22:00 / 06.10.2022
32848

Janubda ham keskin qarshi hujum. Ukraina qo‘shinlari Xersonni qaytarib, Qrimgacha borishi mumkinmi?

Limanda Ukraina bayrog‘i. Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA

Ukraina armiyasi centyabrda boshlangan qarshi hujumni davom ettirmoqda va Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan yerlarini katta tezlik bilan ozod qilyapti. Faqatgina so‘nggi kunlarning o‘zida Ukraina qurolli kuchlari Xerson viloyatidagi o‘nlab aholi yashash manzillarini ozod qildi va rus qo‘shinlarini Xarkiv viloyatidan deyarli butunlay quvib chiqardi. Bir hafta ichida Rossiya armiyasi to‘rt ming kvadrat kilometr hududni boy berdi. «Meduza» nashri isroillik harbiy ekspert David Gendelman bilan frontdagi vaziyat qanday rivojlanishi mumkinligi haqida suhbatlashdi.

— Ukraina armiyasining hozirgi qarshi hujumi qanday davom etmoqda?

Ukraina armiyasi shimoli-sharqda ham, janubi-g‘arbda ham qarshi hujumga o‘tmoqda. Demak, yetarli miqdordagi strategik zaxiralar to‘plangan, zaxiralar esa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, aniqki katta ko‘lamli ishlar olib borilgan.

Hozirda shimoli-sharqiy yo‘nalishdagi (Xarkiv) barcha ukrain bo‘linmalari Oskol daryosining sharqiy sohilida birlashtirilmoqda. Bu Luhansk shimolidagi yirik shahar — Svatovoga hujum qilishga imkon yaratadi. Bu hududdagi g‘alaba Rossiyaning Luhansk viloyatidagi butun shimoli-sharqiy frontini parchalab tashlashi mumkin.

Shu bilan birga, biz Ukraina Xerson yo‘nalishida ham muvaffaqiyatga erishayotganini ko‘rmoqdamiz, bu yerga qo‘shimcha zaxiralar tashlangan. 4 oktyabr kuni biz rus armiyasining yana bir jiddiy chekinishiga guvoh bo‘ldik: Ukraina armiyasi sharqiy qanotdan Dnepr mudofaasini yorib o‘tdi, natijada rossiyaliklar qurshovga tushmaslik uchun markaziy sektordan chekinishga majbur bo‘ldi.

— Rossiya armiyasidagi muammolar va Ukraina qurolli kuchlarining bunday faol hujumlari orasida qanday bog‘liqlik bor?

Rossiya armiyasiga frontda askarlar yetishmayapti. Natijada ba’zi pozitsiyalar zaiflashdi va bu pozitsiyalar ukrain razvedkasi tomonidan aniqlandi. Ushbu hududlarda ukrainlarning katta kuchlari to‘plandi va muvaffaqiyatli hujum uyushtirdi, oqibatda qo‘shni hududlardagi rus qo‘shinlari ham qurshovga tushib qolmaslik uchun ortga chekindi.

Aynan, Ukraina g‘alabaga erishgan Balakliya-Izyum operatsiyasidan so‘ng Rossiyada nihoyat safarbarlik e’lon qilindi. Menimcha yuqoridagi operatsiyadan so‘ng harbiylar Putinga frontda tirik kuchlar yetishmayotganini aytgan.

Hozircha safarbarlik o‘z samarasini bergani yo‘q. Ko‘ramiz, safarbar qilinganlar ommaviy ravishda frontga olib kelina boshlaganda bu rus qo‘shiniga qanchalik yordam berarkan. Ammo bunga qadar front chizig‘i qayerda bo‘lishi va uni qayerda mustahkamlash kerak bo‘lishi noma’lum. Hozircha front chizig‘i Ukraina foydasiga oldinga siljishda davom etmoqda.

— Ukraina qurolli kuchlari Xersonni ozod qilishi qanchalik haqiqatga yaqin?

Bu Ukraina armiyasi u yerga qancha zaxira kuchlari tashlagani va ruslar ikkinchi mudofaa chizig‘ini qanchalik muvaffaqiyatli barpo qila olishiga bog‘liq. Hozircha bir nima deyish qiyin. Bir tomondan, biz allaqachon ukrain kuchlarining to‘liq muvaffaqiyat bilan oldinga siljishini ko‘rdik, biroq boshqa tomondan, Xersonni to‘liq qaytarib olish va ruslarning bu hududdagi guruhini yo‘q qilish uchun bu yerga qancha Ukraina kuchlari tashlangani va yana qancha yuborilishi mumkinligini bilmaymiz.

 — Hozirda Ukraina qo‘shinlari uchun ustuvor maqsad nima va o‘z muvaffaqiyatlarini mustahkamlash uchun ularga qaysi aholi punktlari kerak?

Birinchi navbatda – Xerson, shuningdek, frontning Luhansk viloyatidagi shimoliy-sharqiy sektori ham. Hozirda Ukraina armiyasida ikki asosiy zarba nuqtasi bor. Strategik va geografik jihatdan Xerson muhimroq. Lekin biz shimoli-sharqda ko‘proq kuchlar to‘planganini ko‘rmoqdamiz. Balkim, Rossiyaning Baxmut hududida siljishga urinishlarini to‘xtatish bo‘yicha harakatlar olib boriladi.

Har ikki yo‘nalishda ham g‘alabalarni mustahkamlash ideal variant bo‘lar edi, ammo bu Ukraina qurolli kuchlari yana qancha zaxiraga ega ekaniga bog‘liq.

— Agar Ukraina qurolli kuchlari hujumi hozirgi sur’atda davom ettirilsa, Rossiya tomonidan bosib olingan barcha hududlarni ozod qila olish qanchalik haqiqatga yaqin?

Har qanday hujum ertami-kechmi sustlashadi: qurbonlar beriladi, zaxiralar tugaydi. Bir necha kun faol oldinga ildamlanadi keyin, ehtimol, operativ tanaffus qilinadi va navbatdagi zarba uchun kuch to‘planadi. Agar ma’lum bir sektorda Rossiya mudofaasining qaysidir pozitsiyasi qulamasa, kelgusi hujum sur’ati so‘nggi ikki kundagidek keskin bo‘lishi dargumon. Ehtimoliy jihatdan bu yuz berishi mumkin, ammo buni oldindan rejalashtirish aqlli ish bo‘lmas edi.

Bu urush, boshqa narsalar qatorida shuni ham ko‘rsatdiki, har qanday uzoq muddatli prognozlar qilish – samarasiz ish. Shuning uchun bu vaziyatda qandaydir taxminni ilgari surish menimcha noto‘g‘ri.

«Agar ular uch kunda falon kilometr bosib o‘tgan bo‘lsa, qolgan kunlarda yana qancha masofaga siljiydi?» degan savol qo‘yish amalda ishlamaydi. Chunki shu kilometrlarni bosib o‘tish uchun qancha qon to‘kilgan, qancha o‘q-dori va materiallar sarflangan.

Shu sabab, Ukraina armiyasi bunday hujum darajasini uzoq ushlab tura olmaydi va ertami-kechmi to‘xtaydi. Eng asosiy savol esa: ular aynan qayerda to‘xtab qoladi?

Hozircha buni aytish mushkul va men keyingi bir kecha kunda voqealar qanday rivojlanishini taxmin qilmagan bo‘lardim.

— Agar Ukraina qo‘shini mamlakatning barcha qismini ozod qilishga erishsa, ular Qrimga ham boradi deb o‘ylaysizmi?

Nazariy jihatdan bu yuz berishi mumkin. Va ehtimol bu Overton oynasini ham ochib yuboradi. Agar oldin ko‘pchilik Qrimning Rossiyaga o‘tishini qandaydir keskin siyosiy o‘zgarish deb aytgan bo‘lsa, hozirda hatto Rossiya Federatsiyasi uchun ham allaqachon Xerson va Qrim o‘rtasida hech qanday farq mavjud emas.

Biroq harbiy rejalashtirish jihatdan bunga qadar yo‘ldagi ko‘plab hududlarni ozod qilish kerak. Qrim – hozirda Ukraina armiyasining yaqin kelajakdagi maqsadi emas.

Ukraina armiyasi qarshi hujumi ikki oydan keyin, Rossiyada safarbar qilinganlar jangga tayyor bo‘lganda to‘xtatib qolinishi mumkinmi?

— Safarbar qilinganlarning qanchadir qismi allaqachon frontga yuborilgan. Tarmoqlarda safarbar etilgan harbiy asirlar bilan video-intervyu paydo bo‘ldi, ammo internetdagi barcha roliklarga ham ishonib bo‘lmaydi.

Safarbar qilinganlarning birinchi to‘lqinidan foydalanishning eng samarali usuli mavjud bo‘linmalarni ular bilan to‘ldirishdir. Bizga ma’lumki, frontdagi rus armiyasining ko‘plab batalonlarida hozirda shaxsiy tarkibning yarmi yoki undan ham kamroq qismi qolgan. Bu usul orqali safarbar qilinganlar tajribali safdoshlaridan jangovar harakatlarni o‘rganishi mumkin.

Faqat safarbar qilinganlardan iborat yangi bo‘linmalar tuzish esa qismning sifat jihatidan yomonlashuviga olib keladi. Bundan tashqari, bunday bo‘linmalarni tuzish ko‘p vaqt talab qiladi. Chunki yangi qism tashkil qilish uchun individual tayyorgarlik, jangovar muvofiqlashtirish, dastlab vzvod, keyin rota va batalon darajasidagi tayyorgarlik, qo‘shimcha qo‘mondonlik xodimlari va moddiy ta’minot ajratish kabi vazifalarni bajarish lozim. Yuqoridagi omillar Rossiya oliy qo‘mondonligi safarbar qilinganlarni tezroq frontga tashlashni xohlasa ham buni tezda amalga oshira olmasligiga sabab bo‘ladi.

Ukraina qarshi hujumining davomiyligi ko‘proq ruslarga emas, balki Ukraina qo‘mondonligi qancha jangovar zaxiraga egaligiga va ularning qanchasini frontga tashlashga tayyor ekaniga bog‘liq. So‘nggi ikki kun davomida faol oldinga siljish kuzatildi. Qarshi hujum bu sur’atda uzoq davom etmasligi aniq, ammo kamida so‘nggi ilgarilash uchun kuch mavjud va biz Ukraina armiyasi yetarli zaxiraga ega ekani hamda ulardan juda samarali foydalanayotganini qayta-qayta ko‘rib turibmiz. 

Hozircha Svatovo va Xerson hududlarida front chizig‘i barqarorlashgani noaniq. Aftidan, ruslar ikkinchi mudofaa chizig‘ini barpo qilmoqda. Ko‘ramiz, yaqin kelajakda ular buning uddasidan chiqa olarmikan.

Har qanday holatda ham, Ukraina armiyasi, shubhasiz, ko‘p sonli rossiyalik safarbar qilinganlar frontga tashlanishidan oldin iloji boricha yanada oldinroqqa siljishga va o‘z muvaffaqiyatlarini mustahkamlashga harakat qiladi.

— Safarbarlikdan tashqari, Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlari hujumini sekinlashtirishi mumkin bo‘lgan yana qanday boshqa vositalar bor?

Shaxsiy tarkib yetishmovchiligi sharoitida rus armiyasi asosan dushmanning orqa tomoniga: infratuzilmalar yoki zaxiralarga zarba beruvchi qurollarga, masalan, raketa va samolyotlarga tayanadi. Bunga misol sifatida, Xarkiv yo‘nalishidagi qarshi hujumdan so‘ng ruslar darhol infratuzilma obektlariga, xususan, elektr stansiyalariga hujumlar uyushtirishni boshlaganini keltirish mumkin.

Hozir biz Eron dronlari yordamida xuddi shu uslubda turli obektlarga xuruj qilish to‘lqinini ko‘rmoqdamiz. Ammo har qanday holatda ham, agar shaxsiy tarkibda yetishmovchilik bo‘lsa, shubhasiz, qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yagona qurollar – artilleriya va aviatsiyadir. Eron dronlari ham bu borada yordam berishi mumkin, ammo ularda (ruslarda) hozir boshqa hech narsa yo‘q.

— Eron dronlari qanchalik xavfli?

Bu dronlar asosan front orqasiga zarba berishga mo‘ljallangan, biz buni ushbu dronlar orqali anchadan beri hech qanday hujumga uchramayotgan Kiyev viloyatidagi Belaya Tserkov shahriga berilgan tungi zarbalar misolida ko‘rdik. Bu zarba Ukraina qurolli kuchlarining 72-brigadasi joylashgan manzilga berildi.

Shuningdek, ular orqali Odessa va Mikolayiv shaharlariga muttasil hujumlar uyushtirilmoqda. Kuniga o‘nlab dronlar qo‘llanadi, ular qimmat qanotli raketalarning o‘rnini bosuvchi arzon qurollardir.

Umuman olganda, aynan shu sabab tufayli Rossiya Eronga murojaat qilgan – bu borada Erongina kerakli yordamni berishi mumkin edi. Va biz nisbatan arzon qurollar bilan ham yaxshi natijalarga erishish mumkinligini ko‘rmoqdamiz. Strategik jihatdan bu dronlar urushda burilish yasamaydi, lekin taktik jihatdan ular Ukraina qurolli kuchlari uchun shubhasiz yoqimsiz bo‘ladi.

— Kuz va qish fasli Ukraina qarshi hujumi tezligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Hozir Ukrainada yomg‘ir yog‘moqda va havo bulutli, bunday sharoitda dronlardan, umuman aviatsiyadan foydalanish biroz qiyinchilik tug‘diradi. Quruqlik qo‘shinlari ham yomg‘ir va loy sabab oldinga siljishni sekinlashtiradi, ammo ularning keyingi harakatlari yomg‘ir yana qancha davom etishiga bog‘liq.

Qish va qattiq sovuq kelganda harbiy jihatdan vaziyat yengillashadi, chunki loy natijasida botqoq bo‘lgan yo‘llardan ko‘ra muzlagan yo‘llarda harakat qilish osonroq. Bu jihatdan qish sovug‘i, ehtimol, hujum qilayotgan tomonga hatto yordam berishi ham mumkin.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top