Rossiya armiyasining Xarkiv oblastidagi yirik mag‘lubiyati Kreml strategiyasida tub o‘zgarishlarga olib keldi. RF qurolli kuchlarining Ukrainadagi guruhlariga mingdan ortiq kilometrga cho‘zilgan front chizig‘i bo‘ylab faol harakatlanish uchun anchadan buyon resurslar yetishmovchiligi kuzatilayotgandi, ammo Moskva muammoni eng aniq yo‘l — safarbarlik bilan hal etishdan bosh tortib kelayotgandi. Ukrainlarning muvaffaqiyatli qarshi hujumidan keyin RF qurolli kuchlari endi hatto passiv himoyalanishga ham qodir emasligi ko‘rinib qoldi. 21 sentabr kuni, yarim yilga kechikkan holda, Kreml «qisman safarbarlik» e’lon qildi. Putinning farmoni matnida noaniqliklar ko‘p, uning bandlaridan biri ochiqlanmagan (katta ehtimol bilan unda safarbar qilinuvchilar soni qayd etilgan). Bu esa safarbarlik Kreml uchun ayni vaqtda noqulay bo‘lib turgan urushdagi vaziyatni qanchalik o‘zgartirishi bo‘yicha aniq baho berishni qiyinlashtiradi. Ammo hozirdan bu vazifani uddalash qiyin bo‘lishini aytish mumkin.
Hozirda frontda nimalar bo‘lmoqda?
Rossiyaning Izyum-Kupyansk yo‘nalishidagi guruhi qurshovga tushib qolmaslik uchun tezlik bilan chekinishi Xarkivdan sharqdagi frontda 150 kilometr uzunlikda bo‘shliq yuzaga kelishiga olib keldi. Guruh chekinish vaqtida yuzlab zirhli texnika va artilleriya qurollarini (ma’lum qismi yakson etilgan va shikastlangan, katta qismi ukrainlarga o‘lja bo‘lgan) qoldirib ketdi. Natijada Izyumdan olib chiqilgan qo‘shin o‘zining jangovar qobiliyatini qisman yo‘qotdi. Aftidan, Rossiya qo‘mondonligi bu bo‘shliqni yopish uchun zaxira kuchlar topa olmadi.
Yakunda qarshi hujumga o‘tgan ukrainlarni Oskol va Shimoliy Don daryosi bo‘ylab yangi mudofaa chizig‘ida tutib turish rejasi ham barbod bo‘ldi. Ukraina qurolli kuchlari ikki daryoni ham bir necha nuqtadan kechib o‘tdi va Luhansk oblastiga yangi hujumni rivojlantirmoqda.
Rossiya qo‘mondonligi ukrain harbiylari Shimoliy Donni kechib o‘tishini qiyinlashtirish maqsadida Pechenejskiy suv omboridagi to‘g‘onni portlatib yuborishdi. Hozircha bu Ukraina qurolli kuchlari yurishini sekinlashtira olishi aniq emas.
Rossiyada nima uchun ukrainlar qarshi hujumini to‘xtatish uchun zaxira kuchlar topilmadi?
So‘nggi vaqtlarda Rossiya qo‘mondonligi tomonidan tayyorlangan zaxira kuchlari ukrainlarning janubdagi qarshi hujumlariga qarshi turish uchun Xerson oblastiga tashlangandi. Ukrainlar avgust oyi oxirida janubda manyovrlar amalga oshirgan, ammo hozircha sezilarli darajada ilgarilash kuzatilgani yo‘q.
















