O‘zbekiston | 16:02 / 06.10.2025
6841
4 daqiqa o‘qiladi

“Tavakkal emas, balki qoida” – Uzbekistan Airports samolyotlar nega zilzilada ikkinchi aylanishga o‘tishiga tushuntirish berdi

Bugun Toshkentda kuzatilgan zilzila tufayli ikki samolyot Toshkent aeroportiga yaqinlashayotganda yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Uzbekistan Airports’ga ko‘ra, zilzila vaqtida ikkinchi aylanishga o‘tish oddiygina xavfsizlik choralari emas, balki qoidalar va standartlar bilan bog‘liq. Ushbu chora aerodrom xodimlariga uchish-qo‘nish yo‘lagi va jihozlarning holatini tekshirish uchun vaqt beradi.

Foto: Uzbekistan Airports

6 oktyabrga o‘tar kechasi Qirg‘izistonda zilzila sodir bo‘ldi va yer silkinishi O‘zbekistonning bir qancha viloyatlarida, jumladan, Toshkent shahrida ham sezildi. Buning oqibatida ikki samolyot Toshkent aeroportiga yaqinlashayotganda yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.

Uzbekistan Airports’ning ma’lum qilishicha, “Aeroflot” aviakompaniyasining “Moskva-Toshkent” yo‘nalishidagi SU-1870 reysi parvoz paytida, dispetcher ko‘rsatmasiga asosan ikkinchi aylanishga (qo‘nish uchun ikkinchi urinish) ketgan. Ushbu qaror standart xavfsizlik jarayoni hisoblanadi. Ushbu manyovrdan so‘ng samolyot mahalliy vaqt bilan soat 1:50 da Toshkent aeroportiga kelib qo‘ngan.

Qayd etilishicha, ikkinchi aylanishga o‘tish bu — qo‘nish jarayoni to‘xtatilgandan so‘ng ikkinchi marotaba qo‘nishga urinish.

Zilzila sabab quyidagi holatlar yuzaga kelishi mumkin:

• uchish-qo‘nish yo‘lagini yaroqsiz holga keltirishi mumkin bo‘lgan yoriqlar, siljish va parchalanish;

• radar, meteorologik va yorug‘lik qurilmalarining joyidan siljishi yoki shikastlanishi;

• vayronalar, qulashlar va to‘siqlar;

• aloqa yoki navigatsiya tizimidagi nosozliklar.

Agar qo‘nishga yaqinlashish vaqtida silkinishlar sezilsa, uchuvchi yoki aviadispetcher manyovrni to‘xtatishga va qayta qo‘nish uchun samolyotni ikkinchi urinishga yuborishi mumkin. Ushbu chora aerodrom xodimlariga uchish-qo‘nish yo‘lagi va jihozlarning holatini tekshirish uchun vaqt beradi.

“Zilziladan so‘ng tegishli xizmatlar uchish-qo‘nish yo‘laklari, yurish yo‘llari va aerodrom jihozlarini, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan shikastlanishlar bor-yo‘qligini tekshiradi. Tekshiruv yakunlanguniga qadar samolyotlarning qo‘nishi va jo‘nashiga vaqtinchalik cheklovlar joriy qilinadi. Aerodromning yaroqliligi tasdiqlangach, parvozlar odatdagidek davom etadi. Zilzila vaqtidagi bunday choralar — oddiygina xavfsizlik choralari emas, balki ICAO qoidalari va standartlari, Xalqaro aviatsiya qo‘llanmalari, aviakompaniyalarning ichki hujjatlari, havo harakatini boshqarish bo‘yicha yo‘riqnomalar va aeroportlar xavfsizligi bo‘yicha qo‘llanmalar talablari hisoblanadi”, deya tushuntirish bergan Uzbekistan Airports kompaniyasi Aerodromlarni boshqarish departamenti.

Qo‘shimcha qilinishicha, zilzila paytida qayta qo‘nish manyovriga o‘tishni talab qiladigan aniq qoida yo‘q. Shu bilan birga, umumiy xavfsizlik qoidalariga muvofiq agar qo‘nishga yaqinlashish paytida beqaror yoki potensial xavfli sharoitlar yuzaga kelsa, ekipaj qo‘nishni to‘xtatishi va standart aylanish jarayonini bajarishi kerak.

Oldinroq Toshkentga uchgan ikki samolyot zilzila tufayli yo‘nalishini o‘zgartirgani, “Aeroflot” reysidan tashqari O‘zbekistonning MyFreighter yuk operatorining Afinadan parvoz qilgan samolyotida ham xuddi shunday holat yuz bergani xabar qilingandi.  

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid