Jahon | 21:40 / 07.10.2022
12653
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha bosh vaziri Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini YeI va Ukraina o‘rtasida taqsimlashni taklif qildi 

Polsha bosh vaziri Mateush Moravetski zarur xarajatlarni moliyalashtirishning «juda oson» manbasi borligini aytdi. U Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Yevropa Ittifoqi va Ukraina o‘rtasida taqsimlashni taklif qildi. 

Foto: Global Look Press

«Bu juda katta aktivlar, taxminan 350 milliard yevroni tashkil etadi. Va bugun ushbu mablag‘lardan Ukrainani tiklash uchun, shuningdek, Yevropa Ittifoqi aholisi, Polsha xalqi ehtiyojlari uchun foydalanish mumkin», dedi Moravetski Yevropa Ittifoqining norasmiy sammiti chog‘ida. 

«Ba’zi bosh vazirlar yangi jamg‘arma tashkil qilishni taklif etishdi. Ammo men bir manba haqida gapiryapman — qo‘lga kiritish juda oson bo‘lgan manba haqida. Ya’ni, Rossiya Federatsiyasining, rossiyalik oligarxlarning muzlatilgan aktivlari haqida», deb qo‘shimcha qildi Polsha hukumati rahbari. 

9 may kuni Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainani tiklash uchun foydalanishni taklif qilgan edi. 6 iyul kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen bunday chorani joriy etishning huquqiy asoslari ustida ish boshlanganini ma’lum qildi. 

Yevrokomissiya bu masalani ushbu aktivlar hibsga olingan mamlakatlar hal qilishini ta’kidladi. Shveytsariyada bu tashabbus insonning mulk huquqi buzilishi sifatida baholandi. 8 sentabr kuni Rossiya Markaziy banki aktivlari muzlatilishidan jabr ko‘rgan investorlar uchun kompensatsiya jamg‘armasini yaratish rejasini ma’lum qildi. 

Mavzuga oid