22:35 / 29.09.2022
10174

Guterrish Ukrainaning bosib olingan hududlarida o‘tkazilgan «referendum»lar natijalari tan olinmasligini aytdi 

Antoniu Guterrishning ta’kidlashicha, "Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarini qo‘shib olish to‘g‘risidagi har qanday qaror yuridik kuchga ega emas va muhokama qilinmaydi".  

Foto: Reuters

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish «DXR», «LXR», Xerson va Zaporijjya oblastlarida o‘tkazilgan «referendum»lar natijalariga ko‘ra ularning Rossiyaga qo‘shilishini qabul qilib bo‘lmasligini aytdi. 

"Kreml ertaga Moskvada Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporijjya oblastlari annexiasi jarayonini boshlab beradigan marosim o‘tkazilishini e’lon qildi. Bu tahdid onlarida men BMT nizomini bajarishni bosh kotib sifatidagi burchim deb bilaman", - dedi Guterrish.

Uning qayd etishicha, davlat hududining har qanday annexiasi BMT nizomi va xalqaro huquqning buzilishi hisoblanadi. Guterrish Rossiya BMT Xavfsizlik kengashining beshta doimiy a’zolaridan biri sifatida BMT nizomi bajarilishi uchun javobgar ekanligini ta’kidladi. 

"Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarini qo‘shib olish to‘g‘risidagi har qanday qaror yuridik kuchga ega emas va muhokama qilinmaydi", - dedi u. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qaror "xalqaro huquqiy bazaga muvofiq emas, xavfli eskalatsiya hisoblanadi" va "bu qaror qabul qilinmasligi kerak". 

"Okkupatsiya qilingan hududlardagi «referendum»lar faol qurolli nizo vaqtida, Rossiya egallab olgan hududlarda va Ukrainaning huquqiy va konstitutsion maydonidan tashqarida o‘tkazildi. Ularni xalq irodasining haqiqiy ifodasi deb bo‘lmaydi", - dedi Guterrish. 

27 sentabr kuni Ukrainaning bosib olingan to‘rt hududida Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha besh kunlik «referendum»lar yakunlandi. 

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 30 sentabr kuni Kremlda Rossiya tarkibiga yangi hududlarni qo‘shish bo‘yicha kelishuvlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top