Jahon | 20:01 / 04.10.2022
18906
5 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya raketasi Yaponiya ustidan uchib o‘tdi

Shimoliy Koreya otgan ballistik raketa Yaponiya hududi ustidan uchib o‘tdi. Tahlilchilar fikricha, bu Tokio va Vashingtonning e’tiborini tortish uchun qasddan qilingan harakatdir.

Foto: Getty Images

Ballistik raketa 4500 kilometrga yaqin masofani bosib o‘tdi va Tinch okeaniga quladi. Agarda u boshqa yo‘nalish bo‘ylab uchganida Amerikaning Guam oroligacha yetib bora olardi. 

Bu Shimoliy Koreyaning 2017 yildan buyon Yaponiya ustidan uchirgan birinchi raketasidir.

Yaponiya hukumati aholini ogohlantirdi, ayrimlarga boshpanalarga yashirinish tavsiya qilindi.

BMT rezolyutsiyalarida Pxenyanga ballistik raketa va yadro quroli sinovini o‘tkazish taqiqlangan. Boshqa mamlakatlarga qarata yoki ularning hududlari ustidan hech qanday ogohlantirishsiz yoki maslahatlashuvlarsiz raketa uchirish ham xalqaro me’yorlarga zid. 

Aksariyat mamlakatlar bunday parvozlarni aslo amalga oshirmaydi, chunki bu hujum deb qabul qilinishi mumkin. 

Xabarlarga ko‘ra, Hokkaydo oroli va Aomori shahri aholisi sirenalar tovushidan uyg‘onib ketdi va quyidagi mazmunda matnli xabar oldi: «Shimoliy Koreya raketa uchirdi. Iltimos, evakuatsiya qiling yoki yerto‘lalarga tushing».

Raketa Yaponiya uzra parvoz qilayotgan vaqtda fuqarolarga uning parchalari tushishi ehtimoliga tayyor turish tavsiya qilindi. 

Keyinroq rasmiy shaxslar o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketa Tinch okeaniga tushganini bildirdi.

Raketa Shimoliy Koreyaning avvalgi barcha raketalaridan uzoqroq masofaga uchdi va qariyb 1000 km balandlikka ko‘tarildi – bu Xalqaro kosmik stansiya orbitasidan balandroq. 

Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida ushbu parvozni «tajovuzkorona harakat» deb atadi, mudofaa vaziri Yasukazu Hamada Yaponiya o‘z mudofaasini kuchaytirishdan, jumladan, qarshi hujum ehtimolidan boshqa variantni ko‘rmayotganini aytdi.

AQSh milliy xavfsizlik kengashi vakili Edriyenn Uotson bu holatni «mintaqani beqarorlashtirgan xavfli va nooqilona qaror» deb baholadi.

Yaponiya, AQSh va Janubiy Koreya birgalikda KXDRdan keladigan xavfga javob sifatida mudofaani mustahkamlash ustida ishlamoqda. 

O‘tgan haftada uch mamlakat 2017 yildan beri ilk marta qo‘shma harbiy-dengiz mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Bunday mashg‘ulotlar anchadan buyon Kim Chen Inning noroziligiga sabab bo‘lib keladi. U buni dushmanlarining urushga tayyorlanishiga dalil deb hisoblaydi. 

2017 yildagi mashg‘ulotlardan so‘ng Pxenyan javob sifatida Yaponiya ustidan ikkita raketa uchirgan, bir haftadan keyin esa yadroviy sinovni o‘tkazgandi. 

Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya yana bir yadroviy sinovni o‘tkazishga tayyorlanmoqda. 

Tahlilchilar taxmin qilishicha, Pxenyandagilar Shimoliy Koreyaning asosiy ittifoqchisi – Xitoy kommunistik partiyasining oy oxirida Pekinda bo‘lib o‘tadigan qurultoyi yakuniga yetishini kutmoqda. 

Ammo ayrim ekspertlar yangi sinov kutilganidan oldinroq o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi savolni bermoqda – ular seshanba kungi parvoz Shimoliy Koreya yadroviy sinovlar uchun zamin tayyorlayotganidan darak beradi deb hisoblamoqda. 

Bu Shimoliy Koreya raketalarining bir hafta ichida beshinchi marta uchirilishi. Shanba kuni ikkita raketa Yaponiya iqtisodiy hududi tashqarisiga tushgandi. 

Qoidaga ko‘ra, Shimoliy Koreya raketalari qo‘shni mamlakatlar hududidan baland va uzoqqa ketadigan yo‘nalishda harakatlanadi. 

Ammo ballistik raketaning Yaponiya orollari ustidan uchib o‘tishi Shimoliy Koreya olimlariga harbiy harakatlar vaqtidagiga o‘xshash sharoitlarda sinovlar o‘tkazish imkonini beradi, dedi tahlilchi Ankit Panda.

Sentyabrda Shimoliy Koreya yadroviy davlat deb e’lon qilindi, KXDR rahbari Kim Chen In esa denuklearizatsiya borasida muzokaralar o‘tkazilmasligini aytdi. 

Pxenyan 2016 yildan 2017 yilgacha oltita yadroviy sinov o‘tkazgan, buning uchun keng miqyosdagi sanksiyalar ostida qolgan.

Ammo Kim Chen In yadroviy va raketa sinovlariga qo‘yilgan taqiqlarni rad etib keladi. Uning ta’kidlashicha, sinovlar mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash uchun zarur.

Mavzuga oid