1950 yilda SSSRda Paxtachilik vazirligi tashkil etiladi va Usmon Yusupov unga vazir etib tayinlanadi. Vazirlik zimmasiga O‘rta Osiyoda paxta hosilini ko‘paytirish bilan birga Rossiya, Ukraina va Moldaviyada ham «Oq oltin» yetishtirish vazifasi qo‘yiladi. Stalin qo‘llagani uchun bu ishga hech kim e’tiroz bildira olmaydi. 1953 yil Stalin vafot etganidan 10 kun o‘tib umuman samara bermagan, aksincha paxtakorlar uchun «boshog‘riq bo‘lgan» vazirlik tugatiladi.

Azaldan paxta faqat Osiyo va Afrikaning issiq va sersuv joylarida, jumladan O‘zbekiston hududida yetishtirilgan. Amerika qit’asi kashf etilgach, yevropaliklar okean ortida ham paxta yetishtira boshlaydi.

Unumdor yerlar, quldorlikning avj olishi va dengiz orqali boshqa mamlakatlarga yetkazib berishning qulayligi tufayli XIX asr boshlariga kelib AQShda paxta yetishtirish juda ommalashadi.

Yevropada «sanoat inqilobi» boshlanganda ko‘plab sohalar qatori to‘qimachilik ham rivojlanadi. Natijada tolaga talab oshadi va Amerikadan Yevropaga paxta olib kelish ko‘payadi.

1860-1865 yillarda AQShda sodir bo‘lgan fuqarolar urushi tufayli Yevropaga paxta kelishi keskin qisqaradi. Oqibatda, nafaqat Yevropada, balki paxta xomashyosini ko‘hna qit’a orqali oladigan Rossiyada ham paxta tolasi taqchilligi boshlanadi.

Shundan so‘ng Rossiya O‘rta Osiyoni zabt etishga jiddiy kirishadi va asosiy paxta yetishtiriladigan Qo‘qon xonligi egallanadi. Xonlik tugatilib, uning hududi Rossiya imperiyasiga qo‘shib olinadi.

Oradan biroz o‘tib O‘rta Osiyoga Chor Rossiyasidan savdogarlar kelib, mahalliy aholidan paxta tolasini xarid qilib, Rossiyaga jo‘nata boshlaydi.

Paxtaga talab oshgan sayin mahalliy dehqonlar uni ko‘proq eka boshlashadi. Bu orada Rossiyadan paxta tozalovchi ilk dastgohlar olib kelinadi.

Tarixdan ma’lumki, Chor Rossiyasi Qo‘qon xonligini bosib olib, Xiva xonligi va Buxoro amirligini vassalga aylantirganda mulk daxlsizligiga aralashmaydi.

Shu sababli, O‘rta Osiyoda paxta yetishtirish majburlash bilan emas, bozorda paxtaga talab ortgani tufayli ko‘payib boraveradi. Shu tariqa paxta XIX asr oxiri, XX asr boshlarida O‘rta Osiyoda yetishtiriladigan asosiy ekin maqomini oladi.

Rossiyada Oktyabr to‘ntarishi, SSSRning tuzilishi, undan keyin kollektivlashtirish– bu davrlarda sovet ittifoqi tarkibiga kiritilgan O‘rta Osiyo respublikalarida paxta yetishtirish talabga qarab oshirib borilaveradi.