11:34 / 05.10.2022
3084

Vengriya O‘zbekistonni YeI bilan yangilangan hamkorlik bitimi imzolanishida qo‘llab-quvvatlaydi

O‘zbekiston va Vengriya TIV rahbarlari Budapeshtda ikki tomonlama kun tartibini muhokama qildi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto bugun Budapeshtda amaliy uchrashuv o‘tkazdi.

Vladimir Norov va Peter Siyyarto O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasidagi muzokaralar dasturi va kun tartibini atroflicha muhokama qildi, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar bugungi holati hamda hamkorlikni rivojlantirishni ko‘rib chiqdi.

Vazirlar Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarni muntazam ravishda davom ettirish, 2023 yilgacha bo‘lgan vazirliklararo hamkorlik dasturini sifatli mazmun bilan boyitish muhimligi to‘g‘risida kelishib oldi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi va Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi huzuridagi Tashqi aloqalar va savdo instituti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani aytildi.

Shuningdek, avtomobilsozlik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xo‘jaligi, turizm va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali iqtisodiy diplomatiyani faol rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Vazirlar parlamentlararo muloqotni faollashtirish, ta’lim sohasidagi aloqalarni, Stipendium Hungaricum dasturi asosida mustahkamlash bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi.

Vengriya tomoni O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangilangan bitimni tez fursatlarda imzolanishida qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.

Top