09:28 / 04.10.2022
9553

Shvetsiya «Shimoliy oqim»dan sizib chiqish ro‘y bergan suv hududini o‘rab oldi

Shvetsiya iqtisodiy zonasidagi «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» quvurlaridan gaz sizib chiqayotgan hududda kemada yurish taqiqlandi. Tergovchilar sabotaj harakatini quvurlarga zarar yetkazishning ehtimoliy sababi deb hisoblayapti.

Foto: news.com.ua

Shvetsiya hukumati qirollikning iqtisodiy zonasidagi «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» quvurlaridan gaz sizib chiqayotgan hududni Boltiq dengizi doirasida o‘rab olishni buyurdi. 3 oktyabr, dushanba kuni davlat prokurori Mats Yungkvist aytishicha, bu voqeani qo‘shimcha tekshirish uchun zarur. Tergovchilarning fikricha, sabotaj gaz quvurlarining shikastlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘rab olish radiusi taxminan besh dengiz mili (9 kilometrga yaqin) deb aytilgan. Endilikda bu zonada kemada yurish, langar tashlash, sho‘ng‘ish va baliq ovlash taqiqlangan.

Avvalroq Shvetsiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati shikastlangan «Shimoliy oqim» quvuridan gaz sizib chiqishi to‘xtagani haqida xabar bergan edi. Ayni paytda, «Shimoliy oqim-2» quvuri joylashgan hududda gaz suv yuzasiga ko‘tarilishda davom etmoqda, uning zarari unchalik katta emas, deya qo‘shimcha qildi qirg‘oq qo‘riqlash xizmati vakillari avariya joyini havodan kuzatganidan keyin.

Bir kun avval, 2 oktabr kuni Daniya energetika agentligi «Shimoliy oqim» quvuridan gaz sizib chiqishi to‘xtagani haqida xabar bergan edi. Undan ham bir kun avval Daniya rasmiylari «Shimoliy oqim-2» quvurida barqaror bosimga erishilgani va undan gaz sizib chiqishi to‘xtagani haqida ma’lumot taqdim etgan.

Ayni paytda, Shvetsiyaning Dagens Nyheter gazetasi yozishicha, Gyoteborg universiteti olimlari guruhi ham «Shimoliy oqim» quvurlaridan gaz sizib chiqishini o‘rganmoqda. Nashr iqtibos keltirgan dengiz biologi Tomas Dalgrenning so‘zlariga ko‘ra, sodir bo‘lgan voqea «Shvetsiya dengiz hududida kuzatilgan eng dahshatli ofatlardan biri» bo‘lishi mumkin.

«Shimoliy oqim»ning ikkita tarmog‘i va «Shimoliy oqim-2»ning bir tarmog‘ida gaz sizib chiqishi 26 sentabr kuni ma’lum bo‘ldi. Uch kundan keyin Shvetsiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati yana bir gaz sizib chiqish joyini aniqladi.

Shvetsiya va Daniyadagi seysmologik stansiyalar gaz sizib chiqqan hududda suv ostidagi portlashlarni qayd etgan. Birinchisi 26 sentabrga o‘tar kechasi, ikkinchisi o‘sha kuni kechqurun qayd etilgan. Ro‘y bergan voqea sabablari Germaniya, Daniya va Shvetsiyada o‘rganilmoqda.

Mavzuga oid
Top