15:40 / 26.09.2022
24796

O‘nglanmayotgan Bo‘stonliq. Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish uchun nechta Abduhakimov kerak?

O‘zbekistonda dam olish maskanlari soni va ulardagi narxlar aholi o‘sish ko‘rsatkichlari va daromadlariga umuman mos emas. Birgina Toshkent viloyatida katta turistik salohiyat bo‘lsa-da, faqat boylar uchun yangi loyihalar qilinayotgandek ko‘rinyapti.

Prezident farmoni bilan 2022 yil 31 dekabrga qadar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida alohida ma’muriy-boshqaruv tizimi joriy qilingandi. Unda bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi (hozirgi turizm va madaniy meros vaziri) «Chorvoq» erkin turistik zonasi direksiyasi direktori lavozimini egallashi, shuningdek, Bo‘stonliq tumani hokimligi faoliyatini muvofiqlashtirib borishi ko‘zda tutilgandi.

Sodda qilib aytganda, Aziz Abduhakimovga Bo‘stonliq tumanida katta vakolatlar berilgandi. Shundan keyin Vazirlar Mahkamasining «2021-2022 yillarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ham qabul qilindi. Unda tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xususan turizm infratuzilmasining barcha mavsumda ishlash faoliyatini ta’minlash ko‘zda tutilgandi. Ammo o‘tgan ikki yil vaqt davomida yangi turistik yo‘nalishlar ochish bo‘yicha Aziz Abduhakimovga berilgan topshiriqlar ko‘ngildagidek bajarilgani yo‘q.

Viloyatda turizm imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayotganini davlat rahbari ham tanqid qildi.

«Dam olish kunlari Toshkent viloyati yo‘llarida katta tirbandliklar bo‘ladi. Chunki hamma Bo‘stonliqqa chiqadi. Nega Parkentda ham shunaqa tizim qilmaymiz? Parkent shashligi va somsasini ko‘pchilik yaxshi ko‘radi-ku. Kecha barcha mas’ullarga topshiriq berdim, Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha favqulodda holat e’lon qilamiz. Asosiy yuk Bo‘stonliqqa tushyapti, lekin bu yerda ham loyihalar oxiriga yetkazilmagan, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Shuncha imkoniyatimiz bor, lekin foydalanmaymiz. Odamlarga sharoit yaratib berilsa, dam olishga chiqishni xohlaydiganlar juda ko‘p. Xudoga shukr, xalqimizda pul bor. Lekin ularga yetarli sharoit yo‘q», – dedi prezident kuni kecha Toshkent viloyatiga safari davomida.

O‘tgan hafta Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan, ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektorda turizm vaziri Aziz Abduhakimov, moliya vaziri Timur Ishmetov, Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev va Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonovga qat’iy ogohlantirish berilgandi.

Toshkent viloyatining turistik salohiyati nega oshmayapti?

Shunchaki qayiqda sayr qilishni aksariyat o‘zbekistonliklarning cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Odamlar uchun tanlovni ko‘paytirish bo‘yicha esa arzirli ishlar qilinayotgani yo‘q. / Foto: Kun.uz

Toshkent viloyatining turizm salohiyati juda yuqori. Lekin uzoq yillar davomida bundan yetarlicha foydalanilmadi. Bahavo tabiat, qulay iqlim va yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish imkoniyati bo‘lsa-da, hududda sayyohlarni jalb etadigan yirik va zamonaviy loyihalar amalga oshirilmadi.

Hozirda Bo‘stonliqda 1 haftalik dam olish xarajati Antaliya, Tbilisi yoki Tailanddagi 1 haftalik hordiq xarajatidan qimmatga tushyapti. Hostellar, mehmonxonalar, dam olish zonalari egalari mamlakatda mulk huquqi kafolatlanmagani uchun qilgan xarajatlarini tezda chiqarib olishga harakat qilishadi. Bu esa taklif nihoyatda chegaralangan bo‘lgani sababli ham narxlarning oshib ketishiga olib kelyapti.

Bundan tashqari, ichki turizm ko‘rsatkichlarining o‘sishi aholi daromadlari o‘sishi ko‘rsatkichlaridan oshib keta olmaydi. O‘zbekistondagi aksar odamlarning turmush darajasi va daromadlari yuqori emas. Ularning Amirsoydagi avtomobil to‘xtash joylari uchun 150 ming so‘m pul to‘lashga imkoniyati yetmaydi.

Toshkent shahri aholisi yildan yilga o‘sib bormoqda. Shahardagi mavjud bog‘lar esa shiddatli tarzda ko‘ngilochar parklarga aylantirilyapti. Buning oqibatida oxirgi yillarda aholi orasida shahardan tashqariga chiqishga bo‘lgan intilish kuchaydi. Tashrif buyuruvchilar uchun ikki va uch yulduzli mehmonxonalar tizimini kengaytirish kerak. O‘zbekistonda ichki turistlarga nisbatan ham «boy qatlam» sifatida qaralib, doimiy ravishda ularga qimmat xizmatlar taqdim qilinadi.

Toshkent viloyatidagi asosiy turistik yo‘nalishlar Chorvoq, Chimyon, Amirsoy hududlari hisoblanadi. Turistlar oqimining ko‘payishi tabiiy ravishda infratuzilmaning takomillashishiga ehtiyoj yaratmoqda. Dam olish zonalarida avtoturargohlar yetarli emas, obektga nisbatan to‘g‘ri hisob-kitob qilinmagan. Mashinalar yo‘l chetiga joylashtirilishi hisobidan tirbandliklar yuzaga kelmoqda.

Turistik mahsulot to‘liq jozibadorligini saqlab qolishi uchun faqatgina dam olish maskanining o‘zini muhtasham qilish yetarli emas. U joylarga olib boriladigan yo‘llar ham kengaytirilishi kerak.

Alternativ transport vositalari ham yo‘lga qo‘yilmagan. Komfortli, panoramik oynalarga ega poyezdlar chet ellarda juda ommabop transport vositalaridan hisoblanadi.

Umuman olganda, Toshkent viloyatida turizm uchun ulkan potensial bor. Ammo bu yomon infratuzilma va narxlarning o‘ta yuqoriligi, muqobil hududlar, masalan, Parkent, Angren va Ohangaronning tog‘li qismlaridan samarali foydalanilmayotgani ortidan o‘sib borayotgan talabni qondira olmayapti.

Chorvoqning suvi qurib bormoqda

Toshkent viloyati turizmi jozibadorligini oshiruvchi kam sonli va eng asosiy nuqtalaridan biri – Chorvoq suv omboridir. Uning qurib borayotgani, atrofidagi flora va faunaga yetkazilayotgan zarar – e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan muhim jihatlardan biri.

Bu obekt yoz mavsumida ko‘plab fuqarolarni qabul qiladi. Bu yerda ekologik holatning yomonlashishi esa yoz mavsumida dam oluvchilarning oqimini boshqa kichikroq obektlarga yo‘naltiradi va o‘sha obektlarda tig‘izlik va gavjumlikni bir necha karraga oshirib yuboradi.

Foto: Kun.uz

Ayni vaziyatda «Chorvoq» suv ombori sohiliga chiqindilar tashlanishi holatining oldini olish ustida bosh qotirish kerak. Bu borada jamoatchilik nazorati va chiqindilarni tozalash xizmatidan faol foydalanish yoki kuzatuv kameralari o‘rnatib chiqindi tashlaydigan dam oluvchilarga jarima solish bilan mavjud muammoni qisman yumshatish mumkin.

Umuman, mavjud vaziyat aholi soni va dam olish maskanlariga talab oshib borayotgan bir vaqtda Toshkent shahri va viloyatida bunday obektlarni ko‘paytirish, mavjudlarini takomillashtirishga zarurat borligini ko‘rsatmoqda. Bu borada berilayotgan topshiriq va vakolatlarning ijrosi esa aytarli sezilayotgani yo‘q.

Doston Ahrorov, jurnalist

Mavzuga oid
Top