Jahon | 09:42 / 08.10.2022
10588
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya BMT Bosh assambleyasini Ukrainadagi annexiani qoralashga chaqirdi

Bosh assambleya Rossiyaga o‘zi qo‘shib olgan hududlar hamon Ukrainaga tegishli ekanligini ko‘rsatishi kerak, dedi Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari. Mamlakat suvereniteti shubha ostiga olinmaydi, dedi Annalena Berbok.

Foto: Picture Alliance

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok BMT Bosh assambleyasini Rossiyaning Ukraina hududlari annexiasi haqida e’lon qilganini qoralashga chaqirdi. Har bir ovoz BMTda «noqonuniy annexia» bo‘yicha rejalashtirilgan ovoz berishda hisobga olinadi, dedi u 7 oktyabr, juma kuni Berlinda pokistonlik hamkasbi Bilaval Bhutto Zardoriy bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida.

Berbokning so‘zlariga ko‘ra, rejalashtirilgan rezolyutsiya Rossiyaga bu mintaqalar hamon Ukrainaga tegishli ekanligini tushuntirib berishi kerak. Bu hujjat, shuningdek, hech kim hech qanday davlatning suverenitetini, ayniqsa zo‘ravonlik orqali shubha ostiga qo‘yishga haqli emasligini ta’kidlashi kerak, dedi u.

10 oktyabr kuni BMT Bosh assambleyasi navbatdan tashqari yig‘ilishida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaning sharqi va janubidagi to‘rtta oblastni – o‘zini «DXR» va «LXR» deb e’lon qilgan «respublikalarni», shuningdek, Zaporijjya va Xerson  oblastlarini RFga qo‘shib olish to‘g‘risidagi farmonini ko‘rib chiqadi. Ishtirokchilari BMTning 193 ta davlati bo‘lgan Bosh assambleya ovoz berishiga tegishli rezolyutsiya loyihasi kiritiladi.

Dunyoning ko‘plab davlatlari Rossiyaning Ukraina to‘rtta hududini qo‘shib olish haqidagi qarorini xalqaro huquqning buzilishi deb hisoblaydi. Shu bilan birga, Pokiston tashqi ishlar vaziri Zardoriy mamlakati Bosh assambleyada qanday ovoz berishi haqidagi savolni ochiq qoldirdi. Uning aytishicha, bu masala hali Pokistondagi hukmron koalitsiya hamkorlari tomonidan kelishib olinishi kerak.

Ukraina va Albaniya tashabbusi bilan BMT Bosh assambleyasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bir hafta oldin BMT Xavfsizlik kengashi Rossiya veto qo‘ygani sababli Ukraina to‘rtta oblastining Rossiyaga qo‘shib olinishini qoralovchi rezolyutsiyani qabul qila olmadi. RF Xavfsizlik kengashining 15 a’zosi ichida ushbu hujjatga qarshi ovoz bergan yagona davlat bo‘ldi. Kengashning 10 a’zosi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi, qolgan to‘rt nafari – Xitoy, Hindiston, Braziliya va Gabon betaraf qoldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid