O‘zbekiston | 17:22 / 05.10.2022
12163
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonni 70 yillik yubileyi bilan tabrikladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 oktabr kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari Tojikiston yetakchisini 70 yillik yubileyi bilan tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, Tojikiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Imomali Rahmonning zamonaviy Tojikistonni barpo etish va mamlakat xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida bugungi darajaga erishishdagi o‘rni qayd etildi.

Suhbat chog‘ida ilgari erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport va boshqa muhim yo‘nalishlardagi ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga xizmat qiladigan qo‘shma investitsiya fondi o‘z faoliyatini boshlagani qayd etildi.

Faol hududlararo muloqotlarni yanada kengaytirish, mamlakatlarda qo‘shma ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarini o‘tkazish muhim ekani ta’kidlandi.

Mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, bo‘lajak ko‘p tomonlama uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid