09:05 / 01.10.2022
7243

Huquq himoyachilari rossiyaliklar uchun viza qoidalarini kuchaytirishga qarshi chiqdi

Pro Asyl tashkiloti va Germaniyaning «Respublika advokatlar uyushmasi» vakillari Ukrainaga qarshi urushda qatnashishni istamagan rossiyaliklar uchun Yevropa ittifoqi chegaralarini ochishga chaqirdi.

Foto: Unsplash

Germaniyadagi huquq faollari 30 sentabr, juma kuni Yevrokomissiyaning rossiyaliklarga Shengen vizasi berilishi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha shu kuni e’lon qilingan tavsiyalarini keskin tanqid qildi.

«Ilva Yoxansson matbuot anjumanida bir necha bor yangi qoidalar boshpana olish huquqiga ta’sir qilmasligini takrorlagan bo‘lsa-da, bu muammoning mohiyatini aks ettirmaydi. Agar Yevropa ittifoqiga kirish imkoni bo‘lmasa, u holda harbiy xizmatdan bosh tortgan fuqarolar, muxolifat faollari yoki jurnalistlar boshpana so‘rab murojaat qila olmaydi», — deyiladi Pro Asyl inson huquqlari tashkilotlari va «Respublika advokatlar uyushmasi» qo‘shma bayonotida.

Ular «haqiqiy qochish yo‘llarini yaratish hamda jinoiy rejim va urushdan qochib qutulishni istagan odamlarni haqiqiy himoya qilishni» talab etmoqda.

«Rossiyadan urushda qatnashishni istamaganlarni hech qanday bahonasiz darhol himoya qilish kerak!» - deyiladi hujjatda. Huquq himoyachilarining fikricha, Rossiyadan kelgan urush muxoliflariga nisbatan Germaniya hukumati o‘zining insonparvarlik mas’uliyati va inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlariga muvofiq harakat qilishi kerak.

«Hukumat a’zolarining urushdan qochmoqchi bo‘lganlar himoya qilinadi, degan bayonotlaridan so‘ng samarali choralar ko‘rilishi kerak», - deya ishonch bildirgan hujjatga imzo qo‘yganlar.

Yevropaning Pro Asyl bo‘limi rahbari Karl Kopp avvalroq DW nashriga bergan intervyusida urushdan qochgan rossiyaliklarning Yevropa ittifoqiga kirishi uchun umumevropa yechimini topishga chaqirgan edi.

Yevropa ittifoqining ichki ishlar bo‘yicha komissari Ilva Yoxansson 30 sentabr kuni Rossiya fuqarolariga viza berishda Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlar xavfsizlik nazoratini kuchaytirishi kerakligini aytdi. Bundan tashqari, Yevropa ittifoqi davlatlari bu borada chegara nazoratini kuchaytirishi kerak, dedi u.

Yevropa komissiyasi (YeK) saytida aytilishicha, Yevropa ittifoqi vizalarini berishning qattiq qoidalari safarbarlikdan qochgan rossiyaliklarga ham tegishli. «Agar ariza beruvchi (masalan, safarbarlikdan qochgan shaxs) Yevropa ittifoqida uzoq vaqt qolishni rejalashtirsa, a’zo davlatlar konsulliklari uning arizasini uzoq muddatli vizalar berish bo‘yicha amaldagi milliy qoidalarga muvofiq ko‘rib chiqishi kerak», - deyiladi YeK matbuot xizmati xabarida. 

Shu bilan birga, Yevropa ittifoqining har bir davlati har bir alohida holatda insonparvarlik vizasi berish maqsadga muvofiqligini mustaqil baholash huquqiga ega, deyiladi YeK bayonotida.

«Bugungi yo‘l-yo‘riq - prezident Putin tomonidan boshlangan urushning yaqinda avj olganiga munosabat. Xavfsizlikka tahdid real narsadir, - deya tushuntirdi Yoxansson. - Yevropa ittifoqi o‘zini va fuqarolarini himoya qiladi. Rossiya fuqarolarining Yevropa ittifoqida qisqa muddatli bo‘lishi uchun vizalarga nisbatan qat’iy qoidalarni ta’minlaymiz, ammo himoyaga muhtoj bo‘lganlar uchun eshiklarni yopmaymiz».

Ayni vaqtda, Yevrokomissiya Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlarga Rossiya fuqarolari uchun chegara nazoratini kuchaytirishni va ilgari berilgan Shengen vizalarini «hozirgi geosiyosiy kontekstdagi individual vaziyatdan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqishni» tavsiya qildi.

«Viza kodeksining 30-moddasiga ko‘ra, vizaga ega bo‘lish o‘z-o‘zidan Shengen hududiga kirish huquqini bermaydi. Agar vizani bekor qilish yoki olib qo‘yish uchun asoslar mavjud bo‘lsa, chegara qo‘shinlari vizani bergan a’zo davlat qaroridan qat’i nazar, tegishli qaror qabul qilishi mumkin», - deya ta’kidlaydi Yevropa komissiyasi.

Shu bilan birga, YeK bildirilgan tavsiyalar siyosiy boshpana olish huquqini cheklamasligini qayd etdi.

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Top