Jahon | 08:03 / 23.09.2022
8159
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Oliy sudi iqlim siyosatiga qarshi da’voni rad etdi

Huquq himoyachilari va atrof-muhit faollari tomonidan tayyorlangan da’voda Rossiyaning iqlim strategiyasi Parij kelishuvlariga zid ekanligi va rossiyaliklarning asosiy huquqlarini poymol etishi qayd etilgan.

Foto: Picture Alliance

Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi bir guruh atrof-muhit faollari tomonidan Rossiya hukumatining iqlim siyosatiga qarshi tayyorlangan da’voni rad etdi. Tegishli ma’lumotlar 22 sentabr, payshanba kuni sud saytida paydo bo‘ldi.

13 sentabr kuni Moskva Helsinki guruhi, «Ekozashchita!-Jyensovet» harakati, shuningdek, 18 nafar Rossiya fuqarosi qo‘shma da’vo bilan chiqdi. Da’vogarlar Rossiya prezidentining «Parnik gazlar tashlamalarini kamaytirish to‘g‘risida»gi farmoniga va 2050 yilgacha parnik gazlar tashlamalari kam bo‘lgan Rossiya ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasiga qarshi chiqishni maqsad qilgan. Bayonotda ta’kidlanganidek, Rossiya iqlim strategiyasi kamida 2030 yilgacha parnik gazlar tashlamalarini ko‘paytirishni nazarda tutadi, Parij kelishuviga ko‘ra esa, Rossiya buni kamaytirishi kerak. Shu bilan birga, parnik gazlarning ko‘payishi rossiyaliklar asosiy huquqlarini, jumladan, yashash huquqi va sog‘liqni saqlash huquqini buzadi, deyiladi da’vo arizasida.

Da’vogarlar vakili Grigoriy Vaypanning Kedr.media'ga aytishicha, rad javobi berilgan taqdirda faollar Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga (IHeS) murojaat qilish niyatida. Da’vo arizasi 13 sentabrda berilgani sababli, ya’ni Rossiya Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasiga a’zo bo‘lishni to‘xtatganidan uch kun oldin - Rossiya sudi tomonidan rad etilgan taqdirda, IHeS da’voni ko‘rib chiqishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid