Vladimir Putin e’lon qilgan safarbarlik rus oilalarida kelishmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Hozirda safarbar qilinganlarning qarindoshlari o‘z yaqinlarini ortga qaytarishga va ular bilan aloqani yo‘qotmaslikka harakat qilyapti. BBC nashri o‘zi urushga borishni xohlamagan, ammo ota-onasi bosimi ostida harbiy komissariatga borishga majbur bo‘lgan ikki rossiyalik haqida hikoya qiladi.

— Harbiy komissariatga bormasangiz 3 ming rubl jarima to‘laysiz. Agar u yerga borsangiz eng yaxshi holatda ruxlangan tobutda uyga qaytasiz.

— Mening otam sobiq harbiy. Uning aytishicha urushga borish kerak, bo‘lmasa ular (politsiya) meni qidirishdan to‘xtamaydi.

Moskvalik 30 yoshli Igor advokat bilan shunday suhbatlashgan (safarbar qilinganlarning ism-shariflari ularning xavfsizligi yuzasidan o‘zgartirilgan). Ota-onasi uni harbiy komissariatga borishga ko‘ndirgan. Igor hozirda Belgorodda, Ukraina bilan chegaradagi harbiy qism qismda.

Igorga yordam berishga uringan advokat Dmitriy Zaxvatov Igorning ota-onasi haqida fikr bildirib, shunday yozadi: «Bunday ajdodlar bilan hech qanday Putinga ehtiyoj yo‘q».

Kurskdagi boshqa bir mashg‘ulot markazida belgorodlik 24 yoshli Daniil ham bor. Uning otasi chechen urushida qatnashgan va u ham ota-onasi bosimi ostida harbiy komissariatga borgan. Har ikki yigitning onasi ularga chaqiruvdan bosh tortmaslikni maslahat bergan.

Safarbar qilingan bu yigitlarning barcha oila a’zolari ham ota-onalari fikriga qo‘shilmaydi. Igorning opasi qancha harakat qilsa-da, ukasiga yordam bera olmagan, Daniilning xotini esa erini uyga qaytarishga muvaffaq bo‘lgan.

«Otam asabiylashdi va bosim o‘tkaza boshladi»

Moskvalik Igor 29 sentabr kuni Belgorod shahridan turib, opasi Valentinaga «Joylashdik, ertadan mashg‘ulotlarga kirishamiz» deya xabar yozadi. U joylashuv va vaziyat haqida boshqalarga batafsil gapirib bermaslik haqida ogohlantirilgandi.

— Ovqatlantirishdi. Biz palatkalar shaharchasidamiz.

— Sovuq emasmi?

— Ozgina.

— Uxlash uchun matras bormi?