O‘zbekiston | 21:16 / 22.09.2022
16325
7 daqiqa o‘qiladi

Samarqand aeroportining statusi, mahalliy reyslar uchun samolyotlar, vodiydagi yangi aeroport - Ra’no Jo‘rayeva bilan intervyu

Samarqandga FlyDubai aviakompaniyasining to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlari yo‘lga qo‘yilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida «Uzbekistan Airports» OAJ bosh direktori Ra’no Jo‘rayeva Kun.uz muxbiriga intervyu berdi.

«Uzbekistan Airports» OAJ bosh direktori Samarqand aeroportida joriy etilayotgan beshinchi erkinlik rejimi, mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirish masalasi, shuningdek Farg‘ona vodiysida qurilishi ko‘zda tutilayotgan yangi xalqaro aeroport masalasida so‘zlab berdi.

— Yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Sh.Mirziyoyev transport vazirligiga barcha davlatlarning aviatsiyaga mas’ul idoralariga Samarqand aeroportida xorijiy aviakompaniyalar reyslari va yo‘nalishlariga bo‘lgan barcha cheklovlar olib tashlanganini yetkazish vazifasini topshirdi. Bu Samarqand aeroportiga alohida bir status berilganini anglatadimi?

— Samarqand aeroporti eng zamonaviy va yangi aeroport bo‘lib, O‘zbekiston markazidagi, turistlarni jalb qiluvchi qadimiy va durdona shaharda joylashgan. Bu yerda beshinchi erkinlik rejimi joriy etilmoqda. Bu turizmni rivojlantirish uchun juda muhim rejim hisoblanadi. U bizga nimalar beradi? Bu rejim asosida turli aviakompaniyalar turli davlatlardan turistlarni keltirishlari mumkin. Bunaqa rejimlar turizm qaynagan markazlar — Istanbul, Dubay kabi yirik turistik shaharlarda joriy qilingan. Unga ko‘ra bir mamlakatning aviakompaniyasi bir mamlakatdan turistlarni olib, ikkinchi mamlakatga uchib kelishi, bu yerdan uchinchi mamlakatga uchib ketishi mumkin.

Masalan, boya savol berishdi, samarqandlik turistlar Samarqand shahridan FlyDubai aviakompaniyasi samolyotlarida Saudiya Arabistoniga uchib borishlari mumkinmi, degan mazmunda. Bu aviakompaniya 70 dan ziyod shaharlarga parvoz qiladi, Samarqanddan bu shaharlarning istalganiga uchib borish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Shuningdek, o‘sha shaharlardagi turistlarni ham Samarqandga keltirish mumkin.

Shuning uchun Samarqand aeroportiga berilayotgan alohida status Samarqandning eng avvalo o‘zining mashhurligi va jozibador shahar ekanligi, ko‘p sonli turistlarni qabul qilishga tayyor ekanligi bilan izohlanadi. Biz butun infratuzilmani imkoniyatlarni oshirishga, aviakompaniyalar bu shaharga parvoz qilishiga, ko‘proq turist olib kelishiga tayyorlaganmiz.

— Prezident yig‘ilishda mahalliy yo‘nalishda ham aviaqatnovlarni ko‘paytirish masalasini qo‘ydi. Mahalliy yo‘nalishda qatnovchi kam sig‘imli samolyotlarni xarid qilish masalasi bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda?

— Men ilgari OAV orqali bir necha bor chiqish qilib, Uzbekistan Airports OAJ shu’ba korxonasi bo‘lgan, aynan mahalliy yo‘nalishlarga ixtisoslashgan, mahalliy aeroportlarni bog‘lovchi Silk Avia aviakompaniyasi ochilayotganini xabar bergan edim. Kompaniya tuzib bo‘lindi. Hozir dastlabki uchta samolyotni keltirishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Biz allaqachon 12 nafar ekipaj a’zolarini o‘qitib, tayyorladik. Dastlabki qatnovlar yaqin orada boshlanadi.

ATR-72-600 samolyoti.
Foto: commons.wikimedia.org

Samolyotlar haqida gapiradigan bo‘lsam, ular Fransiya va Italiyada ishlab chiqarilgan turbovintli ATR-72-600 tipidagi samolyotlar bo‘lib, 74 nafar yo‘lovchini o‘z bag‘riga ololadi. Bunday samolyotlardan 10 donagacha xarid qilishga urinyapmiz.

Bu samolyotlardan nafaqat poytaxt Toshkent va boshqa shaharlar o‘rtasidagi qatnovlarni, balki Samarqand, Buxoro, Urganch va vodiy shaharlari yo‘nalishida ham ichki turizm va ziyorat turizmini rivojlantirish uchun foydalanishni ko‘zlayapmiz.

To‘g‘risini aytish kerak, bu tipdagi samolyotlarni aviabozorda topishning o‘zi qiyin. Chunki butun dunyoda mahalliy reyslarning 75 foizi mana shunday samolyotlarda amalga oshiriladi. Ular juda xaridorgir, shu sababli bozorda uni topish juda mushkul. Hozircha biz 3 dona topdik. Ular 2019 yilda ishlab chiqarilgan. Deyarli uchmagan, pandemiya e’lon qilinganidan buyon turgan. 2023-24-yillarda ATR kompaniyasidan yap-yangi samolyotlar xarid qilishni rejalashtiryapmiz. Yaqin kunlarda bu borada avia ishlab chiqaruvchi kompaniya bilan memorandum imzolanadi.

— Farg‘ona vodiysida qurilishi rejalashtirilgan yangi xalqaro aeroport bilan bog‘liq ishlar qay bosqichda?

— Biz Farg‘ona vodiysining uch yirik shahridagi har bir xalqaro aeroportni puxta tadqiqotdan o‘tkazib, har birining strategiyasini ishlab chiqdik. Bugungi holatining har bir plyus va minus tomonlarini taroziga soldik. Shuningdek, 30-50 yillik istiqboliga ham nazar tashladik. Chunki aeroportlar har yili qurilmaydi, har 5 yilda ham qurilmaydi. Bunday obektlar har 30-40 yilda bitta quriladi. Shu sababdan 50 yilgacha bo‘lgan istiqbolni puxta o‘rganib chiqib, barcha talablarga javob beruvchi zamonaviy aeroport qurish kerak.

Biz mavjud xalqaro aeroportlarni o‘rganib chiqqanimizda juda ko‘plab cheklovlar borligiga guvoh bo‘ldik. Ularning barchasi katta shaharlarga yaqin joylashgan. To‘g‘rirog‘i, o‘tgan davrlar ichida shaharlar o‘sib, aeroport ostonasigacha kelib qo‘ygan.

Bu aeroportlarni rivojlantirish uchun yana qo‘shimcha yer maydonlari kerak. Yo‘lovchilar oqimini oshirish, logistika bilan bog‘liq katta muammolar kelib chiqadi. Chunki aeroportgacha kelish va aeroportdan ketishda mashinalarni joylashtirish, yo‘llarda tirbandliklar hosil bo‘lishi bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi.

Eng asosiysi, ushbu aeroportlarda bugungi kunda havo fazosining o‘tkazish qobiliyati bilan bog‘liq muammolar bor. Shu sababli, muqobil variant sifatida vodiy markazida bitta katta xalqaro aeroport qurishni taklif qildik. Bunda har bir viloyatga yo‘lovchilarni qiyinchiliksiz qamrab olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Aeroportdan Qo‘qon, Namangan, Farg‘ona va Andijon shaharlarigacha masofa 100 kmdan kam bo‘ladi.

Vodiy yetarli tarzda aholi zich joylashgan, 15 million kishi istiqomat qiladigan hudud hisoblanadi, biz bunda Tojikiston va Qirg‘iziston shaharlarini ham inobatga olyapmiz. Buning uchun yagona va zamonaviy xalqaro aeroport qurish kerak, degan xulosaga keldik.

Hozir bu taklif ustida qaror qabul qilish jarayoni ketmoqda. Men taqdimot qilib berdim. Loyihani nemis mutaxassislari ishlab berishdi. Biz har bir viloyat hokimligi bilan ham maslahatlashdik. Ular ham plyus va minus taraflarini ko‘rib chiqishdi. Hozir so‘nggi qarorni qabul qilish, kelgusida qanday harakat qilishimiz, qaysi variantdan foydalanishimiz davlat ixtiyorida bo‘lib turibdi.

Shuhrat Shokirjonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid