O‘zbekiston | 14:34 / 29.09.2022
39112
6 daqiqa o‘qiladi

Fuqaroni bo‘g‘ib qiynagan “oper”lar sudda oqlandi. Farg‘ona viloyat IIBdagi vaziyat izidan chiqqanmi?

Farg‘onada IIB xodimlari quyushqondan chiqmoqda. Vakolat chegarasidan chiqib, fuqarolarga jismoniy tajovuz qilmoqda. So‘nggi yillarda jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan holatlar viloyatdagi vaziyat isloh qilishga muhtoj ekanidan darak beryapti.

Farg‘ona shahri ichki ishlar bo‘limi xodimlari xizmat xonasida fuqaroni kaltaklagan. Xonadagi kuzatuv kamerasi qayd etgan tasvirda ichki ishlar xodimi xizmat kiyimidagi ikki nafar shaxsning biri fuqaroni bo‘g‘ib qiynayotgani, bu vaqtda ikkinchi xodim uni ayovsiz kaltaklayotgani ko‘rinadi.

Olishuv boshlangan vaqtda xonada bo‘lgan, janjalda ishtirok etmagan uch nafar erkakning faqat bittasi fuqaroni ichki ishlar xodimlari qo‘lidan ajratishga urinadi. Biroq shunda ham xodimlar fuqaroga kuch ishlatishda davom etishadi.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov Kun.uz’ga fuqaroga kuch ishlatgan xodimlar hududiy ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat-qidiruv bo‘limi katta tezkor xodimi va profilaktika inspektori ekanini ma’lum qildi. Ular tomonidan qiynoqqa solingan shaxs esa Azizbek Meliboyev ekani ma’lum.

 Kuzatuv kamerasi yozib olgan videodan lavha.

Shoxruh G‘iyosov o‘z Telegram-kanalida voqea bundan bir yil muqaddam, 2021 yil 14 iyulda Farg‘ona shahri IIBda sodir etilganini ma’lum qildi. G‘iyosovning bayonotida keltirilishicha, ro‘y bergan holat yuzasidan prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda 2021 yil 2 dekabrda sudga oshirilgan.

Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning bayonotida javobgarlikka tortilgan xodimlarning har ikkisi profilaktika inspektori ekani keltiriladi. Qayd etilishicha, bu xodimlar Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudining 2022 yil 14 martdagi hukmi bilan har ikkisiga nisbatan ish haqining 30 foizini davlat foydasiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Biroq, Farg‘ona viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 23 avgustdagi hukmiga ko‘ra, M.A. va B.T.ning xatti-harakatlarida “jinoyat alomatlari mavjud emas”ligi sababli ular aybsiz deb topilgan va ularning har ikkisi JPKning 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan reabilitatsiya qilingan.

Bu hukm ustidan Farg‘ona viloyati prokurori kassatsiya tartibida Oliy sudga protest kiritgan. Bu protest belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun rasmiylashtirilayotgani ma’lum qilinadi.

“Jinoyat ishi Oliy sudda kassatsiya tartibida ko‘rilishi bo‘yicha sud jarayoni yakuni yuzasidan batafsil axborot beriladi”, deyiladi Oliy sud raisi matbuot kotibi axborotida.

Kuzatuv kamerasi yozib olgan videodan lavha.

IIV axborot xizmati rahbari Shoxruh G‘iyosov bu xodimlar sud tomonidan oqlangan bo‘lsa-da, o‘tgan yili, ya’ni hodisa sodir bo‘lgan vaqtda ularga intizomiy jazo qo‘llanganini ma’lum qildi. Jumladan, Jinoyat-qidiruv bo‘limi katta tezkor xodimiga qattiq hayfsan berilgan bo‘lsa, profilaktika inspektori hayfsan bilan jazolangan.

Vazirlik mutasaddisi holat bo‘yicha to‘plangan barcha materiallar, jumladan, voqeaning videoyozuvi ham prokuratura organiga hududiy ichki ishlar boshqarmasi tomonidan taqdim etilgani, bu jarayonda hech narsa yashirilmaganini bildirdi.

Shoxruh G‘iyosov voqea tafsilotlaridan to‘liq xabardor emasligi, aslida ichki ishlar tizimi rahbariyati fuqarolar bilan muloqot chog‘ida quyushqondan chiqib ketadigan, lavozim vakolatlarini suiiste’mol qiladigan xodimlarga nisbatan toqatsiz ekanini aytmoqda. U ushbu xodimlar sud tomonidan oqlangani uchun ishlab yurgani, sud qarorlari ijrosi barcha uchun birday majburiy ekanini ta’kidlamoqda.

Kuzatuv kamerasi yozib olgan videodan lavha.

Bu voqea Farg‘ona viloyat IIB xodimlari fuqaroni qiynoqqa solgani hamda vakolat chegarasidan chetga chiqqani ehtimol tutiladigan yagona holat emas.

Shu yil 27 avgust kuni Quvasoy shahrida 60 yoshli fuqaro IIB xodimlari tomonidan “mastlik holatini tekshirish uchun tibbiyot birlashmasiga olib ketilayotganda” sog‘ligi yomonlashib vafot etgani aytildi. Ammo marhumning yaqinlari buning butunlay aksini, marhum o‘limidan avval profilaktika inspektori xonasiga olib kirib qiynoqqa solinganini aytishmoqda. Afsuski, marhum qanday qilib uchastkavoylar qo‘liga tushib qolgani-yu, nega mastlik holatini tekshirish kerak bo‘lgani hozircha jiddiy o‘rganilgani yo‘q.

O‘tgan yilning aprelida, karantin qoidalari yengillab, odamlar ko‘chalarda tibbiy niqoblardan deyarli voz kechib bo‘lgan kezlarda Farg‘ona viloyatining Quva tumanida 20 yoshli Ahror Anvarov “tibbiy niqobsiz ko‘chada yurgani uchun profilaktika inspektori xonasiga suhbatga olib kirilgani”dan ko‘p o‘tmay vafot etgandi. Ahror Anvarovning yaqinlari ham uning IIB idorasiga olib kirilguniga qadar sog‘lig‘idan hech qanday shikoyati bo‘lmaganini aytishgan.

Sallasi desa kallasini olib kelishga o‘rgangan farg‘onalik IIB xodimlari yaqinda bloger Olimjon Haydarovni asossiz ayblovlar bilan 15 sutkaga qamoqqa tiqishga muvaffaq bo‘lishgandi. Ammo oradan 2 kun o‘tib, Haydarov aybsiz deb topilgan bo‘lsa-da, unga nisbatan “material” tayyorlagan xodimlarning javobgarlik masalasi yumaloq yostiq qilib yuborildi.

Qo‘l ostidagi xodimlarini muttasil haqorat qilib keladigan Quva tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari mayor Aziz Ahmadjonovning qilmishlari yuqoriga ma’lum bo‘lgan esa-da, unga faqatgina so‘kingani aks etgan audiolar internetda tarqalgach chora ko‘rildi. Shunda ham tizimdan chetlatilmadi. Shu xulqi bilan tumanlardan birida profilaktika inspektori bo‘lib qoldi.

Mavzuga oid