O‘zbekiston | 20:23 / 28.09.2022
15232
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev temiryo‘l va aviatsiyada xalqqa yengilliklar yaratish kerakligini aytdi

Prezident huzuridagi yig‘ilishda aviatsiyani qulay, tez va sifatli xizmat ko‘rsatadigan sohaga aylantirish, temiryo‘l tranziti imkoniyatini keskin oshirish choralari belgilandi. Strategik islohotlar agentligi tarkibida transport sohasi bo‘yicha alohida guruh tuzib, asoslangan takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 sentabr kuni transport sohasida islohotlarni jadallashtirish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda uchta yo‘nalish – temiryo‘l tranziti imkoniyatini keskin oshirish, aviatsiyani qulay, tez va sifatli xizmat ko‘rsatadigan sohaga aylantirish, xalqaro tranzit yuklari uchun zamonaviy avtomobil yullari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha choralar belgilandi.

Strategik islohotlar agentligi tarkibida transport sohasi bo‘yicha alohida guruh tuzib, asoslangan takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Davlat rahbari eng asosiysi xalqqa yengilliklar yaratish ekanini alohida ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Temiryo‘l sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirishda katta o‘rin tutishi qayd etilib, bu tizimning quvvatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Xususan, zamonaviy elektr poyezdlar olib kelish, vagonlarni ta’mirlash, nosohaviy aktivlarni chiqarish orqali tizimni moliyaviy sog‘lomlashtirish zarur.

Aviatsiya sohasida ham qulayliklarni ko‘paytirish, Buxoro, Xorazm va vodiy viloyatlari aeroportlarini rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirib, xizmatlar sifatini yaxshilash kerak.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev avtomobil yo‘llarining sifati va salohiyatiga alohida to‘xtaldi. Ma’lumki, bu sohada loyihalashtirish, qurish hamda nazorat funksiyalari bitta tashkilotda jamlangan. Buning oqibatida ko‘p yo‘llarda sifat yo‘q. Shu bois yo‘l qurilishida ilg‘or standartlarni joriy etish, laborator ishlarni kuchaytirish, pudratchilar mas’uliyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, yig‘ilishda transport infratuzilmasini kengaytirish va sohani raqamlashtirishga qaratilgan vazifalar belgilandi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid