Jahon | 17:06 / 26.09.2022
9702
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya: Rossiyaning BMT Xavfsizlik kengashi a’zosi sifatida obro‘si qolmadi

Foto: Reuters

Rossiyaning BMT Xavfsizlik kengashidagi a’zoligini to‘xtatib qo‘yishga chaqirgan YeI kengashi rahbari Sharl Mishel Yevropa ittifoqining barcha davlatlari nomidan gapirdi, deb tasdiqladi Bryusseldagi tashqi siyosat xizmati.

Rossiyaning BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi sifatida obro‘si qolmadi, dedi Yevropa ittifoqi tashqi siyosat xizmati vakili Piter Stano 26 sentabr, dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda. Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto 2022 yil fevralidan emas, balki Qrim annexia qilingan va 2014 yilda Ukraina sharqida tartibsizliklar yuz bergan paytdan boshlab, u xalqaro hamjamiyatning mas’uliyatli a’zosi emasligini ko‘rsatdi.

«Yadro qurolidan foydalanish tahdididan so‘ng, Rossiya o‘zini BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi sifatida butunlay obro‘sizlantirdi, – dedi u. - Axir, ushbu kengashning doimiy a’zolari dunyo qanday yo‘nalishda harakatlanishini belgilashga mas’ul, ular tinchlik yoki urush hukmron bo‘lishini, BMT nizomi buzilishiga urinishni aniqlash uchun harakat qiladi».

Yevrokomissiya vakilining ta’kidlashicha, Sharl Mishel YeI kengashiga rahbarlik qiladi va Rossiyaning BMT Xavfsizlik kengashidagi a’zoligini to‘xtatishga chaqirib, Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lgan barcha davlatlar nomidan gapirgan. Shu bilan birga, Piter Stano Mishelning 23 sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi sessiyasida bildirgan ushbu taklifi bilan bog‘liq keyingi qadamlar haqida izoh berishdan bosh tortdi. 

Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel Rossiyaning BMT Xavfsizlik kengashidagi a’zoligini to‘xtatishga chaqirdi. «Birlashgan millatlar tashkiloti Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi asossiz, BMT Bosh assambleyasi tomonidan qoralangan urush boshlaganida, uning BMT Xavfsizlik kengashidagi a’zoligini to‘xtatib turish avtomatik tarzda amalga oshirilishi kerak», dedi u BMT Bosh assambleyasi 23 sentabr kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan sessiyasida. 

Mishel, shuningdek, YeI tajovuzkorlikdan ko‘ra chegaralarni hurmat qilishni, tahdidlardan ko‘ra hamkorlikni tanlashini ta’kidladi. «Bu eng kuchlilar qonuni emas, balki qoidalarga asoslangan tartib», - deya qo‘shimcha qildi u. 

«Brekzit»dan keyin BMT Xavfsizlik kengashining beshta doimiy a’zosi orasida Yevropa ittifoqi tarkibiga kiruvchi faqat bitta davlat bor – Fransiya. Qolgan davlatlar - Buyuk Britaniya, AQSh, Xitoy va Rossiya. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid