O‘zbekiston | 19:20 / 29.09.2022
45818
9 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolar o‘zlariga tegishli yerlarni xususiylashtirishi mumkin. Bu qanday amalga oshiriladi?

O‘zbekistonda yer xususiy mulkka aylanmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin bo‘ldi. Kun.uz bu boradagi savollarga javob olish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Yer islohotlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Diyor Ergashev bilan intervyu tashkil qildi.

— Fuqarolar o‘zlariga tegishli hovli uylar joylashgan yerlarni qanday xususiylashtirishi mumkin?

— Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 fevralda tasdiqlangan 71-sonli qarorida ko‘zda tutilgan. Fuqarolar xususiylashtirishni ikki shaklda amalga oshirishi mumkin: davlat xizmatlari markaziga borib ariza topshirish yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mustaqil tarzda ariza to‘ldirish mumkin.

Arizalar vakolatli organlar tomonidan inson omilidan xoli tarzda avtomatik ravishda 5 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Agar vakolatli organ bu arizani ko‘rib chiqib, ma’qul topsa, arizachiga hisobvaraqasi yuboriladi. Arizachi 10 kalendar kunida ko‘rsatilgan miqdordagi to‘lovni to‘lashi kerak bo‘ladi. Pul to‘langan zahoti besh daqiqa ichida mulk huquqini beruvchi davlat orderi mulkdorga avtomatik ravishda taqdim etiladi.

 Arizachi yerni xususiylashtirish uchun qancha mablag‘ to‘lashi kerak?

— Bu yerda majburiyat yo‘q. Yerni xususiylashtirish – ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladigan jarayon. Qonun bo‘yicha, bazaviy stavkaning karra miqdorida deb ko‘rsatilgan. Karra miqdori har bir kvadrat metr uchun yer solig‘i bazaviy stavkasining 20 baravari etib belgilangan. Bu stavkalar Soliq kodeksi bilan tasdiqlangan.

Misol uchun, Toshkent shahrida 6 sotix yer maydonini xususiylashtirish 7-9 mln so‘m atrofida bo‘lishi mumkin. Bu joylashgan hududidan kelib chiqib hisoblanadi. Viloyatlarda esa xuddi shuncha maydonni 5-6 mln so‘m bilan xususiylashtirish mumkin. Toshkent shahri uchun alohida va sal qimmatroq stavkalar belgilangan. Qolgan hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidan kelib chiqib narxlar belgilanadi.

 Yerni xususiylashtirish fuqarolar va tadbirkorlarga qanday afzalliklar beradi?

— Asosiy afzalligi – mulk daxlsizligidir. Yaqinda jamoat ehtiyoji uchun kompensatsiya evaziga yer uchastkalarini olib qo‘yish borasida qonun qabul qilindi va 1 oktyabrdan kuchga kiradi. Unda kompensatsiya evaziga qonunchilikda belgilangan holatlar bo‘yicha yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibi tasdiqlangan. Bu qonunning 1-moddasida ushbu hujjat xususiylashtirilgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilangan. Ya’ni xususiylashtirilgan yer faqatgina uning mulkdori bilan kelishilgan va mulkdor belgilagan narxda sotib olingandan keyingina davlat hisobiga tasarruf etiladi.

Misol uchun, o‘sha hududda yerning bozor narxi 1 so‘m bo‘ladigan bo‘lsa, mulkdor 10 so‘m talab qilishga haqqi bor. Ya’ni mulkdor belgilagan narxda va uning roziligi olingan holdagina xususiylashtirilgan yer uchastkasi davlat ixtiyoriga o‘tkaziladi. Qolgan holatlarda bunday imkoniyatlar mavjud emas.

Xususiylashtirishning ikkinchi afzalligi – bu yerdan garov sifatida foydalanib, banklardan kredit olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Banklar xususiylashtirilmagan, bo‘sh turgan yerlarni garov uchun qabul qilmaydi. Ammo bo‘sh yer xususiylashtirilgan bo‘lsa, uni banklar garov hisobida qabul qiladi va kerakli pul mablag‘ini kredit tarzida taqdim qilishi mumkin.

Yana bir afzallik tomoni, agar fuqaro yoki tadbirkorlar elektron onlayn auksion orqali yerni mulk huquqi bilan birga sotib oladigan bo‘lsa, hisoblangan pul mablag‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham mavjud. Bu qonunchilik orqali tasdiqlangan.

Xususiylashtirishning afzalliklari miqdoriy jihatdan kam bo‘lsa ham, katta ahamiyatga ega. Sababi bu qonunning o‘zi inqilobiy ahamiyat kasb etadi. Avvallari davlat mulki hisoblangan yer fuqaro va tadbirkorlarga bepul berilgan va kerak vaqtda jamoat ehtiyoji uchun kompensatsiya evaziga olib ham qo‘yilgan. Ba’zi bir fuqarolar aytishi mumkin, bu yer bizga ota-bobomizdan qolgan, shu paytgacha, hech kim tegmagan deb. Ammo rivojlanish bir joyda turmaydi. O‘sha olis hududlarga ham bir kuni bu jarayonlar yetib boradi va o‘sha paytda xususiylashtirilgan yer maydonlari daxlsizligi saqlanadi.

 Xususiy yerni sotish mumkinmi?

— Mulkdor yerni erkin tasarruf qilish imkoniyatiga ega. Xohlasa sotishi mumkin, xohlasa hadya qilishi mumkin.

 Bu borada minimum chegara mavjudmi? Masalan, bir sotix yerni 10 ga bo‘lib, 10 kvadratdan sotmoqchi bo‘lsa-chi?

— Har bir mulkdor xususiylashtirilgan yer uchastkasini tasarruf etishda amaldagi shaharsozlik me’yorlariga amal qilgan holda yondashishi kerak. Amalda shaharsozlik hujjatlari mavjud. Shundan kelib chiqib, yerni o‘nga bo‘lsa ham, shaharsozlik jihatidan mumkin bo‘lsa, uni bo‘lib sotishi yoki hadya etishi mumkin.

 Qonunga ko‘ra, xususiylashtirilgan yer uchastkasining rekvizitsiya qilinib olib qo‘yilishi mumkinligi investorlarni cho‘chitmaydimi? Rekvizitsiya deganda nima nazarda tutilgan, “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunni rekvizitsiya qonuni deyish mumkinmi?

— Avvalgi tahrirdagi qonunda natsionalizatsiya degan tushuncha bo‘lar edi. Ya’ni jamoat ehtiyoji uchun kompensatsiya evaziga xususiy yerni natsionalizatsiya tartibida olib qo‘yish mumkin edi. Bu siz aytgandek, investorlarni xavfga soladigan me’yor edi. Ammo xususiylashtirish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tavsiyalari va tajribalariga, qolaversa, tadbirkorlar fikriga tayangan holda 2021 yil 17 yanvarda yangi tahrirdagi qonun qabul qilindi. Mana shu takliflar inobatga olingan. Bu hujjatda natsionalizatsiya tushunchasi ham bekor qilingan.

Rekvizitsiya deganda tabiiy ofatlar yoki favqulodda vaziyatlarda shu yerga ehtiyoj tug‘ilsa, yer muayyan xavfni bartaraf etish harakatlarini amalga oshirish uchun vaqtinchalik olib qo‘yilishi mumkin. Agar ana shu davr oralig‘ida mulkka zarar yetadigan bo‘lsa, unga kompensatsiya to‘lab beriladi. Kelgusida o‘sha yer egasiga mulk huquqi bilan qaytarib beriladi.

 Xususiylashtirish yer-mulk solig‘i oshishiga olib kelishi mumkinmi?

— Bu soliqlar oshishiga olib kelmaydi. Chunki bu jarayon faqat jismoniy va yuridik shaxslarga qo‘shimcha imkoniyat va erkinliklar beradi. Shuning uchun ham yerni xususiylashtirgan mulkdor xususiylashtirilmagan yer egasidan ko‘proq soliq to‘lashi ko‘zda tutilmagan.

Aksincha, kelgusi rejalarda xususiylashtirilgan yer egalari uchun nisbatan soliqlarni arzonlashtirish takliflari ham ko‘rib chiqilmoqda. Agar bu takliflar tasdiqlanadigan bo‘lsa, bu imtiyozlar ham amalga kiritilishi mumkin.

 O‘zbekistondagi yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayonida chet elliklar ham ishtirok etishi mumkinmi?

— Qonunchilikka asosan, yerni xususiylashtirishda chet el fuqarolari va tashkilotlariga bunaqa imkoniyat berilmagan, lekin xorijiy investorlar uchun ham daxlsizlik eng muhim omil hisoblanadi. Shuning uchun ham vazirlik tomonidan hukumatga xorijiy davlat fuqarolari va investorlarga ham xususiylashtirish imkoniyatini beruvchi takliflar kiritilgan. Agar bu takliflar vakolatli organlar, hukumat va deputatlar tomonidan ma’qullansa, bu xorijiy investor uchun ham xushxabar bo‘lishi mumkin.

Albatta, hozir ularga bunday imkoniyat berilmagan, ammo ishtiyoq va xohishlari bor.

 Aytaylik, davlat maktab, shifoxona yoki shartli konsert zali qurmoqchi. Qurilish mo‘ljallangan joyda ikkita hovli joylashgan. Birinchisi xususiylashtirilgan, ikkinchisi esa yo‘q. Bunda yerni olib qo‘yish tartibi bir xil bo‘ladimi?

— Yo‘q, bu tartib butunlay har xil bo‘ldi. Siz sanab o‘tgan loyihalar jamoat ehtiyoji uchun kerak bo‘ladigan obektlar. Shunday ekan, bu ikki hovli uchun turli xildagi tartib amalga oshiriladi. Agar xususiylashtirilgan yer egasi bu qurilishga rozi bo‘lmasa, uni amalga oshirish huquqiy jihatdan mumkin emas. Agar mulk egasi bunga rozi bo‘lmasa, qurilish uning atrofida bo‘ladi yoki umuman qurilmaydi.

Xususiylashtirilmagan yerni olib qo‘yish uchun esa kompensatsiya asosida yerni olib qo‘yish mexanizmi ishga tushadi. Bu ham bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

 Qaysi turdagi yerlarni xususiylashtirish mumkin emas?

— Bu qonun bilan aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Ya’ni tarixiy-madaniy merosga tegishli bo‘lgan yer uchastkalari, mudofaa va xavfsizlik hududlariga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish mumkin emas. Ular davlat tomonidan muhofaza qilinadi.

Doston Ahrorov suhbatlashdi.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid