib, birinchi bosqich doirasida Kiyev 1 milliard yevro olgan.

YeI kengashi tushuntirishicha, 20 sentabrda qabul qilingan qaror YeI budjetini yo‘qotishlar xavfini qoplash uchun mablag‘ bilan ta’minlaydi - qo‘shimcha kreditlar bo‘yicha ham, allaqachon to‘langan 1 milliard yevrolik kredit bo‘yicha ham. Uni 12 iyulda berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, shundan so‘ng kredit 2022 yilning 1 va 2 avgust kunlari ikki transhda to‘liq Ukrainaga o‘tkazildi.

Keyingi qadam 3 milliard yevrogacha bo‘lgan miqdorda Yevropa ittifoqi makromoliyaviy yordamining uchinchi bosqichi bo‘yicha qaror bo‘lishi kerak. «Yevropa ittifoqi mamlakatlari moliya vazirlarining navbatdagi uchrashuvlarida men Ukrainaga qolgan uch milliard yevroni berish bo‘yicha erta kelishuvga erishishga intilaman. Lekin buning uchun bu miqdorni kredit va grantlarga bo‘lish bo‘yicha kelishib olishimiz kerak», deb tushuntirdi Chexiya moliya vaziri Zbinek Staniura. Uning mamlakati 2022 yilning ikkinchi yarmida Yevropa ittifoqiga raislik qilyapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid