Sport | 14:19 / 26.09.2022
10717
9 daqiqa o‘qiladi

«Yuventus» so‘nggi 15 yildagi eng yomon inqirozni boshdan kechirmoqda. Kim aybdor va nima qilish kerak?

2006 yilda «Yuventus» Italiya futbolidagi korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lgan va «Kalchopoli» deb nomlangan mojarodan keyin V Seriyaga tushirib yuborilgan edi. Klub tez orada A Seriyaga qaytgan bo‘lsa-da, bir necha yillar davomida jadval o‘rtalarida o‘ralashib yurdi. Andrea Anelli «Yuventus» prezidenti bo‘lgach va Antonio Konte bosh murabbiylikka tayinlangach ahvol o‘zgardi. 

Foto: Getty Images

 

Ammo hozir vaziyat ancha yomon ko‘rinmoqda. To‘qqizta o‘yinda bor-yo‘g‘i ikkita - «Sassuolo» va «Spetsiya» ustidan qozonilgan g‘alaba qayg‘uli ko‘rsatkichga o‘xshayapti. 

Vaholanki, A Seriya startida «Yuventus»ning taqvimi murakkab emasdek ko‘ringandi. «Roma» va «Fiorentina»ga qarshi safardagi o‘yinlar qiyin hisoblanishi mumkin, ammo, «Sampdoriya», «Salernitana» va «Monsa»ga qarshi bahslar unday emasdi. 

«Yuventus» atigi bir marta yutqazdi – «Monsa»ga qarshi o‘yinda, Di Mariya maydondan chetlatilganidan so‘ng. Lekin bu holat umumiy vaziyatga ijobiy tus bermayapti. Chempionlar Ligasidagi ikkita mag‘lubiyat esa guruhdan chiqish imkoniyatini pasaytirib yuborgan. 

Ammo natijalar muxlislarning asosiy xavotiri emas, ularni har doim to‘g‘rilash mumkin, hatto Chempionlar Ligasida ham. Eng ko‘p savollar o‘yin sifati bo‘yicha yuzaga kelgan. «Yuventus»ning joriy mavsumdagi, ayniqsa, A Seriyadagi hech bo‘lmaganda bitta o‘yinini ko‘rgan har bir muxlis buni aytishi mumkin. «Oq-qoralar»ning deyarli barcha gollari faqat Dushan Vlahovichning jarima maydonchasi ichidagi individual harakatlari bilan bog‘liq. 

Futbolda klublar o‘yinini baholashda allaqachon xG ko‘rsatkichidan foydalanilmoqda. xG (ing. expected goals) – kutilayotgan gollar, ya’ni vaziyatlar xavfliligi va soniga qarab gol urish ehtimolini baholash.  

«Yuventus»ning xG ko‘rsatkichi hamma narsani ko‘rsatib turibdi. «Sampdoriya»ga qarshi o‘yinda – 0,95, «Roma» – 0,63, «Spetsiya» - 1,77, «Fiorentina» - 1,08, «Salernitana» - 1,84, «Monsa» - 1,21. Bular juda kichik raqamlar.  

«Yuventus»ning xG ko‘rsatkichi 2 dan yuqori bo‘lgan yagona o‘yini - «Sassuolo»ga qarshi dastlabki turdagi o‘yini bo‘ldi. Turinliklar bu ko‘rsatkich bo‘yicha «Fiorentina»dan ortda qolishdi, eng qayg‘ulisi, «Salernitana» va «Monsa»dan ham. 

Boshqacha aytganda, bu shunchaki vizual taassurot emas. Statistikaga ko‘ra, «Yuventus» kuchsiz raqiblar bilan yomon o‘ynagan, ayniqsa «Salernitana» va «Monsa» bilan sezilarli darajada. To‘g‘ri, ba’zan omad kelmagani tufayli to‘p darvozaga kirmaydi, sabr bilan mehnat qilish kerak, shunda ochkolar ham yig‘iladi. Lekin buning turinliklarga aloqasi yo‘q, «Yuventus» juda yomon o‘ynamoqda. 

Kim aybdor? 

Turinliklar bosh murabbiyi Massimiliano Allegri Chempionlar Ligasida «Benfika»dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng Italiyaning mashhur jurnalistlaridan biri Mario Skonchertiga katta intervyu berdi. Unda murabbiy o‘yin sifatiga ta’sir qilgan jarohatlar haqida ko‘p gapirdi. 

«Mavsum boshlanishidan oldin «Yuventus»ni boshqacha qabul qilishardi. Yarimhimoyada Paredes, Rabio va Pogba, shuningdek, to‘pni himoyadan olib chiquvchi Lokatelli o‘ynashi kerak edi. Qanotlarda - Di Mariya va Kiyeza, markazda Vlahovich. Endi «Yuve» ancha virtualroq. Menga asosiy tarkibning yarmi yetishmayapti. Men oldindan ishlab chiqilgan sxemalarni qo‘llay olmayman, chunki ularni qo‘l ostimdagilarga moslashtirishim kerak. «Milan» yoki «Inter»ni asosiy tarkibning yarmidan mahrum qiling, ko‘ramiz ular qanday o‘ynar ekan», dedi Allegri. 

«Raqib maydonida ijod qiladigan futbolchimiz qolmadi. Buning uchun yozda Pogba va Di Mariyani olgan edik. Hozir esa Miretti bor. Ammo u Pogba emas, u 2003 yilda tug‘ilgan yigitcha», - deb qo‘shimcha qildi murabbiy. 

Muhim lahza: «Monsa» bilan qayg‘uli o‘yin oxirida Allegri maydonga 21 yoshli Nikola Fajiole va 19 yoshli Matias Suleni tushirdi. Bu asosan klub rahbarlariga, qisman muxlislarga qaratilgan ramziy ishora edi - ular shunday og‘ir pallada kimdan foydalanayotganini ko‘rsin. 

Allegrining bahonalari aniq va mantiqiy, ularni qabul qilish mumkin. Ammo Stefano Pioli o‘tgan mavsum davomida «Milan» yetakchilari jarohatlaridan aziyat chekkan edi. Mayk Menyan, Simon Kyayer, Zlatan Ibrahimovich, Ante Rebich uzoq muddatga safdan chiqdi. Biroq, Pioli ko‘pchilikka noma’lum Per Kaluluni asosiy himoyachiga aylantirdi. U xotirjamlik bilan Kyayer o‘rnini egalladi va «Milan» Skudettoni qo‘lga kiritdi. Allegri «Yuventus»ning hozirgi resurslaridan maksimal darajada foydalanyaptimi? 

«Benfika» va «Monsa»dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng #ALLEGRIOUT (Allegri ketsin) heshtegi Twitter ijtimoiy tarmog‘ida trendga aylangani bejiz emas. Muxlislar va blogerlar Maksni har qanday murabbiyga almashtirishga tayyor, hatto «Spartak»da ishlagan Massimo Karreraga ham – kulgili holat. 

Sky Sport kanalida ekspertlik qilayotgan sobiq murabbiy Fabio Kapello aksincha, «Yuventus» ustozining yonini olmoqda. 

«Menimcha, ba’zi muammolar psixologiya bilan bog‘liq. E’tibor va o‘z-o‘zini hurmat qilish yetishmayapti. Hatto «Benfika»dek yaxshi jamoaga qarshi o‘yinda ham tashabbusni berib qo‘yish – normal holat emas. Lekin bu vaqt talab etadi. Bir yil oldin, Mauritsio Sarri, Luchano Spaletti, Allegri va Joze Mourino qaytganida, birinchi mavsumdayoq ularga baho bermaslik kerakligini aytgandim. Endi biz «Latsio»da Sarri ishining samarasini ko‘rishimiz mumkin. «Napoli» A Seriyada va Chempionlar Ligasi guruhida peshqadamlik qilmoqda. Mourino yevrokubokni qo‘lga kiritdi va jadvalda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Faqat Allegri yetishmayapti. Agar klub murabbiy xohlagan tarkibni to‘play olgan bo‘lsa, unga barcha futbolchilar tayyor bo‘lishi uchun vaqt berishi kerak. Yanvar oyida Kiyeza, Di Mariya va Pogba bilan o‘zgacha «Yuventus»ni ko‘ramiz», - dedi Kapello. 

Nima qilish kerak? 

Eski maktab vakili Allegrining ishdan olinishi vaziyatni to‘g‘rilaydimi? Sarri va Andrea Pirlo allaqachon «Yuventus»da yangicha va zamonaviyroq uslubda ishlagan edi, ammo bu natija bermadi. Garchi ikkalasiga ham ikkinchi mavsumda ishlash imkoni berilmagan bo‘lsa-da. 

Andrea Anelli klubni transmilliy ko‘ngilochar brendga aylantirmoqchi bo‘ldi, mashhur superyulduz Krishtianu Ronalduni oldi, Superliga uchun loyihalar yozdi, murabbiylar va zamonaviy futbol bo‘yicha tajriba o‘tkazdi. Ammo «Monsa»dan uchralgan alamli (aslida hisob bo‘yicha emas, mohiyatan) mag‘lubiyatga yetib keldi. Shu ma’noda, Allegrining ishdan bo‘shatilishi mantiqiy yakun bo‘lardi: bunday iste’folar hech qachon «Yuventus» klubi madaniyatining bir qismi bo‘lmagan, ammo bu shouning yana bir epizodiga aylanardi. 

Biroq, «Monsa»dan uchralgan mag‘lubiyatdan bir necha kun o‘tib, «Yuventus»da hech qanday yangilik bo‘lmadi. Allegri ishlashda davom etdi – chunki «oq-qoralar»ning moliyaviy ahvoli Maksga katta tovon puli to‘lash va yangi murabbiy yollaydigan darajada yaxshi emas. Balki, Kapello aytganidek, yanvarda hamma haqiqatan ham o‘zgacha «Yuventus»ni ko‘rar...

Mavzuga oid